21-modda. Shirkat ishtirokchilarining uning majburiyatlari yuzasidan javobgarligi
Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida (308-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Shirkat ishtirokchilari shirkatning majburiyatlari yuzasidan oʻz mol-mulklari bilan solidar tarzda subsidiar javobgar boʻladilar.
Shirkat taʼsis etilganidan keyin ulushning oʻtkazilishi yoki huquqiy vorislik tartibida unga aʼzo boʻlib kirgan shirkat ishtirokchisi u shirkatga aʼzo boʻlib kirgunga qadar yuzaga kelgan majburiyatlar yuzasidan boshqa ishtirokchilar bilan teng ravishda javobgar boʻladi.
Shirkat taʼsis etilganidan keyin yangi ishtirokchini qabul qilish tartibida shirkatga aʼzo boʻlib kirgan shirkat ishtirokchisi u shirkatga aʼzo boʻlib kirgandan keyin yuzaga kelgan majburiyatlar boʻyichagina javobgar boʻladi.
Shirkatdan chiqib ketgan ishtirokchi shirkatning u chiqib ketgan paytga qadar yuzaga kelgan majburiyatlari yuzasidan, u shirkatdan chiqib ketgan yil uchun shirkatning faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlangan kundan eʼtiboran ikki yil mobaynida, qolgan ishtirokchilar bilan teng ravishda javobgar boʻladi.
Shirkat ishtirokchilarining ushbu moddada nazarda tutilgan javobgarlikni cheklash yoki bartaraf etish toʻgʻrisidagi kelishuvi haqiqiy emas.
