18-modda. Shirkatda boshqaruv
Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida (308-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Ishtirokchilarning umumiy yigʻilishi shirkatning oliy boshqaruv organi hisoblanadi. Shirkat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining vakolatlariga quyidagilar kiradi:
shirkat faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini belgilash;
shirkatni qayta tashkil etish va tugatish;
taʼsis shartnomasiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish;
shirkat foydasini (zararlarini) uning ishtirokchilari oʻrtasida taqsimlash toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
shirkat ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish va kamaytirish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
yillik hisobotlarni va yillik buxgalteriya balanslarini tasdiqlash;
shirkatning taʼsis shartnomasida nazarda tutilgan boshqa masalalarni hal qilish.
Shirkat faoliyatini boshqarish uning barcha ishtirokchilarining umumiy kelishuviga binoan amalga oshiriladi. Shirkatning taʼsis shartnomasida qaror ishtirokchilarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadigan hollar nazarda tutilishi mumkin.
Shirkatning har bir ishtirokchisi, agar taʼsis shartnomasida ishtirokchilar ovozining sonini aniqlashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan boʻlmasa, bir ovozga ega boʻladi.
Shirkatning har bir ishtirokchisi, u shirkatning ishlarini yuritishga vakolatli yoki vakolatli emasligidan qatʼi nazar, ishlarni yuritishga doir barcha hujjatlar bilan tanishishga haqlidir. Bunday huquqdan voz kechish yoki uni cheklab qoʻyish, shu jumladan shirkat ishtirokchilarining kelishuviga binoan cheklab qoʻyish haqiqiy emas.
Shirkatning joriy faoliyatini boshqarish maqsadida taʼsis shartnomasida shirkatning ijro etuvchi organini tuzish nazarda tutilishi mumkin. Ijro etuvchi organni tuzish va uning vakolatlari, uning aʼzolariga haq toʻlash tartibi shirkatning taʼsis shartnomasi hamda boshqa hujjatlari bilan belgilanadi.
