19-modda. Shirkatning ishlarini yuritish
Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida (308-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Agar taʼsis shartnomasida shirkat ishlari uning barcha ishtirokchilari tomonidan birgalikda yuritishi belgilab qoʻyilmagan yoxud ishlarni yuritish ayrim ishtirokchilarga topshirilmagan boʻlsa, shirkatning har bir ishtirokchisi shirkat nomidan ish yuritishga haqlidir.
Shirkat ishlari uning ishtirokchilari tomonidan birgalikda yuritilayotganda har bir bitimni amalga oshirish uchun shirkat barcha ishtirokchilarining roziligi talab qilinadi.
Agar shirkat ishlarini yuritish uning ishtirokchilari tomonidan ulardan biri yoki ayrimlariga topshirilsa, qolgan ishtirokchilar shirkat nomidan bitimlarni amalga oshirish uchun shirkat ishlarini yuritish zimmasiga yuklatilgan ishtirokchidan (ishtirokchilardan) ishonchnoma olishlari kerak.
Shirkat uchinchi shaxslar bilan munosabatlarda taʼsis shartnomasining shirkat ishtirokchilari vakolatlarini cheklab qoʻyuvchi qoidalariga havola qilishga haqli emas, uchinchi shaxs bitimni amalga oshirish paytida shirkat ishtirokchisining shirkat nomidan ish yuritishga haqqi yoʻqligini bilganligini yoki bilishi lozimligini shirkat isbotlab beradigan hollar bundan mustasno.
Shirkat ishlarini yuritish boʻyicha bir yoki bir necha ishtirokchiga berilgan vakolatlar asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, xususan vakolatli shaxs (shaxslar) oʻz vakolatlarini qoʻpol ravishda buzgan hollarda yoki uning (ularning) shirkat ishlarini yuritishga qobiliyatsizligi aniqlanganda, shirkatning bir yoki bir necha boshqa ishtirokchilarining talabiga binoan sud tomonidan toʻxtatilishi mumkin. Sudning qarori asosida shirkatning taʼsis shartnomasiga zarur oʻzgartishlar kiritiladi.
