17-modda. Undiruvni ishtirokchining shirkat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushiga qaratish
Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida (308-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Ishtirokchining oʻz qarzlari boʻyicha undiruvni uning shirkat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushiga qaratishga ishtirokchining boshqa mol-mulki qarzlarini qoplash uchun yetishmagan taqdirda faqat sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyiladi. Bunday ishtirokchining kreditorlari shirkat mol-mulkining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) qarzdorning ulushiga toʻgʻri keladigan qismini, undiruvni ana shu mol-mulkka qaratish maqsadida, ajratishni talab qilishga haqlidirlar. Shirkat mol-mulkning ajratilishi lozim boʻlgan qismi yoki uning qiymati kreditorlar tomonidan ajratish toʻgʻrisidagi talabnoma taqdim etilgan paytdagi holatga koʻra tuzilgan balans boʻyicha aniqlanadi.
Shirkat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ishtirokchining ulushiga toʻgʻri keladigan mol-mulkka undiruvni qaratish uning shirkatdagi ishtirokini tugatadi va ushbu Qonun 21-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqaradi.
