16-modda. Shirkat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushning (ulush bir qismining) shirkat tomonidan olinishi
Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida (308-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Shirkat oʻzining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushni (ulushning bir qismini) olishga haqli emas, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Shirkatning taʼsis shartnomasida shirkat ishtirokchisining ulushidan (ulushining bir qismidan) uchinchi shaxslar foydasiga voz kechish taqiqlangan, shirkatning boshqa ishtirokchilari uni olishdan voz kechgan taqdirda, shuningdek ulushdan (ulushning bir qismidan) shirkatning ishtirokchisi yoki uchinchi shaxs foydasiga voz kechishga rozilik berilmagan taqdirda, agar bunday rozilik olish zarurligi taʼsis shartnomasida nazarda tutilgan boʻlsa, shirkat ishtirokchisining talabiga binoan unga qarashli ulushni (ulushning bir qismini) shirkat olishga majburdir. Bunda shirkat shirkatning ishtirokchisiga bu ulushning (ulush bir qismining) shirkat ishtirokchisining shunday talab bilan murojaat etgan kundan oldingi hisobot davri uchun shirkatning buxgalteriya hisobotlari maʼlumotlari asosida aniqlanadigan haqiqiy qiymatini toʻlashga yoki shirkat ishtirokchisining roziligi bilan unga xuddi shunday qiymatdagi mol-mulkni berishga majburdir.
Ulush (ulushning bir qismi) shirkat ishtirokchisi uni shirkat olsin deb talab qoʻygan paytdan eʼtiboran shirkatga oʻtadi.
Shirkat ulushning (ulush bir qismining) haqiqiy qiymatini toʻlashga yoki, agar shirkatning taʼsis shartnomasida kamroq muddat nazarda tutilgan boʻlmasa, xuddi shunday qiymatdagi mol-mulkni ulush (ulushning bir qismi) shirkatga oʻtgan paytdan eʼtiboran bir yil ichida berishga majburdir.
Ulushning (ulush bir qismining) haqiqiy qiymati shirkat sof aktivlarining qiymati bilan shirkat ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori oʻrtasidagi farq hisobiga toʻlanadi. Agar bunday farq yetarli boʻlmasa, shirkat oʻz ustav fondini (ustav kapitalini) yetishmayotgan summaga kamaytirishi shart.
Shirkatga qarashli ulushlar shirkat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishidagi ovoz berish natijalarini aniqlashda, shuningdek shirkat tugatilgan taqdirda uning foydasi va mol-mulki taqsimlanayotganda hisobga olinmaydi.
Shirkatga qarashli ulush shirkatga oʻtgan kundan eʼtiboran bir yil ichida shirkat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining qaroriga binoan shirkatning barcha ishtirokchilari oʻrtasida ularning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlanishi yoxud shirkatning barcha yoki ayrim ishtirokchilariga va (yoki), agar bu shirkatning taʼsis shartnomasida taqiqlangan boʻlmasa, uchinchi shaxslarga sotilishi va haqi toʻliq toʻlanishi lozim. Ulushning taqsimlanmagan yoki sotilmagan qismining haqi shirkatning ustav fondi (ustav kapitali) tegishlicha kamaytirilgan holda toʻlanishi kerak. Ulushni shirkat ishtirokchilari ulushlari miqdorlari oʻzgaradigan tarzda jamiyat ishtirokchilariga sotish, ulushni uchinchi shaxslarga sotish, shuningdek ulushni sotish bilan bogʻliq oʻzgarishlarni shirkatning taʼsis shartnomasiga kiritish shirkat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining shirkatning barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan qaroriga binoan amalga oshiriladi.
