13-modda. Birjaning huquqlari va vazifalari
Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida (625-XII-son) · Sana: 02.07.1992 · Kuchini yo'qotgan
1. Birja ushbu Qonun va oʻz ustavi asosida birja savdo-sotigʻi qoidalarini qabul qilishga va bu qoidalarning birja savdo-sotigʻining barcha ishtirokchilari tomonidan ijro etilishini talab qilishga haqlidir.
Birja yuridik shaxs huquqiga ega boʻlgan shuʼba korxonalar, shuningdek birja infrastrukturasini shakllantiruvchi filiallar va boshqa alohida boʻlinmalar tashkil etishga haqlidir.
2. Birja:
birja savdo-sotigʻi oʻtkazish uchun sharoit yaratib berishi;
birja operatsiyalarini tartibga solib borishi;
tovarlarga boʻlgan talab va takliflar nisbati asosida narx-navoni aniqlashi;
birja aʼzolari va mijozlariga tashkiliy yoʻsindagi hamda boshqa xil xizmatlar koʻrsatishi;
muntazam ravishda (haftasiga kamida bir marta) narx-navo aniqlanishiga, indeksatsiyasi va oʻzgarishiga, savdo-sotiq vaqti, tovarlar, bitim hajmlari, kontraktlarning miqdorlariga va boshqa koʻrsatkichlariga doir axborotlarni, tovarlar bozorining ahvoli va uning rivojlanishi taxminlariga doir tahliliy sharhlarni eʼlon qilishi shart.
