97-modda. Jamiyatni oʻzgartirish
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyat qonunchilikda belgilangan talablarga rioya etilgan holda yuridik shaxsning boshqa tashkiliy-huquqiy shakli etib oʻzgartirilishga haqli.
Oʻzgartirilayotgan jamiyatning kuzatuv kengashi jamiyatni oʻzgartirish, oʻzgartirish tartibi va shartlari haqidagi masalalarni aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi hal qilishi uchun olib chiqadi.
Oʻzgartirilayotgan jamiyat aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi jamiyatni oʻzgartirish, oʻzgartirish tartibi va shartlari haqida qaror qabul qiladi. Jamiyatni oʻzgartirish natijasida tashkil etilayotgan yuridik shaxsning ishtirokchilari jamiyatning chiqib ketayotgan aksiyadorlari bilan hisob-kitoblar amalga oshirilganidan keyin taʼsis hujjatlarini tasdiqlaydi hamda qonunchilikka muvofiq yuridik shaxsning boshqaruv organlarini saylaydi (tayinlaydi).
Jamiyat oʻzgartirilganida uning barcha huquq va majburiyatlari saqlanib qoladi.
Qonunda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida faoliyatning ayrim turlarini faqat aksiyadorlik jamiyati shaklida amalga oshiruvchi tashkilotlarni tashkil etishga doir talablar belgilanishi mumkin.
