98-modda. Jamiyatni tugatish
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyatning tugatilishi huquq va majburiyatlarni huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxslarga oʻtkazmagan holda jamiyat faoliyatini tugatishga sabab boʻladi.
Jamiyat ixtiyoriy ravishda tugatilgan taqdirda, tugatilayotgan jamiyatning kuzatuv kengashi jamiyatni tugatish va tugatuvchini yoki tugatish komissiyasini (bundan buyon matnda tugatuvchi deb yuritiladi) tayinlash toʻgʻrisidagi masalani aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi hal qilishi uchun olib chiqadi.
Ixtiyoriy ravishda tugatilayotgan jamiyat aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi jamiyatni tugatish va tugatuvchini tayinlash haqida qaror qabul qiladi.
Jamiyat sudning qaroriga koʻra tugatilayotganda tugatuvchini tayinlash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Tugatuvchi tayinlangan paytdan eʼtiboran jamiyat ishlarini boshqarish boʻyicha barcha vakolatlar unga oʻtadi. Tugatuvchi tugatilayotgan jamiyat nomidan sudda ishtirok etadi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning qaroriga koʻra jamiyatni tugatish ushbu jamiyat moliya-xoʻjalik faoliyati amalga oshirilmaganligi sababli belgilangan tartibda harakatsiz rejimga oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran uch yil ichida uning faoliyati tiklanmagan taqdirda amalga oshiriladi. Bunda tugatuvchi tayinlanmaydi, bundan ushbu moddaning yettinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Davlat tugatilayotgan jamiyatning aksiyadori boʻlgan taqdirda, tugatish komissiyasi tayinlanadi va uning tarkibiga davlat mulkini tasarruf etishga vakolatli organning vakili kiritiladi.
