96-modda. Jamiyatni ajratib chiqarish
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Qayta tashkil etilayotgan jamiyatning faoliyatini tugatmagan holda, uning huquq va majburiyatlarining bir qismini oʻtkazgan holda bir yoki bir nechta yuridik shaxsni tashkil etish jamiyatni ajratib chiqarish deb eʼtirof etiladi.
Ajratib chiqarish shaklida qayta tashkil etilayotgan jamiyatning kuzatuv kengashi jamiyatni ajratib chiqarish shaklida qayta tashkil etish, ajratib chiqarish tartibi va shartlari, yangi yuridik shaxsni tashkil etish, jamiyatning aksiyalarini ajralib chiqayotgan yuridik shaxsning aksiyalariga va (yoki) ulushiga ayirboshlash imkoniyatlari hamda bunday ayirboshlash tartibi, taqsimlash balansini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masalalarni aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi hal qilishi uchun olib chiqadi.
Ajratib chiqarish shaklida qayta tashkil etilayotgan jamiyat aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi jamiyatni ajratib chiqarish shaklida qayta tashkil etish, ajratib chiqarish tartibi va shartlari, yangi yuridik shaxsni tashkil etish, jamiyatning aksiyalarini ajralib chiqayotgan yuridik shaxsning aksiyalariga va (yoki) ulushiga ayirboshlash imkoniyatlari hamda bunday ayirboshlash tartibi, taqsimlash balansini tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Jamiyat tarkibidan bir yoki bir nechta yuridik shaxs ajralib chiqqanda ajratib chiqarish shaklida qayta tashkil etilgan jamiyat huquq va majburiyatlarining bir qismi taqsimlash balansiga muvofiq ularning har biriga oʻtadi.
