95-modda. Jamiyatni boʻlish
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyat faoliyatini uning huquq va majburiyatlarini tashkil etilayotgan yuridik shaxslarga oʻtkazgan holda tugatish jamiyatni boʻlish deb eʼtirof etiladi.
Boʻlish shaklida qayta tashkil etilayotgan jamiyatning kuzatuv kengashi jamiyatni boʻlish shaklida qayta tashkil etish, bu qayta tashkil etishning tartibi va shartlari, yangi yuridik shaxslarni tashkil etish hamda qayta tashkil etilayotgan jamiyatning aksiyalarini tashkil etilayotgan yuridik shaxslarning aksiyalariga va (yoki) ulushiga ayirboshlash tartibi haqidagi masalalarni aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi hal qilishi uchun olib chiqadi.
Boʻlish shaklida qayta tashkil etilayotgan jamiyat aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi jamiyatni boʻlish shaklida qayta tashkil etish, bu qayta tashkil etishning tartibi va shartlari, yangi yuridik shaxslarni tashkil etish hamda qayta tashkil etilayotgan jamiyatning aksiyalarini tashkil etilayotgan yuridik shaxslarning aksiyalariga va (yoki) ulushiga ayirboshlash tartibi haqida qaror qabul qiladi. Yangidan tashkil etilayotgan har bir yuridik shaxs aksiyadorlarining (ishtirokchilarining) umumiy yigʻilishi uning ustavini tasdiqlash va kuzatuv kengashini saylash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Jamiyat boʻlinganda uning barcha huquq va majburiyatlari taqsimlash balansiga muvofiq tashkil etilayotgan ikki yoki bir nechta yuridik shaxsga oʻtadi.
