94-modda. Jamiyatni qoʻshib olish
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Bir yoki bir nechta yuridik shaxs faoliyatini tugatib, ularning huquq va majburiyatlarini boshqa yuridik shaxsga oʻtkazish jamiyatni qoʻshib olish deb eʼtirof etiladi.
Qoʻshib olinayotgan jamiyat va qoʻshib olayotgan yuridik shaxs qoʻshib olish toʻgʻrisida shartnoma tuzadi, unda qoʻshib olish tartibi va shartlari, shuningdek qoʻshib olinayotgan jamiyatning aksiyalarini (ulushlarini) qoʻshib olayotgan jamiyatning aksiyalari va (yoki) ulushiga ayirboshlash tartibi belgilab qoʻyiladi. Har bir yuridik shaxsning kuzatuv kengashi yoxud vakolatli organi qoʻshib olish shaklida qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi va qoʻshib olish shartnomasini tasdiqlash haqidagi masalani qoʻshib olishda ishtirok etayotgan oʻz jamiyati aksiyadorlarining (ishtirokchilarining) umumiy yigʻilishi hal qilishi uchun olib chiqadi. Qoʻshib olinayotgan jamiyatning kuzatuv kengashi yoxud vakolatli organi topshirish dalolatnomasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masalani ham jamiyatlar aksiyadorlarining (ishtirokchilarining) umumiy yigʻilishi hal qilishi uchun olib chiqadi.
Mazkur yuridik shaxslar aksiyadorlarining (ishtirokchilarining) qoʻshma umumiy yigʻilishi yuridik shaxsning ustaviga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Yuridik shaxslar aksiyadorlarining (ishtirokchilarining) qoʻshma umumiy yigʻilishida ovoz berish tartibi qoʻshib olish toʻgʻrisidagi shartnomada belgilanadi.
Bir yuridik shaxs boshqa yuridik shaxsga qoʻshib olinayotganda, qoʻshib olinayotgan yuridik shaxsning barcha huquq va majburiyatlari, ular topshirish dalolatnomalarida koʻrsatilganligidan yoki koʻrsatilmaganligidan qatʼi nazar, qoʻshib olayotgan yuridik shaxsga oʻtadi.
