93-modda. Jamiyatlarni qoʻshib yuborish
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Yangi yuridik shaxsning unga oʻz faoliyatini tugatgan ikki yoki bir nechta jamiyatning barcha huquqlari va majburiyatlarini oʻtkazish yoʻli bilan vujudga kelishi aksiyadorlik jamiyatlarining yoxud aksiyadorlik jamiyati va masʼuliyati cheklangan jamiyatning qoʻshib yuborilishi deb eʼtirof etiladi. Aksiyadorlik jamiyatini yuridik shaxslar bilan boshqa tashkiliy-huquqiy shaklda qoʻshib yuborishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qoʻshib yuborishda ishtirok etayotgan jamiyat qoʻshib yuborish haqida shartnoma tuzadi, unda qoʻshib yuborish tartibi va shartlari, shuningdek har bir jamiyat aksiyalarini (ulushlarini) yangi yuridik shaxsning aksiyalariga va (yoki) ulushlariga ayirboshlash tartibi belgilab qoʻyiladi. Har bir yuridik shaxsning kuzatuv kengashi yoki vakolatli organi qoʻshib yuborish shaklida qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi, qoʻshib yuborish shartnomasini tasdiqlash haqidagi va topshirish dalolatnomasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masalalarni qoʻshib yuborishda ishtirok etayotgan aksiyadorlarning (ishtirokchilarning) umumiy yigʻilishi hal qilishi uchun olib chiqadi.
Yangidan vujudga kelayotgan yuridik shaxsning ustavini tasdiqlash va kuzatuv kengashini saylash qoʻshib yuborishda ishtirok etayotgan jamiyatlar aksiyadorlarining (ishtirokchilarining) qoʻshma umumiy yigʻilishida amalga oshiriladi. Jamiyatlar aksiyadorlarining (ishtirokchilarining) qoʻshma umumiy yigʻilishida ovoz berish tartibi yuridik shaxslarni qoʻshib yuborish toʻgʻrisidagi shartnomada belgilab qoʻyiladi.
Yuridik shaxslar qoʻshib yuborilgan taqdirda, ularning har biriga tegishli barcha huquq va majburiyatlar, bu topshirish dalolatnomalarida koʻrsatilganligidan yoki koʻrsatilmaganligidan qatʼi nazar, yangidan yuzaga kelgan yuridik shaxsga oʻtadi.
