92-modda. Jamiyatni qayta tashkil etish
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyatni qayta tashkil etish aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qaroriga koʻra qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, boʻlish, ajratib chiqarish va oʻzgartirish shaklida amalga oshiriladi.
Qonunchilikda belgilangan hollarda yuridik shaxslarni qoʻshib yuborish, qoʻshib olish yoki oʻzgartirish shaklida qayta tashkil etish faqat vakolatli davlat organlarining roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Yangidan vujudga kelgan yuridik shaxslar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran jamiyat qayta tashkil etilgan deb hisoblanadi, bundan qoʻshib olish shaklida qayta tashkil etish mustasno.
Jamiyat boshqa yuridik shaxsga qoʻshib yuborish yoʻli bilan qayta tashkil etilganda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ qoʻshib yuborilgan yuridik shaxsning (jamiyatning) faoliyati tugatilganligi haqidagi yozuvni yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritgan paytdan eʼtiboran jamiyat qayta tashkil etilgan deb hisoblanadi.
Qayta tashkil etish natijasida yangidan vujudga kelgan yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda qayta tashkil etilgan yuridik shaxslarning faoliyati tugatilganligi toʻgʻrisidagi yozuvni kiritish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Qayta tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay jamiyat oʻz kreditorlarini bu haqda yozma shaklda xabardor etadi. Kreditor jamiyatdan majburiyatlarni tugatishni yoki muddatidan ilgari bajarishni hamda zararlarning oʻrnini qoplashni quyidagi muddatlarda yozma ravishda xabardor etish orqali talab qilishga haqli:
qoʻshib yuborish, qoʻshib olish yoki oʻzgartirish shaklida qayta tashkil etish haqidagi yozma bildirish jamiyat tomonidan kreditorga yuborilgan sanadan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay;
boʻlish yoki ajratib chiqarish shaklida qayta tashkil etish haqidagi yozma bildirish jamiyat tomonidan kreditorga yuborilgan sanadan eʼtiboran oltmish kundan kechiktirmay.
Agar taqsimlash balansi qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxsning huquqiy vorisini aniqlash imkonini bermasa, yangidan vujudga kelgan yuridik shaxslar qayta tashkil etilgan jamiyatning oʻz kreditorlari oldidagi majburiyatlari yuzasidan solidar javobgar boʻladi.
