91-modda. Affillangan shaxs bilan bitimlar tuzishdagi istisnolar
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Ushbu bobning qoidalari quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
bir vaqtning oʻzida jamiyat direktori boʻlgan bitta aksiyadordan tashkil topgan jamiyatlarga;
tuzilishidan jamiyatning barcha aksiyadorlari manfaatdor boʻlgan bitimlarga;
jamiyatning ishlab chiqarish va xoʻjalik ehtiyojlari uchun tuziladigan bitimlarga, agar qonunchilikka koʻra realizatsiya qilishning maxsus tartibi belgilanadigan monopol mahsulot, moddiy-texnika resurslarining strategik turlari bitim predmeti boʻlsa;
birja va kimoshdi savdolari orqali tuziladigan bitimlarga, agar jamiyatning ishlab chiqarish va xoʻjalik ehtiyojlari uchun foydalaniladigan xom ashyo va materiallar, shuningdek jamiyat tomonidan ishlab chiqariladigan tayyor mahsulot bitim predmeti boʻlsa;
jamiyat tomonidan joylashtirilayotgan qimmatli qogʻozlarni olishga doir imtiyozli huquqni amalga oshirishda;
jamiyat joylashtirilgan aksiyalarni olganda;
jamiyatni qayta tashkil etishga doir tartib-taomillarni amalga oshirishda;
aksiyalarni aksiyadorlar oʻrtasida joylashtirishda;
qimmatli qogʻozlarni tashkil etilgan qimmatli qogʻozlar savdolarida realizatsiya qilishda;
jamiyat va affillangan shaxs oʻrtasidagi bitimni (bitimlarni) maʼqullash haqida jamiyat kuzatuv kengashining yoki aksiyadorlar umumiy yigʻilishining ushbu bobda belgilangan tartibda oldindan qabul qilingan qarori mavjud boʻlganda.
