84-modda. Yirik bitim tuzish
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Balans qiymati yoki olish qiymati bitim tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilinayotgan sanada jamiyat sof aktivlari miqdorining oʻn besh foizidan ellik foizigachasini tashkil etuvchi mol-mulk xususida yirik bitim tuzish toʻgʻrisidagi qaror jamiyat kuzatuv kengashining aʼzolari tomonidan bir ovozdan qabul qilinadi, bunda kuzatuv kengashidan chiqib ketgan aʼzolarning ovozi inobatga olinmaydi.
Yirik bitim tuzish masalasi boʻyicha jamiyat kuzatuv kengashining yakdilligiga erishilmagan taqdirda yirik bitim tuzish toʻgʻrisidagi masala kuzatuv kengashining qaroriga koʻra aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi hal qilishi uchun olib chiqilishi mumkin.
Balans qiymati yoki olish qiymati bitim tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilinayotgan sanada jamiyat sof aktivlari miqdorining ellik foizidan ortigʻini tashkil etuvchi mol-mulk xususida yirik bitim tuzish toʻgʻrisidagi qaror aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan qabul qilinadi.
Yirik bitim jamiyat aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi yoki kuzatuv kengashi ushbu bitim boʻyicha qaror qabul qilganidan keyin jamiyatning ijroiya organi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda yirik bitim tuzish toʻgʻrisidagi qaror mol-mulkning qonunchilikka muvofiq baholovchi tashkilot tomonidan belgilangan bozor qiymati hisobga olingan, mustaqil tashqi auditorlik tashkiloti tomonidan bitimning shartlari oʻrganilgan holda majburiy tartibda qabul qilinadi.
Ushbu Qonun talablari buzilgan holda tuzilgan yirik bitim sud qaroriga koʻra haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
