85-modda. Jamiyatning affillangan shaxslari
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyat bitim tuzishidan manfaatdor shaxslar mazkur jamiyatga nisbatan affillangan shaxslar deb eʼtirof etiladi.
Quyidagilar jamiyatning affillangan shaxslari deb eʼtirof etiladi:
1) ushbu jamiyatning yigirma foiz va undan ortiq foiz aksiyalariga egalik qiluvchi yuridik shaxs;
2) ushbu jamiyatning yigirma foiz va undan ortiq foiz aksiyalariga yaqin qarindoshlari bilan birgalikda egalik qiluvchi jismoniy shaxs;
3) ushbu jamiyat kuzatuv kengashining aʼzosi, jamiyat direktorining yoxud jamiyat boshqaruvi aʼzosining vakolatlarini amalga oshirayotgan shaxs;
4) ushbu jamiyat qaysi yuridik shaxs ustav fondining (ustav kapitalining) yigirma foizi va undan ortiq foiziga egalik qilsa, oʻsha yuridik shaxs;
5) ushbu jamiyatning shuʼba xoʻjalik jamiyati boʻlgan yoki ushbu jamiyat qaysi jamiyatning shuʼba xoʻjalik jamiyati boʻlsa, oʻsha jamiyatning shuʼba xoʻjalik jamiyati boʻlgan yuridik shaxs;
6) ushbu jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) yigirma foizi va undan ortiq foiziga egalik qiluvchi ayni bir shaxs qaysi yuridik shaxs ustav fondining (ustav kapitalining) yigirma foizi va undan ortiq foiziga egalik qilsa, oʻsha yuridik shaxs;
7) ushbu jamiyat kuzatuv kengashining kamida uchdan bir qismini tashkil etuvchi ayni bir shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxs kuzatuv kengashining kamida uchdan bir qismini tashkil etsa, oʻsha yuridik shaxs;
8) ushbu jamiyatning direktori yoxud boshqaruv aʼzosi boʻlgan ayni bir shaxs yoki uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxs ijroiya organining rahbari vazifasini amalga oshirayotgan boʻlsa, oʻsha yuridik shaxs;
9) yaqin qarindoshlari bilan birgalikda ushbu jamiyat kuzatuv kengashining kamida uchdan bir qismini tashkil etuvchi shaxs qaysi yuridik shaxs rahbarining yoki ijroiya organi aʼzosining vazifasini amalga oshirayotgan boʻlsa, oʻsha yuridik shaxs;
10) ushbu jamiyat direktorining yoki boshqaruv aʼzosining vakolatlarini amalga oshirayotgan shaxs yaqin qarindoshlari bilan birgalikda qaysi yuridik shaxs jamiyat kuzatuv kengashining kamida uchdan bir qismini tashkil etsa, oʻsha yuridik shaxs;
