83-modda. Yirik bitim
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyat tomonidan mol-mulkni olish yoki uni boshqa shaxsga berish yoxud mol-mulkni boshqa shaxsga berish ehtimoli bilan bogʻliq bitim (shu jumladan qarz, kredit, garov, kafillik) yoki oʻzaro bogʻlangan bir nechta bitim, agar boshqa shaxsga berilayotgan mol-mulkning yoki olinayotgan mol-mulkning balans qiymati bunday bitimlarni tuzish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinayotgan sanada jamiyat sof aktivlari miqdorining oʻn besh foizidan ortigʻini tashkil etsa, yirik bitim deb hisoblanadi, kundalik xoʻjalik faoliyatini yuritish jarayonida tuziladigan bitimlar hamda aksiyalarni va boshqa qimmatli qogʻozlarni joylashtirish bilan bogʻliq boʻlgan bitimlar bundan mustasno.
Jamiyatning yirik bitimi predmeti boʻlgan mol-mulkning bozor qiymati deganda mol-mulkning eng ehtimol tutilgan narxi tushunilib, ushbu qiymat boʻyicha mazkur mol-mulk ochiq bozorda bitimning taraflari barcha zarur axborotga ega boʻlgan holda oʻz manfaatlari yoʻlida oqilona va ixtiyoriy ravishda harakat qiladigan raqobat sharoitida boshqa shaxsga berilishi mumkin, bitim narxining baland-pastligida esa biror-bir favqulodda holatlar, shu jumladan taraflardan birining ushbu bitimga qoʻshilish majburiyati aks etmaydi.
Jamiyat mol-mulkining bozor qiymatini aniqlash uchun bitimning taraflari tomonidan baholovchi tashkilot jalb etilishi mumkin.
