82-modda. Jamiyatning minoritar aksiyadorlari qoʻmitasi
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Minoritar aksiyadorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida jamiyatda ularning orasidan minoritar aksiyadorlarning qoʻmitasi tashkil etilishi mumkin.
Minoritar aksiyadorlar qoʻmitasining tarkibiga nomzodlar boʻyicha takliflar jamiyatga jamiyat kuzatuv kengashiga nomzodlar boʻyicha takliflar kiritish uchun nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda kiritiladi, bundan kuzatuv kengashining mustaqil aʼzoligiga nomzodlar koʻrsatish tartibi mustasno.
Minoritar aksiyadorlar qoʻmitasining aʼzolarini saylashda aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida hozir boʻlgan va jamiyat kuzatuv kengashiga nomzodlar koʻrsatmagan yoxud aksiyadorlarning oʻtkazilayotgan umumiy yigʻilishida kuzatuv kengashiga nomzodlari saylanmagan aksiyadorlar ishtirok etadi.
Minoritar aksiyadorlar qoʻmitasining tarkibiga jamiyatning direktori, boshqaruv aʼzolari, shuningdek jamiyatning kuzatuv kengashiga va taftish komissiyasiga (taftishchisi etib) saylangan shaxslar kirishi mumkin emas.
Minoritar aksiyadorlar qoʻmitasining vakolatiga quyidagilar kiradi:
aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi yoki jamiyatning kuzatuv kengashi koʻrib chiqishi uchun kiritilayotgan yirik bitimlar va affillangan shaxslar bilan bitimlar tuzishga oid masalalar boʻyicha takliflar tayyorlashda ishtirok etish;
minoritar aksiyadorlarning oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bilan bogʻliq murojaatlarini koʻrib chiqish;
qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organiga minoritar aksiyadorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish toʻgʻrisida murojaatlar kiritish;
qonunchilikka va jamiyat ustaviga muvofiq boshqa masalalarni koʻrib chiqish.
Minoritar aksiyadorlar qoʻmitasining qarorlari oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Minoritar aksiyadorlar qoʻmitasining majlislari uning miqdor tarkibiga saylangan shaxslarning kamida toʻrtdan uch qismi hozir boʻlganda vakolatlidir.
Minoritar aksiyadorlar qoʻmitasi aʼzolarining soni jamiyat ustavida belgilanadi.
Minoritar aksiyadorlarning qoʻmitasi qabul qilingan qarorlar toʻgʻrisida har yili aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida hisobot beradi.
