81-modda. Jamiyat kuzatuv kengashi aʼzolarining, jamiyat direktorining, boshqaruv aʼzolarining, ishonchli boshqaruvchining javobgarligi
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyat kuzatuv kengashining aʼzolari, jamiyat direktori va boshqaruvi aʼzolari, shuningdek ishonchli boshqaruvchi oʻz huquqlarini amalga oshirishda va oʻz majburiyatlarini bajarishda jamiyatning manfaatlarini koʻzlab ish tutishi hamda belgilangan tartibda javobgar boʻlishi lozim.
Agar ushbu modda qoidalariga muvofiq bir nechta shaxs javobgar boʻlsa, ularning jamiyat oldidagi javobgarligi solidar javobgarlik boʻladi.
Jamiyatga zarar yetkazilishiga sabab boʻlgan qarorga ovoz berishda ishtirok etmagan yoki ushbu qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat kuzatuv kengashi aʼzolari, boshqaruv aʼzolari javobgar boʻlmaydi bundan ushbu Qonunning 90-moddasida belgilangan hollar mustasno.
Jamiyat yoki u joylashtirgan aksiyalarning hammasi boʻlib kamida bir foiziga egalik qiluvchi aksiyador (aksiyadorlar) jamiyatga yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi daʼvo bilan jamiyatning kuzatuv kengashi aʼzosi, direktori yoki boshqaruv aʼzosi, shuningdek ishonchli boshqaruvchi ustidan sudga murojaat qilishga haqli.
Sud jamiyatning kuzatuv kengashi aʼzosini, boshqaruv direktorini yoki aʼzosini, shuningdek ishonchli boshqaruvchini jamiyatga mulkiy zarar yetkazganlikda aybdor deb topgan taqdirda, sud qaroriga koʻra ularning vakolatlari xoʻjalik jamiyatlarida rahbarlik lavozimini egallash taqiqlangan holda kamida bir yil muddatga tugatilishi mumkin.
Jamiyatning kuzatuv kengashi aʼzosi, boshqaruv direktori yoki aʼzosi, shuningdek ishonchli boshqaruvchi quyidagilar natijasida jamiyatga yetkazilgan zarar uchun javobgar boʻladi:
chalgʻituvchi axborot yoki bila turib yolgʻon axborot taqdim etganlik;
ushbu Qonunda belgilangan axborot taqdim etish tartibini buzganlik;
jamiyatga zarar yetkazilishiga sabab boʻlgan yirik bitimlarni va (yoki) amalga oshirilishidan manfaatdorlik mavjud boʻlgan bitimlarni tuzishni taklif etganlik, shu jumladan jamiyat bilan bunday bitimlar tuzilishi natijasida oʻzlari yoki oʻz affillangan shaxslari tomonidan foyda (daromad) olish maqsadida bitimlar tuzishni taklif etganlik;
