7-modda. Jamiyatning filiallari va vakolatxonalari
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyat filiallar tashkil etishga va vakolatxonalar ochishga haqli.
Filial jamiyatning jamiyat joylashgan yerdan tashqarida joylashgan hamda uning barcha vazifalarini yoki ularning bir qismini, shu jumladan vakolatxonaning vazifalarini amalga oshiradigan alohida boʻlinmasidir.
Vakolatxona jamiyatning jamiyat joylashgan yerdan tashqarida joylashgan, uning manfaatlarini ifodalaydigan va bu manfaatlarni himoya qilishni amalga oshiradigan alohida boʻlinmasidir.
Jamiyatning filiali va vakolatxonasi yuridik shaxs boʻlmaydi. Ular jamiyatning kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlangan nizom asosida ish yuritadi. Jamiyatning filialga va vakolatxonaga berib qoʻyilgan mol-mulki jamiyatning balansida hisobga olinadi.
Filialning yoki vakolatxonaning rahbari jamiyat tomonidan tayinlanadi va jamiyat tomonidan berilgan ishonchnoma asosida ish yuritadi.
Filial hamda vakolatxona faoliyati uchun javobgarlik ularni tashkil etgan va ochgan jamiyat zimmasida boʻladi.
Jamiyat tomonidan Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida filiallar tashkil etish va vakolatxonalar ochish, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, filiallar va vakolatxonalar joylashgan yerdagi mamlakatning qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
