6-modda. Aksiyadordan aksiyalarni olishga boʻlgan imtiyozli huquq
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Agar aksiyadorlarning soni ellik nafardan oshmasa, jamiyat ustavida:
ushbu jamiyatning boshqa aksiyadorlari tomonidan sotilayotgan aksiyalarni uchinchi shaxsga taklif etilayotgan narx boʻyicha va shartlar asosida, aksiyadorlarning har biriga tegishli aksiyalarning soniga mutanosib ravishda olish yuzasidan aksiyadorlar uchun;
agar ushbu jamiyatning boshqa aksiyadorlari oʻz imtiyozli huquqlaridan foydalanmagan boʻlsa, jamiyatning aksiyadorlari sotayotgan aksiyalarni olish yuzasidan jamiyat uchun imtiyozli huquq nazarda tutilishi mumkin.
Oʻz aksiyalarini sotayotgan aksiyador aksiyalarini sotish niyati toʻgʻrisida boshqa aksiyadorlarni aksiyalarning narxini va uchinchi shaxsga taklif etish shartlarini koʻrsatgan holda toʻgʻridan-toʻgʻri yoxud jamiyat orqali yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Aksiyadorlar sotayotgan aksiyalarni olishga doir imtiyozli huquqni amalga oshirish tartibi va muddatlari jamiyat ustavida belgilanadi, bunda imtiyozli huquqdan foydalanish muddati aksiyalar sotuvga qoʻyilgan paytdan eʼtiboran oʻn kundan kam va oʻttiz kundan koʻp boʻlishi mumkin emas.
Aksiyador tomonidan oʻziga tegishli aksiyalar imtiyozli huquq buzilgan holda sotilgan taqdirda, jamiyatning istalgan aksiyadori va (yoki) jamiyat bunday qoidabuzarlik toʻgʻrisida aksiyador yoki jamiyat bilgan yoxud bilishi lozim boʻlgan paytdan eʼtiboran uch oy ichida oʻziga sotib oluvchining huquq va majburiyatlari oʻtkazilishini sud tartibida talab qilish huquqiga ega.
Aksiyalarni olishga boʻlgan ushbu imtiyozli huquqdan boshqa shaxs foydasiga voz kechishga yoʻl qoʻyilmaydi.
