5-modda. Jamiyat tomonidan chiqarilayotgan aksiyalarga obuna oʻtkazish
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyat oʻzi chiqarayotgan aksiyalarga ularni ommaviy joylashtirish yoʻli bilan qonunchilik talablarini hisobga olgan holda ochiq obuna oʻtkazishga haqli. Bunda jamiyat xodimlari jamiyat tomonidan joriy qilinadigan aksiyalar birlamchi ommaviy joylashtirilganda xodimlarning aksiyalarga egalik qilish rejasi doirasida aksiyalarni sotib olishda imtiyozli huquqqa ega.
Jamiyat oʻzi chiqarayotgan aksiyalarga ularni xususiy joylashtirish yoʻli bilan yopiq obuna oʻtkazishga haqli, yopiq obuna oʻtkazish imkoniyati qonunchilikda va jamiyat ustavida cheklab qoʻyilgan hollar bundan mustasno.
Aksiyadorlar oʻzlariga tegishli aksiyalarni boshqa aksiyadorlarning va jamiyatning roziligisiz oʻzga shaxsga berishga haqli, ushbu Qonunning 6-moddasida belgilangan hol bundan mustasno.
