4-modda. Jamiyatning javobgarligi
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyat oʻz majburiyatlari yuzasidan oʻziga tegishli barcha mol-mulk bilan javobgar boʻladi.
Aksiyadorlar jamiyatning majburiyatlari yuzasidan javobgar boʻlmaydi va uning faoliyati bilan bogʻliq zararlarning oʻrnini oʻzlariga tegishli aksiyalar qiymati doirasida qoplash tavakkalchiligini oʻz zimmasiga oladi.
Aksiyalarning haqini toʻliq toʻlamagan aksiyadorlar jamiyatning majburiyatlari yuzasidan oʻzlariga tegishli aksiyalar qiymatining toʻlanmagan qismi doirasida solidar javobgar boʻladi.
Jamiyat oʻz aksiyadorlarining majburiyatlari yuzasidan javobgar boʻlmaydi.
Agar jamiyatning toʻlovga qobiliyatsizligi jamiyat uchun majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berish huquqiga ega boʻlgan aksiyador sifatida ish yuritayotgan shaxsning gʻayriqonuniy harakatlari tufayli yuzaga kelgan boʻlsa, jamiyatning mol-mulki yetarli boʻlmagan taqdirda, mazkur aksiyadorning zimmasiga jamiyatning majburiyatlari boʻyicha subsidiar javobgarlik yuklatilishi mumkin. Aksiyador majburiy koʻrsatmalar berish huquqiga jamiyat ustavida bu huquq nazarda tutilgan taqdirdagina ega boʻladi.
Jamiyat uchun majburiy koʻrsatmalar berish huquqiga ega boʻlgan aksiyador jamiyat muayyan harakatni amalga oshirishi oqibatida toʻlovga qobiliyatsiz boʻlishini oldindan bila turib, ushbu huquqidan jamiyat tomonidan shunday harakat amalga oshirilishi uchun foydalangan taqdirdagina jamiyatning toʻlovga qobiliyatsizligi aksiyadorning harakatlari tufayli yuzaga kelgan deb hisoblanadi.
Davlat va uning organlari jamiyatning majburiyatlari yuzasidan javobgar boʻlmaydi, xuddi shuningdek jamiyat ham davlat va uning organlarining majburiyatlari yuzasidan javobgar boʻlmaydi.
