8-modda. Shuʼba va tobe xoʻjalik jamiyatlari
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyat aksiyadorlik jamiyati yoki masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi shuʼba va tobe xoʻjalik jamiyatlariga ega boʻlishi mumkin.
Shuʼba xoʻjalik jamiyati oʻz mulkida oʻz asosiy jamiyatining ovoz beruvchi aksiyalariga ega boʻlishga haqli emas. Ushbu qismda belgilangan taqiq kuchga kirguniga qadar oʻz asosiy jamiyatining ovoz beruvchi aksiyalarini olgan shuʼba xoʻjalik jamiyati asosiy jamiyat aksiyadorlarining umumiy yigʻilishida ovoz berishga haqli emas.
Tobe xoʻjalik jamiyati oʻz mulkida jamiyatning ovoz beruvchi aksiyalariga ega boʻlishga haqli emas. Ushbu qismda belgilangan taqiq kuchga kirguniga qadar jamiyatning ovoz beruvchi aksiyalarini olgan tobe xoʻjalik jamiyati jamiyat aksiyadorlarining umumiy yigʻilishida ovoz berishga haqli emas.
Shuʼba xoʻjalik jamiyati oʻzining asosiy jamiyati majburiyatlari yuzasidan javobgar boʻlmaydi.
Shuʼba xoʻjalik jamiyatiga majburiy koʻrsatmalar berish huquqiga ega boʻlgan asosiy jamiyat bunday koʻrsatmalarni bajarish uchun shuʼba xoʻjalik jamiyati tomonidan tuzilgan bitimlar yuzasidan shuʼba xoʻjalik jamiyati bilan solidar javobgar boʻladi. Asosiy jamiyatning shuʼba xoʻjalik jamiyatiga majburiy koʻrsatmalar berish huquqi faqat shuʼba xoʻjalik jamiyati bilan tuzilgan shartnomada yoki shuʼba xoʻjalik jamiyatining ustavida nazarda tutilgan taqdirda asosiy jamiyat bunday huquqqa ega deb hisoblanadi.
Shuʼba xoʻjalik jamiyati asosiy jamiyatning aybi bilan bankrot boʻlgan taqdirda asosiy jamiyat shuʼba xoʻjalik jamiyatining majburiyatlari yuzasidan subsidiar javobgar boʻladi.
Asosiy jamiyat shuʼba xoʻjalik jamiyati tomonidan muayyan harakatlar amalga oshirilishi oqibatida uning bankrot boʻlib qolishini oldindan bila turib, shunday harakatlarni amalga oshirishi uchun shuʼba xoʻjalik jamiyatiga majburiy koʻrsatma bergan va (yoki) shuʼba xoʻjalik jamiyatining imkoniyatidan foydalangan hollardagina shuʼba xoʻjalik jamiyatining bankrotligi asosiy jamiyatning aybi bilan yuz bergan deb hisoblanadi.
Shuʼba xoʻjalik jamiyatining aksiyadorlari (ishtirokchilari) asosiy jamiyatdan uning aybi bilan shuʼba xoʻjalik jamiyatiga yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishini talab qilishga haqli. Asosiy jamiyat shuʼba xoʻjalik jamiyati tomonidan muayyan harakatlar amalga oshirilishi oqibatida uning zarar koʻrishini oldindan bila turib, oʻz huquqlari va (yoki) imkoniyatidan shuʼba xoʻjalik jamiyatining shunday harakatlarni amalga oshirishi maqsadida foydalangan holdagina zarar asosiy jamiyatning aybi bilan yetkazilgan deb hisoblanadi.
