67-modda. Aksiyadorlarning aksiyadorlar umumiy yigʻilishida ishtirok etish tartibi
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida ishtirok etish huquqi aksiyador tomonidan shaxsan yoki uning vakili orqali amalga oshiriladi.
Aksiyador aksiyadorlarning umumiy yigʻilishidagi oʻz vakilini istalgan vaqtda almashtirishga yoki yigʻilishda shaxsan oʻzi ishtirok etishga haqlidir.
Aksiyadorning vakili aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida yozma shaklda tuzilgan ishonchnoma asosida ish yuritadi. Ovoz berishga doir ishonchnomada vakolat bergan va vakil qilingan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (ismi-sharifi yoki nomi, yashash joyi yoki joylashgan yeri, pasportiga yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasiga oid maʼlumotlar) boʻlishi lozim. Jismoniy shaxs nomidan berilgan ovoz berishga doir ishonchnoma notarial tartibda tasdiqlangan boʻlishi kerak. Yuridik shaxs nomidan ovoz berishga doir ishonchnoma uning rahbarining imzosi va ushbu yuridik shaxsning muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlangan holda beriladi.
Agar jamiyatning aksiyasi bir nechta shaxsning umumiy ulushli mulkida boʻlsa, aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida ovoz berish vakolatlari ularning xohishiga koʻra umumiy ulushli mulk ishtirokchilaridan biri yoki ularning umumiy vakili tomonidan amalga oshiriladi. Koʻrsatib oʻtilgan har bir shaxsning vakolatlari tegishli tarzda rasmiylashtirilgan boʻlishi kerak.
