68-modda. Aksiyadorlar umumiy yigʻilishining kvorumi
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Agar aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtkazish tugallangan paytda jamiyatning joylashtirilgan ovoz beruvchi aksiyalarining jami ellik foizidan koʻproq ovoziga ega boʻlgan aksiyadorlar (ularning vakillari) roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa, aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi vakolatli (kvorumga ega) boʻladi.
Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishini oʻtkazish uchun kvorum boʻlmasa, aksiyadorlarning takroriy umumiy yigʻilishini oʻtkazish sanasi eʼlon qilinadi. Aksiyadorlarning takroriy umumiy yigʻilishini oʻtkazishda kun tartibini oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Agar aksiyadorlarning oʻtkazilmay qolgan yigʻilishi oʻrniga chaqirilgan takroriy umumiy yigʻilishida ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtkazish tugallangan paytda jamiyatning joylashtirilgan ovoz beruvchi aksiyalarining jami qirq foizidan koʻproq ovoziga ega boʻlgan aksiyadorlar (ularning vakillari) roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa, aksiyadorlarning takroriy umumiy yigʻilishi vakolatli boʻladi.
Aksiyadorlarning takroriy umumiy yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisida xabar qilish ushbu Qonunning 62-moddasida nazarda tutilgan muddatlarda va shaklda amalga oshiriladi.
Kvorum boʻlmaganligi sababli aksiyadorlarning umumiy yigʻilishini oʻtkazish sanasi yigirma kundan kam muddatga koʻchirilgan taqdirda, umumiy yigʻilishda ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan aksiyadorlar oʻtkazilmay qolgan umumiy yigʻilishda ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan aksiyadorlarning reyestriga muvofiq aniqlanadi.
