66-modda. Sanoq komissiyasi
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Ovozlarni sanab chiqish, aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida ishtirok etishi uchun aksiyadorlarni roʻyxatga olish, shuningdek ovoz berish byulletenlarini tarqatish uchun jamiyat kuzatuv kengashi tomonidan sanoq komissiyasi tuzilib, uning aʼzolari soni va shaxsiy tarkibi aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan tasdiqlanadi.
Sanoq komissiyasining tarkibi kamida uch kishidan iborat boʻlishi kerak. Sanoq komissiyasi tarkibiga jamiyat kuzatuv kengashining aʼzolari, taftish komissiyasining aʼzolari (taftishchisi), jamiyat direktori, jamiyat boshqaruvi aʼzolari, ishonchli boshqaruvchi, shuningdek ana shu lavozimlarga nomzodi koʻrsatilgan shaxslar kirishi mumkin emas.
Sanoq komissiyasi aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida kvorum bor yoki yoʻqligini aniqlaydi, umumiy yigʻilishda ovoz berish huquqlarining aksiyadorlar (ularning vakillari) tomonidan amalga oshirilishi munosabati bilan yuzaga keladigan masalalarni tushuntiradi, ovozga qoʻyiladigan masalalar boʻyicha ovoz berish tartibini tushuntiradi, ovoz berishning belgilangan tartibi va aksiyadorlarning ovoz berishda ishtirok etish huquqlarini taʼminlaydi, ovozlarni sanab chiqadi va ovoz berish yakunlarini chiqaradi, ovoz berish yakunlari toʻgʻrisida bayonnoma tuzadi, ovoz berish byulletenlarini jamiyatning idoraviy arxiviga topshiradi.
