36-modda. Imtiyozli huquqni amalga oshirish tartibi
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyat aksiyalarning yoki aksiyalarga ayirboshlanadigan emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning chiqarilishi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanadan eʼtiboran oʻn kun ichida ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish orqali oʻzining imtiyozli huquqqa ega boʻlgan aksiyadorlariga aksiyalarni yoki aksiyalarga ayirboshlanadigan emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni mazkur aksiyadorlarda mavjud boʻlgan aksiyalar soniga mutanosib ravishda teng shartlarda, qimmatli qogʻozlarni chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan jamiyatning boshqaruv organi tomonidan belgilangan joylashtirish narxi boʻyicha olishni taklif etishi shart.
Bildirish matnida joylashtirilayotgan aksiyalarning va aksiyalarga ayirboshlanadigan emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning soni, ularni joylashtirish narxi, har bir aksiyador olishga haqli boʻlgan aksiyalarning va aksiyalarga ayirboshlanadigan emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning sonini aniqlash tartibi, aksiyadorlarning bu huquqi amal qiladigan muddat va uni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻlishi lozim.
Imtiyozli huquqning amal qilish muddati bildirish eʼlon qilingan paytdan eʼtiboran oʻn kundan kam va oʻttiz kundan koʻp boʻlishi mumkin emas.
Imtiyozli huquqqa ega boʻlgan aksiyador aksiyalarni va aksiyalarga ayirboshlanadigan emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni olishi toʻgʻrisida oʻzining ismi-sharifi (nomi) va yashash joyi (joylashgan yeri), oʻzi oladigan emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning soni koʻrsatilgan yozma shakldagi arizani va haq toʻlaganlik toʻgʻrisidagi hujjatni jamiyatga yuborish orqali oʻz imtiyozli huquqini toʻliq yoki qisman amalga oshirishga haqli. Bunday ariza mazkur imtiyozli huquqning amal qilish muddati ichida jamiyatga taqdim etilishi kerak.
Imtiyozli huquqning amal qilish muddati, agar bu muddat oʻtguniga qadar jamiyatning barcha aksiyadorlaridan imtiyozli huquqdan foydalanish toʻgʻrisida yoki undan foydalanishdan voz kechish haqida yozma ravishda arizalar olingan boʻlsa, tugaydi.
Jamiyat imtiyozli huquqning amal qilish muddati tugaguniga qadar aksiyalarni va aksiyalarga ayirboshlanadigan emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni ularni olish boʻyicha imtiyozli huquqqa ega boʻlmagan shaxslarga joylashtirishga haqli emas.
