35-modda. Aksiyalarni va aksiyalarga ayirboshlanadigan emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni joylashtirishda aksiyadorlarning huquqlarini taʼminlash
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyat tomonidan aksiyalarni va aksiyalarga ayirboshlanadigan, haqi pul mablagʻlari bilan toʻlanadigan emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni joylashtirishda ovoz beruvchi aksiyalarning egalari boʻlgan aksiyadorlar ularni imtiyozli ravishda olish huquqiga ega. Aksiyador, shu jumladan aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida qarshi ovoz bergan yoxud unda ishtirok etmagan aksiyador aksiyalarni va aksiyalarga ayirboshlanadigan emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni oʻziga tegishli shu turdagi aksiyalar miqdoriga mutanosib miqdorda imtiyozli olish huquqiga (bundan buyon matnda imtiyozli huquq deb yuritiladi) ega.
Imtiyozli huquqqa ega boʻlgan shaxslarning roʻyxati qimmatli qogʻozlarni chiqarish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan sanadagi jamiyat aksiyadorlari reyestrining maʼlumotlari asosida tuziladi.
Imtiyozli huquq amalga oshirilgan taqdirda, aksiyadorlar aksiyalarning va aksiyalarga ayirboshlanadigan emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning faqat butun miqdorini olishi mumkin.
