34-modda. Aksiyalarni va boshqa qimmatli qogʻozlarni joylashtirish narxi
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyatni taʼsis etishda uning aksiyalari haqini toʻlash jamiyat muassislari tomonidan aksiyalarning nominal qiymati boʻyicha amalga oshiriladi.
Aksiyalarni joylashtirish, shu jumladan aksiyadorlar oʻrtasida joylashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishda aksiyalarni joylashtirish (tashkil etilgan qimmatli qogʻozlar savdolariga chiqarish) narxi jamiyat aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi yoki kuzatuv kengashi tomonidan, agar jamiyat ustaviga yoki aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi qaroriga muvofiq kuzatuv kengashiga bunday vakolat berilgan boʻlsa, qimmatli qogʻozlar savdosi tashkilotchilarining savdo maydonchalarida vujudga kelayotgan narxlar konyunkturasidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Jamiyatning qoʻshimcha aksiyalari va boshqa qimmatli qogʻozlarini joylashtirish chogʻida ularga haq toʻlash ularni chiqarish toʻgʻrisidagi qarorda belgilanganidan kam boʻlmagan narx boʻyicha amalga oshiriladi.
Jamiyatning ustav fondi (ustav kapitali) koʻpaytirilayotganda jamiyatning qoʻshimcha aksiyalariga uning oʻz kapitali hisobidan, shuningdek haqini qoʻshimcha aksiyalar bilan toʻlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan dividendlar hisobidan haq toʻlangan taqdirda, bunday aksiyalarni joylashtirish jamiyat aksiyalarining nominal qiymati boʻyicha amalga oshiriladi.
