33-modda. Jamiyatning aksiyalarini va boshqa qimmatli qogʻozlarini joylashtirish
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyat tomonidan aksiyalarning dastlabki chiqarilishini joylashtirish muddati jamiyat davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran bir yildan oshmasligi lozim.
Jamiyat tomonidan jamiyatning qoʻshimcha aksiyalarini va boshqa emissiyaviy qimmatli qogʻozlarini joylashtirish muddati ularning chiqarilishi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran bir yildan oshmasligi kerak.
Jamiyatning joylashtirilmagan aksiyalari va boshqa qimmatli qogʻozlari ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan muddat oʻtganidan keyin qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilinishi kerak.
Qonunchilikning qimmatli qogʻozlarni joylashtirish va ularning muomalasiga taalluqli qismi talablarini buzgan holda tuzilgan jamiyatning aksiyalarini va boshqa qimmatli qogʻozlarini joylashtirishga hamda ularning muomalasiga doir bitimlar sudning qaroriga koʻra haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Bitimning predmeti boʻlgan jamiyat aksiyalari va boshqa qimmatli qogʻozlari ularni joylashtirish muddati oʻtganidan keyin bitim haqiqiy emas deb topilgan boʻlsa bekor qilinishi kerak, agar ushbu bitim qimmatli qogʻozlar joylashtirilayotganda tuzilgan boʻlsa.
Jamiyatning aksiyalarini va boshqa qimmatli qogʻozlarini insofli egallovchi jamiyat aksiyalarini va boshqa qimmatli qogʻozlarini joylashtirish hamda ularning muomalasi boʻyicha bitimlar sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi natijasida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashni aybdor shaxslardan talab qilishga haqli.
Davlat tashkilotlarini aksiyadorlik jamiyatlari etib oʻzgartirish jarayonida emissiya qilingan aksiyalar yangi mulkdorlarga belgilangan tartibda realizatsiya qilinadigan paytga qadar dastlabki joylashtirilgan davlat aktivlaridir.
Jamiyat tomonidan aksiyalarni va aksiyalarga ayirboshlanadigan qimmatli qogʻozlarni joylashtirish usullari (ochiq yoki yopiq obuna) jamiyat ustavida belgilab qoʻyiladi, jamiyat ustavida bu xususda koʻrsatmalar mavjud boʻlmasa, aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qarori bilan belgilanadi. Jamiyatning ustavida yoki aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qarorida jamiyatning aksiyalarini va aksiyalarga ayirboshlanadigan qimmatli qogʻozlarini joylashtirish usuli toʻgʻrisida koʻrsatmalar mavjud boʻlmasa, joylashtirish faqat ochiq obuna vositasida amalga oshirilishi mumkin.
