37-modda. Joylashtirilgan aksiyalarni jamiyat tomonidan olish
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyat oʻzi joylashtirgan aksiyalarni aksiyadorlar umumiy yigʻilishining joylashtirilgan aksiyalarning bir qismini olish va ushbu aksiyalarning umumiy sonini kamaytirish yoʻli bilan jamiyat ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish toʻgʻrisidagi qaroriga koʻra, shuningdek ularni keyinchalik belgilangan tartibda qayta sotish maqsadida jamiyat kuzatuv kengashining qaroriga koʻra olishga haqli.
Agar muomalada qolgan aksiyalarning nominal qiymati jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) ushbu Qonunning 17-moddasida nazarda tutilgan eng kam miqdoridan kamayib ketadigan boʻlsa, jamiyat joylashtirilgan aksiyalarining umumiy sonini kamaytirish maqsadida ularning bir qismini olish yoʻli bilan jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli emas.
Aksiyadorlar umumiy yigʻilishining aksiyalarning umumiy sonini kamaytirish maqsadida ularni olish yoʻli bilan jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish toʻgʻrisida qabul qilingan qarori asosida jamiyat tomonidan olingan aksiyalar qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilinadi.
Aksiyalarni olish toʻgʻrisidagi qarorda olinadigan aksiyalarning turlari, jamiyat oladigan har bir turdagi aksiyalarning soni, aksiyalarni olish narxi, aksiyalar haqini toʻlash shakli va muddati, shuningdek aksiyalar qancha muddatda olinishi belgilab qoʻyilishi kerak.
Agar jamiyatning ustavida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, aksiyalarni olish vaqtida ularga haq toʻlash pul mablagʻlari bilan amalga oshiriladi. Aksiyalarni olish muddati aksiyalarni olish toʻgʻrisidagi qaror bilan belgilanadi, bu muddat oʻn kundan kam boʻlmasligi kerak. Jamiyat tomonidan oddiy aksiyalarni olish narxi ularning bozor qiymatiga muvofiq belgilanadi.
Qaysi muayyan turdagi aksiyalarni olish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan boʻlsa, oʻsha aksiyalarning egasi boʻlgan har bir aksiyador mazkur aksiyalarni sotishga haqli, jamiyat esa ularni olishi shart. Agar jamiyat tomonidan olinishi toʻgʻrisida aksiyadorlarning arizalari tushgan aksiyalarning umumiy soni ushbu moddada belgilangan cheklovlar hisobga olingan holda jamiyat olishi mumkin boʻlgan aksiyalarning sonidan ortiq boʻlsa, aksiyadorlardan arizada koʻrsatilgan talablarga mutanosib ravishda aksiyalar olinadi.
