107-modda. Taftish komissiyasi (taftishchi)
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyatning moliya-xoʻjalik faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish uchun jamiyat ustavida jamiyatning taftish komissiyasini tuzish (taftishchisini saylash) nazarda tutilishi mumkin.
Taftish komissiyasi (taftishchi) aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan saylanadi.
Jamiyat taftishchisiga yoki taftish komissiyasi aʼzolariga doir malaka talablari aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan belgilanadi. Ayni bir shaxs ayni bir jamiyatning taftish komissiyasi tarkibiga (taftishchilikka) ketma-ket uch martadan ortiq saylanishi mumkin emas.
Jamiyat taftish komissiyasining (taftishchisining) vakolat doirasi ushbu Qonun va jamiyat ustavi bilan belgilanadi.
Jamiyat taftish komissiyasining (taftishchisining) faoliyat koʻrsatish tartibi aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan tasdiqlanadigan nizomda belgilanadi.
Jamiyat taftish komissiyasining (taftishchisining) yozma talabiga koʻra jamiyat ijroiya organida mansabni egallab turgan shaxslar jamiyatning moliya-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisidagi hujjatlarni taftish komissiyasiga (taftishchiga) taqdim etishi shart.
Jamiyat taftishchisi yoki taftish komissiyasining aʼzolari bir vaqtning oʻzida jamiyat kuzatuv kengashining aʼzosi boʻlishi, shuningdek ayni shu jamiyatda mehnat shartnomasi (kontrakt) boʻyicha ishlashi mumkin emas.
Jamiyatning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish taftish komissiyasining (taftishchining), aksiyadorlar umumiy yigʻilishining, jamiyat kuzatuv kengashining tashabbusiga koʻra yoki jamiyat ovoz beruvchi aksiyalarining kamida besh foiziga egalik qiluvchi aksiyadorning (aksiyadorlarning) talabiga koʻra jamiyat kuzatuv kengashini oldindan xabardor qilish yoʻli bilan bir yillik yoki boshqa davr ichidagi faoliyat yakunlari boʻyicha amalga oshiriladi.
Jamiyatning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish yakunlariga koʻra jamiyatning taftish komissiyasi (taftishchisi) xulosa tuzadi, bu xulosada:
jamiyatning hisobotlarida va boshqa moliyaviy hujjatlarida koʻrsatilgan maʼlumotlarning ishonchliligiga doir baho;
buxgalteriya hisobini yuritish va moliyaviy hisobotni taqdim etish tartibi buzilganligi, shuningdek moliya-xoʻjalik faoliyati amalga oshirilayotganda qonunchilik buzilganligi faktlari toʻgʻrisidagi axborot koʻrsatilishi shart.
