108-modda. Jamiyatning ichki audit xizmati
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Aktivlarining balans qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming barobaridan koʻp boʻlgan jamiyatda ichki audit xizmati tashkil etiladi. Ichki audit xizmati jamiyatning kuzatuv kengashiga hisobdordir.
Jamiyatning ichki audit xizmati jamiyatning ijroiya organi, filiallari va vakolatxonalari tomonidan qonunchilikka, jamiyat ustaviga va boshqa hujjatlarga rioya etilishini, buxgalteriya hisobida va moliyaviy hisobotlarda maʼlumotlarning toʻliq hamda ishonchli tarzda aks ettirilishi taʼminlanishini, xoʻjalik operatsiyalarini amalga oshirishning belgilangan qoidalari va tartib-taomillariga rioya etilishini, aktivlarning saqlanishini, shuningdek jamiyatni boshqarish yuzasidan qonunchilikda belgilangan talablarga rioya etilishini tekshirish hamda monitoring olib borish orqali jamiyatning ijroiya organi, filiallari va vakolatxonalari ishini nazorat qiladi hamda baholaydi.
Jamiyatning ichki audit xizmati oʻz faoliyatini, agar qonunda oʻzgacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibga muvofiq amalga oshiradi.
