106-modda. Jamiyat toʻgʻrisidagi axborot
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyat qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda oʻzi toʻgʻrisidagi axborotni oshkor qilishni amalga oshirishi shart.
Jamiyat qonunchilikda belgilangan tartibda oshkor etilishi majburiy boʻlgan barcha axborotni Korporativ axborotning yagona portalida eʼlon qilishi shart.
Fond birjasi aksiyalari fond birjasining birja kotirovkasi varagʻiga kiritilgan jamiyat ustavining matnini Korporativ axborotning yagona portali axborot tizimidan maʼlumotlarni olish orqali, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda oshkor etilishi majburiy boʻlgan boshqa axborotni fond birjasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilishi shart.
Fond birjasi va qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi ushbu Qonunda nazarda tutilgan axborot eʼlon qilinganligi uchun haq olishga haqli emas.
Aksiyalari fond birjasining birja kotirovkasi varagʻiga kiritilgan jamiyat boshqa yuridik shaxslarning 5 va undan ortiq foiz aksiyalariga (ulushlariga, paylariga) egalik qilishi toʻgʻrisidagi axborotni Korporativ axborotning yagona portalida eʼlon qilishi shart. Bunda mazkur axborot aksiyalar (ulushlar, paylar) olingan paytdan eʼtiboran 72 soat ichida eʼlon qilinishi kerak.
Fond birjasining rasmiy veb-saytida va Korporativ axborotning yagona portalida axborotning oshkor qilinganligi jamiyatni qonunda nazarda tutilgan hollarda davlat organlarining yozma soʻroviga koʻra axborot taqdim etish majburiyatidan ozod qilmaydi.
Jamiyat oʻzi va affillangan shaxs oʻrtasida tuzilgan bitim haqidagi axborotni bitim tuzilgan paytdan eʼtiboran 72 soat ichida Korporativ axborotning yagona portalida oshkor etishi shart.
Jamiyat oshkor etilishi majburiy boʻlgan axborotni va (yoki) boshqa axborotni oʻzining rasmiy veb-saytida oʻz xohishiga koʻra oshkor etishga haqli.
