105-modda. Jamiyatning affillangan shaxslari toʻgʻrisidagi axborot
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyatning affillangan shaxsi ushbu Qonunning 85-moddasiga muvofiq affillanganlik asoslari vujudga kelgan paytdan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay jamiyatni qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan maʼlumotlarni batafsil koʻrsatgan holda oʻzining affillanganligi toʻgʻrisida yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Agar affillangan shaxsning aybi bilan koʻrsatilgan axborot taqdim etilmaganligi yoki oʻz vaqtida taqdim etilmaganligi natijasida jamiyatga mulkiy zarar yetkazilgan boʻlsa, affillangan shaxs jamiyat oldida oʻzi yetkazgan zarar miqdorida javobgar boʻladi.
Jamiyat oʻzining affillangan shaxslari hisobini yuritishi va ular toʻgʻrisida qonunchilik talablariga muvofiq hisobot taqdim etishi shart. Jamiyat affillangan shaxslar roʻyxatini qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tartibda va muddatlarda har yili eʼlon qilishi shart.
