104-modda. Aksiyadorlarga jamiyat hujjatlaridan foydalanish imkoniyatini berish
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyat ushbu Qonun 103-moddasida nazarda tutilgan hujjatlardan aksiyadorlarning foydalanish imkoniyatini taʼminlaydi, bundan buxgalteriya hisobiga doir hujjatlar, boshqaruv majlislarining bayonnomalari, shuningdek jamiyat direktorining (boshqaruv raisining) buyruqlari va jamiyat aksiyadorlarining reyestri mustasno.
Jamiyat aksiyadorning yozma talabiga koʻra unga ushbu Qonunda nazarda tutilgan hujjatlarning koʻchirma nusxalarini haq evaziga taqdim etishi shart. Haq miqdori jamiyat tomonidan belgilanadi hamda hujjatlarning koʻchirma nusxalarini tayyorlash xarajatlarining qiymatidan va hujjatlarni pochta orqali joʻnatish bilan bogʻliq xarajatlardan ortib ketmasligi kerak.
Jamiyat soʻralayotgan hujjatlarni aksiyadorga elektron shaklda taqdim qilishga haqli.
Aksiyadorlar jamiyat yoki uning faoliyati toʻgʻrisidagi xizmat, tijorat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi axborotni oshkor qilishga haqli emas.
Aksiyador (aksiyadorlar) daʼvo arizasini sudda koʻrib chiqish chogʻida jamiyatdan va guvohlardan sud tomonidan koʻrib chiqilayotgan ishga taalluqli boʻlishi mumkin boʻlgan barcha hujjatlarni olishga haqli, bundan davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi hujjatlar mustasno.
