15-modda. Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining ekologik nazorat sohasidagi vakolatlari
Ekologik nazorat toʻgʻrisida (O‘RQ-363-son) · Sana: 27.12.2013 · Amalda
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari:
atrof muhitni muhofaza qilishni taʼminlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalari boʻyicha qarorlar tayyorlashda va qabul qilishda, shuningdek davlat ekologik dasturlari va boshqa ekologik dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
tegishli hududda jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshiradi;
atrof muhit holatini va atrof muhitning ifloslanishiga hamda tabiiy resurslardan nooqilona foydalanishga olib kelishi, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga tahdid solishi mumkin boʻlgan vaziyatlarni kuzatib borishni amalga oshiradi;
ekologik nazorat sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
maxsus vakolatli davlat organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, xoʻjalik yurituvchi subyektlarga davlat, idoraviy va ishlab chiqarish ekologik nazoratini amalga oshirishda oʻz vakilining kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi toʻgʻrisida takliflar kiritadi;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunchilik buzilishining oʻzi tomonidan aniqlangan fakti toʻgʻrisida maxsus vakolatli davlat organlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarini, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni xabardor qiladi;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunchiliklarining talablari buzilganligi aniqlangan faktlar yuzasidan choralar koʻrish toʻgʻrisida tegishli davlat organlariga takliflar kiritadi;
atrof muhitning holati, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, mazkur sohadagi qonunchilik buzilishi yuzasidan aniqlangan faktni bartaraf etish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida tegishli davlat organlariga murojaat qiladi va axborot oladi;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalariga doir jamoatchilik fikrini oʻrganishni, jamoatchilik ekologik ekspertizasini oʻtkazadi;
atrof muhitni muhofaza qilish, hududning sanitariya holati, uni obodonlashtirish hamda koʻkalamzorlashtirish masalalari yuzasidan oʻz vakolati doirasida tegishli hududda joylashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini eshitadi hamda ularning natijalari boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
