14-modda. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ekologik nazorat sohasidagi huquqlari va majburiyatlari
Ekologik nazorat toʻgʻrisida (O‘RQ-363-son) · Sana: 27.12.2013 · Amalda
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
ishlab chiqarish ekologik nazoratini amalga oshirish;
davlat ekologik dasturlari va boshqa ekologik dasturlarni, shu jumladan atrof muhitning davlat monitoringi dasturini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;
ekologik nazorat sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etish;
atrof muhitning holati va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish toʻgʻrisida tegishli davlat organlariga murojaat qilish va axborot olish;
ekologik nazoratning boshqa subyektlari va ommaviy axborot vositalari bilan ishlab chiqarish ekologik nazorati masalalari boʻyicha hamkorlik qilish.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar quyidagilarni bajarishi shart:
ekologik nazorat toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etish;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish boʻyicha tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
atrof muhit holatini va atrof muhitning ifloslanishiga hamda tabiiy resurslardan nooqilona foydalanishga olib kelishi, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga tahdid solishi mumkin boʻlgan vaziyatlarni kuzatib borishni amalga oshirish;
atrof muhitga yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan eng yuqori taʼsirni tartibga soluvchi ekologik normativlarni ishlab chiqish va ularga rioya etish;
ekologik nazorat jarayonida aniqlangan atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunchilik buzilishi faktini bartaraf etish;
ekologik nazoratni amalga oshirishda ekologik nazoratning boshqa subyektlariga koʻmaklashish.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va ularning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
