Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksi
26.12.2013
Umumiy qism
I boʻlim. Umumiy qoidalar
1-bob. Asosiy qoidalar
1-modda. Ushbu Kodeks bilan tartibga solinadigan munosabatlar
Ushbu Kodeks Oʻzbekiston Respublikasining budjet tizimi budjetlarini (bundan buyon matnda budjet tizimi budjetlari deb yuritiladi) shakllantirish, tuzish, koʻrib chiqish, qabul qilish, tasdiqlash, ijro etish, davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish va budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik ijrosini nazorat qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
2-modda. Budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik
Budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Kodeks va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Budjet toʻgʻrisidagi qonunchilikning boshqa qonunchilik hujjatlarida koʻrsatilgan normalari ushbu Kodeksga muvofiq boʻlishi kerak.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining budjet toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Ushbu Kodeksda qoʻllaniladigan asosiy tushunchalar
Ushbu Kodeksda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
aylanma kassa mablagʻi — moliya yilida Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida turgan budjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori;
birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi — Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan qonun bilan belgilangan miqdorda ajratiladigan budjet mablagʻlarini taqsimlovchi yuridik shaxs;
budjetdan ajratiladigan mablagʻlar — Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlaridan budjet tashkilotlari hamda budjet mablagʻlari oluvchilar uchun nazarda tutiladigan pul mablagʻlari;
budjet jarayoni — budjet tizimi budjetlarini shakllantirish, tuzish, koʻrib chiqish, qabul qilish, tasdiqlash va ijro etish, ularning shakllantirilishini, tuzilishini hamda ijrosini nazorat qilish, budjet tizimi budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni tayyorlash va tasdiqlash, shuningdek ular oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar jarayoni;
budjet jarayoni ishtirokchilari — davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat moliyaviy nazorat organlari, budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar;
budjet mablagʻlarini taqsimlovchi — birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi va ikkinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi;
budjet sohasidagi vakolatlar — budjet jarayoni ishtirokchilarining budjet munosabatlari sohasidagi vakolatlari;
budjet ssudasi — qaytarish sharti bilan yuqori turuvchi budjetdan quyi turuvchi budjetga, shuningdek davlat maqsadli jamgʻarmalariga, rezident-yuridik shaxsga ajratiladigan pul mablagʻlari;
budjet soʻrovi — oʻrta muddatli davr uchun budjetdan ajratiladigan mablagʻlarni olishga boʻlgan ehtiyojni asoslashni nazarda tutuvchi hujjat;
budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari — qonunchilikda nazarda tutilgan manbalar hisobidan budjet tashkiloti tasarrufiga kelib tushadigan mablagʻlar;
budjet tizimi budjetlari — Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari;
budjetlararo transfertlar — Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga, davlat maqsadli jamgʻarmalariga hamda buning aksicha oʻtkaziladigan, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan tumanlar va shaharlar budjetlariga hamda buning aksicha oʻtkaziladigan mablagʻlar;
vaqtinchalik kassa uzilishi — joriy moliya yilining muayyan davrida budjet tizimi budjetlarining xarajatlari daromadlaridan vaqtinchalik oshib ketishi;
Davlat budjetining birlamchi profitsiti — muayyan davr uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti xarajatlaridan davlat qarziga xizmat koʻrsatish boʻyicha foiz toʻlovlarni chiqarib tashlagan holda hisoblanadigan Davlat budjeti profitsiti;
Davlat budjetining birlamchi taqchilligi — muayyan davr uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti xarajatlaridan davlat qarziga xizmat koʻrsatish boʻyicha foiz toʻlovlarni chiqarib tashlagan holda hisoblanadigan Davlat budjeti taqchilligi;
Davlat budjeti profitsiti — muayyan davrda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti daromadlarining uning xarajatlaridan oshib ketishi;
Davlat budjeti taqchilligi — muayyan davrda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti xarajatlarining uning daromadlaridan oshib ketishi;
davlat moliyaviy nazorati — budjet toʻgʻrisidagi qonunchilikning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida davlat moliyaviy nazorati obyektlarining buxgalteriya, moliya, statistika, bank hujjatlarini va boshqa hujjatlarni oʻrganish, tahlil qilish hamda taqqoslash;
davlat moliyaviy nazorati obyektlari — Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari, budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar, budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar, davlat maqsadli jamgʻarmalari, belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalar va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari;
davlat tashqi qarzi — davlat tomonidan xorijdan mablagʻlar jalb etilishi natijasida yuzaga kelgan Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari yigʻindisi;
davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish — aktivlarni jalb etish, bu boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining qarz oluvchi sifatidagi yoki qarz oluvchi-rezidentlarning kreditlarini (qarzlarini) toʻlashga kafil sifatidagi majburiyatlari yuzaga kelishi;
davlat xaridlari — budjet tizimi budjetlarining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridlari;
davlat qarzi — Oʻzbekiston Respublikasining ichki mablagʻni va xorijdan mablagʻ jalb qilish natijasida yuzaga kelgan majburiyatlari;
daromadlar va xarajatlar smetasi — budjet tashkilotlari budjetdan tashqari jamgʻarmalarining tegishli yil choragi yoki moliya yili uchun kutilayotgan tushumlari va xarajatlari aks ettiriladigan hujjat;
donorlar — Oʻzbekiston Respublikasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga, faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga zid boʻlmagan yuridik va jismoniy shaxslarga begʻaraz asosda mablagʻlar ajratadigan davlatlar, davlatlarning hukumatlari, xalqaro va chet el hukumat tashkilotlari, chet el fuqarolari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan roʻyxatga kiritilgan xalqaro va chet el nohukumat tashkilotlari;
dotatsiya — budjet tizimi budjetlariga ularning oʻz daromadlari yetishmagan taqdirda daromadlar bilan xarajatlar oʻrtasidagi farqni qoplash uchun qaytarmaslik sharti bilan ajratiladigan pul mablagʻlari;
jamlanma xarajatlar smetasi — budjet mablagʻlarini taqsimlovchi tomonidan oʻz tasarrufidagi budjet tashkilotlarining va budjet mablagʻlari oluvchilarning xarajatlar smetalari asosida tuziladigan xarajatlar smetasi;
ikkinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga biriktiriladigan va oʻziga ajratiladigan budjet mablagʻlarini taqsimlovchi yuridik shaxs;
umumiy fiskal balans — Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjetini hamda davlat dasturlarini amalga oshirish uchun Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari hisobidan ajratiladigan depozit, budjet ssudalari va kredit liniyalari hamda ularning qaytarilishi oʻrtasidagi farqni oʻz ichiga olgan jamlanma balans;
fiskal tavakkalchiliklar — budjet jarayoni ishtirokchilari uchun budjet tizimi budjetlari mablagʻlarini shakllantirish va sarflashda moliyaviy resurslardagi yoʻqotishlarni baholash;
moliya yili — birinchi yanvardan oʻttiz birinchi dekabr kuni oxirigacha boʻlgan vaqtni oʻz ichiga oluvchi davr;
moliyaviy majburiyatlar — budjet tashkilotlarida va budjet mablagʻlari oluvchilarda ularga pul mablagʻlarini oʻtkazish majburiyatini yuklovchi hujjatlar, shu jumladan ijro hujjatlari asosida yuzaga keladigan majburiyatlar;
subvensiya — muayyan maqsadlarga sarflash sharti bilan yuqori turuvchi budjetdan quyi turuvchi budjetga qaytarmaslik sharti bilan ajratiladigan pul mablagʻlari;
subsidiya — tovarlar ishlab chiqarish, ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish va ularni realizatsiya qilishni moliyalashtirish yoki birgalikda moliyalashtirish yoxud maqsadli xarajatlarning oʻrnini qisman qoplash uchun budjet tizimi budjetlari hisobidan yuridik va jismoniy shaxslarga beriladigan pul mablagʻlari;
tartibga soluvchi daromadlar — budjet tizimi budjetlari oʻrtasida ajratmalar normativlari belgilanadigan soliqlar, yigʻimlar va davlat bojlari, shuningdek soliq boʻlmagan toʻlovlar. Soliq boʻlmagan toʻlovlarga budjet tizimi budjetlariga kelib tushadigan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻlmagan toʻlovlar kiradi;
xarajatlar moddasi — budjet tizimi budjetlari xarajatlarining iqtisodiy yoʻnalishi va toʻlovlarning aniq turlari boʻyicha belgilovchi budjet tasnifining bir qismi;
xarajatlar smetasi — budjet tashkiloti yoki budjet mablagʻlari oluvchi tomonidan moliya yili uchun tuziladigan va tasdiqlanadigan, uning uchun nazarda tutilgan budjetdan ajratiladigan mablagʻlar xarajatlar moddalari boʻyicha aks ettiriladigan hujjat;
shtat jadvali — doimiy xodimlar lavozimlari va boʻsh oʻrinlar nomlarining soni va lavozim maoshlarining miqdorlari koʻrsatilgan roʻyxatni oʻz ichiga oladigan, budjet tashkiloti tomonidan tuziladigan hujjat;
shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimida ochiladigan, budjet tizimi budjetlari ijrosi bilan bogʻliq operatsiyalarni aks ettirish uchun moʻljallangan tahliliy hisob registrlari;
yuridik majburiyatlar — tuzilgan shartnomalar, shuningdek tegishli davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining qarorlari asosida budjet tashkilotlarida va budjetdan mablagʻ oluvchilarda yuzaga keladigan majburiyatlar;
Yagona gʻazna hisobvaragʻi — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida ochiladigan milliy yoki chet el valyutasidagi maxsus bank hisobvaragʻi;
oʻtkazib beriladigan daromadlar — tegishli maʼmuriy-hududiy birlikda shakllanadigan va yuqori turuvchi budjetga oʻtkaziladigan, ular qayerda shakllangan boʻlsa, keyinchalik oʻsha maʼmuriy-hududiy birlik budjetiga oʻtkazib beriladigan daromadlar;
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti (Davlat budjeti) — davlatning davlat vazifalari va funksiyalarini moliyaviy jihatdan taʼminlash uchun moʻljallangan markazlashtirilgan pul jamgʻarmasi;
Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti — budjet tizimi budjetlarining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining barcha tushumlari va xarajatlari hamda davlat tashqi qarzi hisobidan davlat dasturlariga doir xarajatlar boʻyicha tuziladigan budjet;
gʻaznachilik boʻlinmalari — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar gʻaznachilik xizmati boshqarmalari, tumanlar va shaharlar boʻyicha gʻaznachilik xizmati boʻlinmalari;
gʻaznachilik memorial orderi — mablagʻlarni bir shaxsiy gʻazna hisobvaragʻidan boshqa shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkazish uchun foydalaniladigan toʻlov hujjati;
hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchi — oʻz tasarrufida Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetidan, viloyatlar viloyat budjetlaridan, Toshkent shahri shahar budjetidan, tumanlar va shaharlar budjetlaridan mablagʻ oluvchi tashkilotlarga ega boʻlgan yuridik shaxs, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetidan, viloyatlar viloyat budjetlaridan va Toshkent shahri shahar budjetidan, tumanlar va shaharlar budjetlaridan moliyalashtiriladigan budjet tashkiloti yoki budjet mablagʻlari oluvchi;
hududiy iqtisodiyot va moliya organlari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari, tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya boʻlimlari;
oʻrta muddatli davr uchun fiskal strategiya — oʻrta muddatli davr uchun soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlarini belgilovchi hujjat.
4-modda. Budjet tashkiloti
Davlat funksiyalarini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda davlat hokimiyati organlarining qaroriga koʻra tashkil etilgan, Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan saqlab turiladigan notijorat tashkilot budjet tashkilotidir.
Budjet tashkilotlarini moliyalashtirish shartlari va ularning budjet hisobini yuritish tartibi budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan belgilanadi.
5-modda. Budjet mablagʻlari oluvchi
Davlat budjetidan va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlaridan mablagʻlar oladigan yuridik yoki jismoniy shaxs budjet mablagʻlari oluvchidir.
Budjet mablagʻlari oluvchi budjet tashkiloti maqomiga ega boʻla olmaydi.
Budjet mablagʻlari oluvchini Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish shartlari budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan belgilanadi.
51-modda. Budjet daromadlarining kamayishini, soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yoki bekor qilinishini, shuningdek soliq boʻlmagan tushumlardan budjetga ajratmalarning kamayishini yoki koʻpayishini nazarda tutuvchi normalarni amalga kiritish tartibi *
Moliya yili mobaynida budjet tizimi budjetlari daromadlarining kamayishini, soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yoki bekor qilinishini, shuningdek soliq boʻlmagan tushumlardan budjet tizimi budjetlariga ajratmalarning kamayishini yoki koʻpayishini nazarda tutuvchi qonunchilik normalari keyingi moliya yilining 1-yanvaridan eʼtiboran amalga kiritiladi.
* 51-moddaning amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1104-sonli Qonuniga asosan 2025-yil 1-yanvardan 2027-yil 1-yanvargacha toʻxtatilgan.
2-bob. Budjet tizimi tushunchasi va prinsiplari
6-modda. Budjet tizimi tushunchasi
Budjet tizimi barcha darajadagi budjetlar, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari, budjet tizimi budjetlarini tuzish va tashkil etish prinsiplari, ular oʻrtasida budjet jarayoni mobaynida yuzaga keladigan oʻzaro munosabatlar yigʻindisini oʻzida ifodalaydi. Moliya yili uchun budjet tizimi budjetlarini shakllantirish, tuzish, koʻrib chiqish, qabul qilish, tasdiqlash va ijro etish Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasi — soʻmda amalga oshiriladi.
7-modda. Budjet tizimi prinsiplari
Budjet tizimi quyidagi prinsiplarga asoslanadi:
budjet tizimining yagonaligi;
budjet tizimining Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy-hududiy tuzilishiga muvofiqligi;
budjet tizimi budjetlarining balansliligi va oʻzaro bogʻliqligi;
budjet tizimi budjetlari daromadlarini prognoz qilish va xarajatlarini rejalashtirish;
budjet tizimi budjetlari mablagʻlaridan foydalanishning aniq yoʻnaltirilganligi va maqsadlilik xususiyati;
budjet tizimi budjetlarining mustaqilligi;
budjet tizimi budjetlari mablagʻlaridan foydalanishning natijadorligi;
kassaning yagonaligi;
budjet jarayoni ishtirokchilarining javobgarligi;
ochiqlik.
8-modda. Budjet tizimining yagonaligi prinsipi
Budjet hujjatlari va budjet hisobotlarining shakllari, budjet tasnifi yagona boʻlishi hamda budjet tizimi budjetlarining daromadlari va xarajatlarini shakllantirish hamda ijro etish, budjet hisobini yuritish va budjet hisobotini tuzishning yagona tartibini nazarda tutishi lozim.
9-modda. Budjet tizimining Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy-hududiy tuzilishiga muvofiqligi prinsipi
Budjet tizimi Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishiga muvofiq boʻlishi lozim.
10-modda. Budjet tizimi budjetlarining balansliligi va oʻzaro bogʻliqligi prinsipi
Budjet tizimi budjetlarida nazarda tutilgan xarajatlar hajmi ularning daromadlari va taqchillikni qoplash manbalari yigʻindisining hajmiga muvofiq boʻlishi kerak.
Budjet tizimi budjetlarini tuzish va ijro etishda budjetlarning mablagʻlari mazkur budjetlarning balansliligini taʼminlash uchun ular oʻrtasida qayta taqsimlanishi mumkin.
11-modda. Budjet tizimi budjetlari daromadlarini prognoz qilish va xarajatlarini rejalashtirish prinsipi
Budjet tizimi budjetlarini tuzishda budjet tasnifiga muvofiq, daromadlar ularning aniq manbalari boʻyicha prognoz qilinadi, xarajatlar esa yoʻnalishlar boʻyicha rejalashtiriladi.
12-modda. Budjet tizimi budjetlari mablagʻlaridan foydalanishning aniq yoʻnaltirilganligi va maqsadlilik xususiyati prinsipi
Budjet tizimi budjetlarining mablagʻlari muayyan budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarga ushbu mablagʻlardan belgilangan maqsadlarni moliyalashtirishda foydalanish uchun ajratiladi.
13-modda. Budjet tizimi budjetlarining mustaqilligi prinsipi
Budjet tizimi budjetlari mustaqildir.
14-modda. Budjet tizimi budjetlari mablagʻlaridan foydalanishning natijadorligi prinsipi
Budjet jarayoni ishtirokchilari budjet tizimi budjetlarini tuzish va ijro etishda oʻzlariga berilgan vakolatlar doirasida budjet tizimi budjetlarining belgilangan hajmdagi mablagʻlaridan foydalangan holda natijaga erishish zaruriyatidan kelib chiqadi.
15-modda. Kassaning yagonaligi prinsipi
Budjet tizimi budjetlarining barcha daromadlari Yagona gʻazna hisobvaragʻiga kiritiladi va ularning xarajatlarini toʻlash ushbu hisobvaraqdan amalga oshiriladi.
16-modda. Budjet jarayoni ishtirokchilarining javobgarligi prinsipi
Budjet jarayoni ishtirokchilarining javobgarligi prinsipi budjet jarayonining har bir ishtirokchisi budjet jarayonining har bir bosqichida oʻz harakatlari uchun javobgar boʻlishidan iboratdir.
17-modda. Ochiqlik prinsipi
Ochiqlik prinsipi:
Davlat budjetini va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarini koʻrib chiqish hamda qabul qilish tartib-taomillarining jamiyat va ommaviy axborot vositalari uchun ochiqligini, shuningdek budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirok etishi mumkinligini;
tasdiqlangan Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari toʻgʻrisidagi axborotning ommaviy axborot vositalarida va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishini (chop etilishini);
Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotning, shuningdek Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi choraklik hisobotlarning ommaviy axborot vositalarida chop etilishini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining rasmiy veb-saytida joylashtirilishini hamda yangilab borilishini anglatadi.
3-bob. Budjet tasnifi
18-modda. Budjet tasnifi tushunchasi
Budjet tasnifi budjet tizimi budjetlarining daromadlari va xarajatlari, shuningdek Davlat budjeti taqchilligini qoplash manbalarini guruhlashdan iborat boʻlib, budjet tizimi budjetlarini shakllantirish, tuzish va ijro etishni tizimlashtirish uchun foydalaniladi.
Budjet tasnifi xalqaro tasnif tizimlariga muvofiq ishlab chiqiladi va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
19-modda. Budjet tasnifining tarkibi
Budjet tasnifi:
budjet tizimi budjetlari daromadlarining tasnifini;
budjet tizimi budjetlari xarajatlarining tasnifini;
Davlat budjeti taqchilligini qoplash manbalari tasnifini oʻz ichiga oladi.
20-modda. Budjet tasnifining asosiy prinsiplari
Budjet tasnifining asosiy prinsiplari toʻliqlik, yagonalik va oʻzaro muvofiqlikdan iboratdir.
Budjet tasnifining toʻliqlik prinsipi budjet jarayonining barcha ishtirokchilari qamrab olinishini nazarda tutadi.
Budjet tasnifining yagonalik prinsipi budjet jarayonining barcha ishtirokchilari tomonidan yagona budjet tasnifi qoʻllanilishini anglatadi.
Budjet tasnifining oʻzaro muvofiqligi prinsipi budjet tasnifining kodlari bir vaqtning oʻzida budjet jarayonining turli xil operatsiyalarini hisobga olish uchun qoʻllanilmasligini anglatadi.
21-modda. Budjet tizimi budjetlari daromadlarining tasnifi
Budjet tizimi budjetlari daromadlarining tasnifi daromadlarni ularning turlari va manbalari boʻyicha kodlashdan iborat boʻladi.
Budjet tizimi budjetlari daromadlarining tasnifi tuzilmasi quyidagilardan iborat:
budjet tizimi budjetlari mablagʻlarining manbalari va darajalari tasnifi;
daromadlarning turlari;
tashkiliy tasnif;
hududiy tasnif.
Budjet tizimi budjetlari mablagʻlarining manbalari va darajalari tasnifi kelib tushayotgan daromadlarning tegishli mablagʻlar manbalariga va ushbu budjetlar darajalariga mansubligini aniqlash uchun qoʻllaniladi.
Daromadlarning turi boʻlim, paragraf va daromad tipidan iboratdir.
Daromadlar boʻlimi daromadlarni ularni olish manbalari boʻyicha kodlashdan iborat boʻladi.
Daromadlar paragrafi soliqlarni, yigʻimlarni va davlat bojini, shuningdek soliq boʻlmagan toʻlovlarni ularni undirish bazasi boʻyicha kodlashdan iborat boʻladi.
Daromad tipi budjet tizimi budjetlari daromadining aniq turidan iborat boʻladi.
Tashkiliy tasnif kelib tushayotgan daromadlarning ana shu daromadlarni maʼmuriy jihatdan idora qiluvchi tegishli organga mansubligini identifikatsiyalash maqsadida qoʻllaniladi.
Hududiy tasnif kelib tushayotgan daromadlarning ushbu daromadlar shakllantirilayotgan yoxud oʻtkazib berilayotgan tegishli maʼmuriy-hududiy birlikka mansubligini identifikatsiyalash maqsadida qoʻllaniladi.
22-modda. Budjet tizimi budjetlari xarajatlarining tasnifi
Budjet tizimi budjetlari xarajatlarining tasnifi budjet tizimi budjetlari xarajatlarini kodlashdan iborat boʻladi va ularning yoʻnalishini aks ettiradi.
Budjet tizimi budjetlari xarajatlari tasnifining tuzilmasi quyidagilardan iborat:
budjet tizimi budjetlari mablagʻlarining manbalari va darajalari tasnifi;
vazifa jihatidan tasnif;
dasturiy tasnif;
tashkiliy tasnif;
iqtisodiy tasnif;
hududiy tasnif.
Budjet tizimi budjetlari mablagʻlarining manbalari va darajalari tasnifi amalga oshirilayotgan xarajatlarning tegishli mablagʻlar manbalari va budjetlar darajalariga mansubligini aniqlash uchun qoʻllaniladi.
Xarajatlarning vazifa jihatidan tasnifi davlat funksiyalarini bajarish uchun mablagʻlar yoʻnalishini aks ettiruvchi xarajatlarni guruhlashdir.
Xarajatlarning dasturiy tasnifi davlat, tarmoq va hududiy rivojlantirish dasturlarini bajarish uchun mablagʻlar yoʻnalishini aks ettiruvchi xarajatlarni guruhlashdan iboratdir.
Xarajatlarning tashkiliy tasnifi budjet tizimi budjetlarining mablagʻlarini taqsimlovchilar boʻyicha kodlashdan iborat boʻladi.
Xarajatlarning iqtisodiy tasnifi xarajatlarni iqtisodiy yoʻnalishiga koʻra kodlashdan iborat boʻladi.
Hududiy tasnif budjet tashkilotlarining va budjet mablagʻlari oluvchilarning tegishli maʼmuriy-hududiy birlikka mansubligini aniqlash maqsadida qoʻllaniladi.
23-modda. Budjet tizimi budjetlarining iqtisodiy belgilar boʻyicha xarajatlari
Budjet tizimi budjetlarining iqtisodiy belgilar boʻyicha xarajatlari quyidagi xarajatlar guruhlarini oʻz ichiga oladi:
birinchi guruh — ish haqi, pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar, kompensatsiya toʻlovlari va kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam;
ikkinchi guruh — ijtimoiy ehtiyojlarga ajratmalar;
uchinchi guruh — kapital qoʻyilmalar (rivojlanish davlat dasturlarida nazarda tutilgan aniq yoʻnaltirilgan roʻyxatlarga muvofiq);
toʻrtinchi guruh — boshqa xarajatlar.
Xarajatlar guruhlari boʻyicha aniq moddalar budjet tasnifiga muvofiq belgilanadi.
24-modda. Davlat budjeti taqchilligini qoplash manbalari tasnifi
Davlat budjeti taqchilligini qoplash manbalari tasnifi ularni ichki va tashqi manbalar boʻyicha guruhlashdan iborat boʻladi.
4-bob. Budjet sohasidagi vakolatlar
25-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining budjet sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini (bundan buyon matnda Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi deb yuritiladi) va budjetnomani ishlab chiqish jarayonini tashkil etadi hamda muvofiqlashtirib boradi;
birinchi va ikkinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar roʻyxatini tasdiqlaydi;
Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini va budjetnomani koʻrib chiqish hamda tegishli xulosa taqdim etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasiga yuboradi;
budjetnomani Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga taqdim etadi;
Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritadi;
davlat boshqaruvi organlarining Davlat budjetini va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarini ijro etish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi hamda nazorat qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni tashqi auditdan oʻtkazish va baholash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasiga taqdim etish shakllarini belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni, shuningdek Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi choraklik hisobotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga taqdim etish shakllarini belgilaydi;
Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni har chorakda koʻrib chiqadi;
oʻtgan moliya yili uchun Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni, shuningdek joriy moliya yili uchun Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi choraklik hisobotlarni tashqi auditdan oʻtkazish hamda baholash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasiga yuboradi;
Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosasi bilan, shuningdek Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi choraklik hisobotlarni tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining tezkor xulosasi bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga taqdim etadi;
ushbu Kodeksning 145 va 149-moddalarida nazarda tutilgan hollarda moliya yili mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlarga va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni koʻrib chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining tegishli xulosasi bilan birgalikda koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritadi;
Davlat budjeti daromadlari prognozini choraklar va hududlar kesimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovlariga Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlar doirasida ikkinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan budjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlarini tasdiqlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining qoʻshimcha manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib boradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq budjet sohasida boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
26-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining budjet sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi:
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi va oʻrta muddatli davr uchun fiskal strategiya boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining loyihalari boʻyicha tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga xulosa taqdim etadi;
vazirliklarning, idoralarning hamda banklarning budjet tizimi budjetlari daromadlari va xarajatlari moddalarining maqsadli ijrosini boshlangʻich maʼlumotlar boʻyicha nazorat qilish imkonini beruvchi axborot tizimlari va resurslaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Iqtisodiyot va moliya vazirligining bank hisobvaraqlaridagi mablagʻlarning qonuniy shakllantirilganligi, maqsadli hamda samarali sarflanishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, shuningdek belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalar mablagʻlarining shakllantirilishi hamda ulardan foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari daromad qismining ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
budjet tizimi budjetlari mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobot hamda birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar uchun belgilangan budjet mablagʻlaridan foydalanish bilan bogʻliq maqsadli indikatorlarning bajarilishi boʻyicha tashqi auditni va baholashni amalga oshiradi hamda ular yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xulosa taqdim etadi;
Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalarining ijrosi toʻgʻrisida taqdim etilgan choraklik hisobotni Davlat moliyasini boshqarish axborot tizimidan hamda boshqa elektron manbalardan olingan statistik, moliyaviy va boshqa maʼlumotlar asosida tahlil qilish hamda baholash usuli orqali amalga oshiriladigan oʻrganishlar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tezkor xulosa taqdim etadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi hamda budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni tashqi auditdan oʻtkazishni va baholashni amalga oshiradi hamda ular yuzasidan tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga xulosa taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xulosa taqdim etadi;
budjet jarayonining ochiqligini taʼminlash tartibiga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
oʻz vakolatiga kiradigan masalalarga doir normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi qonunchilikka muvofiq budjet sohasida boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
27-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlarining budjet sohasidagi vakolatlari
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetini, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarini, tumanlar va shaharlar budjetlarini va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlarini tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlarining taqdimnomasiga muvofiq koʻrib chiqadi va qabul qiladi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari, tumanlar va shaharlar budjetlarining ijrosi hamda budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari ijrosi toʻgʻrisidagi har choraklik va yillik hisobotlarni tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar hamda shaharlar hokimlarining taqdimnomasiga muvofiq koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari, Toshkent shahrining shahar budjeti hamda tumanlar va shaharlar budjetlari daromadlarining prognozlarini maʼlumot uchun qabul qiladi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy budjetlariga, tumanlar va shaharlar budjetlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
tegishli budjetlardan moliyalashtiriladigan hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning budjet mablagʻlaridan samarali foydalanilishi hamda erishilgan natijalar toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitadi;
mahalliy budjetlarga biriktirilgan soliqlar hamda yigʻimlarning stavkalarini qonunchilikda belgilangan tartibda va miqdorlar doirasida belgilaydi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan hamda Toshkent shahrining shahar budjetidan tumanlar va shaharlar budjetlariga ajratiladigan tartibga soluvchi budjetlararo transfertlarning cheklangan miqdorlarini koʻrib chiqadi hamda tasdiqlaydi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari qonunchilikka muvofiq budjet sohasida boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
28-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlarining budjet sohasidagi vakolatlari
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari:
tegishli budjet loyihasini ishlab chiqish va uni ijro etish jarayonini tashkil etadi hamda muvofiqlashtirib boradi;
budjet soʻrovi olinishiga qarab tegishli budjetlarning loyihalarini tuzish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi, ularni tayyorlash tartibi va muddatlarini belgilaydi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti loyihasini, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari, tumanlar va shaharlar budjetlari hamda budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlari loyihalarini tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlariga koʻrib chiqish va qabul qilish uchun taqdim etadi;
ushbu Kodeksning 146 — 148-moddalarida nazarda tutilgan tartibda moliya yili mobaynida Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari, tumanlar va shaharlar budjetlari parametrlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni koʻrib chiqadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari, tumanlar va shaharlar budjetlarining ijrosi hamda budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari ijrosi toʻgʻrisidagi choraklik va yillik hisobotlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlariga tasdiqlash uchun taqdim etadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi hamda budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosasi bilan birga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga tasdiqlash uchun taqdim etadi;
Davlat budjetiga va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlariga tushumlar toʻliq va oʻz vaqtida tushishi ustidan nazoratni tashkil etadi;
budjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi ustidan nazoratni tashkil etadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan, tumanlar va shaharlar budjetlaridan hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga budjet soʻrovini tuzish uchun ajratiladigan budjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlarini koʻrib chiqadi hamda tasdiqlaydi;
qonunchilikda belgilanadigan alohida soliqlar boʻyicha belgilangan stavkalarga pasaytiruvchi va oshib boruvchi koeffitsiyentlarni kiritish toʻgʻrisida hududlarning faoliyatni amalga oshirish joyining xususiyatlarini inobatga olgan holda qarorlar qabul qiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan vakolatlar bilan bir qatorda tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlari va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalari mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan vakolatlar bilan bir qatorda mahalliy budjetlarning parametrlarini hamda ularning ijrosi haqidagi hisobotlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar xalq deputatlari Kengashlari tomonidan koʻrib chiqish hamda tasdiqlash jarayonining ommaviy axborot vositalarida yoritilishini ham taʼminlaydi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tegishli moliya yili uchun belgilangan tartibda tasdiqlangan Davlat budjeti daromadlari prognozining oʻz hududiga tegishli qismining choraklar va tumanlar (shaharlar) kesimidagi taqsimotini tasdiqlaydi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasiga:
navbatdagi yil uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining loyihalarini koʻrib chiqish hamda tegishli xulosani taqdim etish uchun;
oʻtgan moliya yili uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni tashqi auditdan oʻtkazish hamda baholash uchun yuboradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari qonunchilikka muvofiq budjet sohasida boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
29-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining budjet sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini va budjetnomani ishlab chiqadi;
davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari loyihalarini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining daromadlari va xarajatlarini koʻrib chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini va budjetnomani koʻrib chiqish uchun taqdim etadi;
Davlat budjeti daromadlari prognozining choraklar va hududlar kesimidagi taqsimot loyihasini ishlab chiqadi hamda qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
birinchi va ikkinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ular uchun nazarda tutilgan budjetdan ajratiladigan mablagʻlarni taqsimlash, shuningdek navbatdagi yil uchun xarajatlar smetasini tuzish boʻyicha uslubiy koʻrsatmalarni yuboradi;
oʻrta muddatli budjetni tayyorlash jarayonini ikki bosqichda (shakllantirish va tuzish) amalga oshirish boʻyicha yagona uslubiy qoʻllanmalar toʻplamini (sirkulyarni), shuningdek Davlat budjetini shakllantirishda budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdorlarini yetkazish hamda qayta koʻrib chiqish tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning takliflari asosida Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonun qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oylik muddatda birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar uchun Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan tasdiqlangan mablagʻlar doirasida ikkinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan budjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlarini tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning takliflari asosida oʻzining ikkinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar uchun tasdiqlangan budjetdan ajratiladigan mablagʻlarga 10 va undan ortiq foiz miqdorda oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni koʻrib chiqadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining, tumanlar va shaharlar budjetlarining hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar roʻyxatini tasdiqlaydi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga mahalliy budjetlarning loyihalarini tayyorlash boʻyicha tavsiyalar yuboradi;
birinchi va ikkinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning xarajatlar smetalarini va jamlanma xarajatlar smetalarini, shtat jadvallarini, shuningdek ularga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazadi;
ushbu Kodeksning 145-moddasida nazarda tutilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining xarajatlari yoyilmasiga moliya yili mobaynida oʻzgartirishlar kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ushbu Kodeksning 145 va 149-moddalarida nazarda tutilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlarga va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlariga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflar taqdim etadi;
soliqlarni, yigʻimlarni va davlat bojlarini, shuningdek soliq boʻlmagan toʻlovlarni ularning manbalari kesimida toʻliq va oʻz vaqtida tushishi ustidan monitoringni amalga oshiradi;
budjet tizimi budjetlarining mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar, shuningdek budjet tashkilotlari hamda budjet mablagʻlari oluvchilarning moliyaviy hisobotlari shakllarini va ularni taqdim etish tartibini tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining yillik hamda Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining tegishli davrdagi ijrosi toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi;
budjetdan tashqari maxsus hisobvaraqlarda zaxiralar tashkil etadi;
Davlat budjetini ijro etish jarayonida unga tushumlarni koʻpaytirish boʻyicha qoʻshimcha zaxiralarni aniqlaydi;
budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning xarajatlarini maqbullashtirishni amalga oshiradi;
budjet ssudalarini beradi;
davlat tomonidan mablagʻlar jalb qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining shartnomalari va davlat kafolatlarini roʻyxatdan oʻtkazadi;
davlat qarzining hisobini va monitoringini yuritadi;
budjet tizimi budjetlarining kassa ijrosini yuritadi;
budjet tizimi budjetlarining Yagona gʻazna hisobvaragʻidagi va boshqa bank hisobvaraqlaridagi mablagʻlarini boshqaradi;
budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazadi;
budjet tizimi budjetlarida mablagʻlar nazarda tutilgan yuridik yoki jismoniy shaxslar nomidan va ularning topshirigʻiga koʻra toʻlovlarni amalga oshiradi;
budjet tizimi budjetlari ijrosining budjet hisobini yuritadi va budjet hisobotini qabul qiladi;
davlat qarzi boʻyicha xizmat koʻrsatilishini taʼminlaydi, davlat kafolatini bajaradi;
Oʻzbekiston Respublikasiga kelayotgan insonparvarlik yordami hamda texnik koʻmaklashish mablagʻlari hisobini yuritadi;
prognoz yil uchun Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining loyihalari hamda kelgusi ikki yilga oid budjet moʻljallari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga yuborilishidan oldin ularning jamoatchilik muhokamasini taʼminlaydi;
budjet tizimi budjetlaridan pul mablagʻlarini undirish bilan bogʻliq sud muhokamalarida qonunda belgilangan tartibda ishtirok etadi hamda budjet manfaatlarini koʻzlab sudlarga arizalar, daʼvo arizalari va shikoyatlar kiritadi, jinoyat alomatlarini koʻrsatuvchi maʼlumotlar aniqlangan taqdirda, bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar beradi;
budjet tizimi budjetlari daromadlari va xarajatlarining balansliligiga taʼsir koʻrsatuvchi normativ-huquqiy hujjatlarni moliyaviy hamda iqtisodiy ekspertizadan oʻtkazadi;
oʻz vakolatiga kiradigan masalalarga doir normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi qonunchilikka muvofiq budjet sohasida boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
30-modda. Hududiy iqtisodiyot va moliya organlarining budjet sohasidagi vakolatlari
Hududiy iqtisodiyot va moliya organlari:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari, tumanlar va shaharlar budjetlari va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlari loyihalarini tayyorlaydi hamda ularni tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklariga koʻrib chiqish uchun kiritadi;
soliqlarning, yigʻimlarning, davlat bojlarining va soliq boʻlmagan toʻlovlarning ularning manbalari kesimida toʻliq va oʻz vaqtida tushishi ustidan monitoringni amalga oshiradi;
tegishli budjetning ijro etilishi jarayonida unga tushumlarni koʻpaytirish boʻyicha qoʻshimcha zaxiralarni aniqlaydi;
budjet tashkilotlariga va budjet mablagʻlari oluvchilarga ular uchun nazarda tutilgan budjetdan ajratiladigan mablagʻlar hajmlarini yetkazadi;
budjet tashkilotlarining xarajatlar smetalari va shtat jadvallarini hamda budjet mablagʻlari oluvchilarning xarajatlar smetalarini, shuningdek ularga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazadi;
ushbu Kodeksning 146 — 148-moddalarida nazarda tutilgan tartibda tegishli budjetlar parametrlariga moliya yili mobaynida oʻzgartirishlar kiritadi;
tegishli budjetlarning mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
yuqori turuvchi iqtisodiyot va moliya organlariga hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklariga tegishli budjetning ijrosi toʻgʻrisida har choraklik hisobotlarni taqdim etadi;
budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar xarajatlarini maqbullashtirishni amalga oshiradi;
tegishli budjetlar ijrosining budjet hisobini yuritadi va budjet hisobotini qabul qiladi;
mahalliy davlat hokimiyati organlarining tegishli budjetlar daromadlari va xarajatlari balansliligiga taʼsir koʻrsatuvchi normativ-huquqiy hujjatlarini moliyaviy va iqtisodiy ekspertizadan oʻtkazadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan vakolatlar bilan bir qatorda:
Davlat budjeti daromadlari prognozining choraklar va tumanlar (shaharlar) kesimidagi taqsimot loyihasini ishlab chiqadi hamda tasdiqlash uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga kiritadi;
budjet ssudalarini beradi.
Hududiy iqtisodiyot va moliya organlari qonunchilikka muvofiq budjet sohasida boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
31-modda. Budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning budjet sohasidagi vakolatlari
Budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:
budjetdan ajratiladigan mablagʻlarni olish uchun budjet soʻrovlarini Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadi;
budjet buyurtmalarini tuzish uchun koʻrsatkichlarni va materiallarni oʻz tasarrufidagi tashkilotlarga yetkazadi;
xarajatlar smetalari va shtat jadvallarini tuzish uchun oʻz tasarrufidagi tashkilotlarga ularning tegishli moliya yiliga budjetdan ajratiladigan mablagʻlari hajmlarini yetkazadi;
oʻz tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetalari va shtat jadvallarini, shuningdek ularga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazadi;
tasdiqlangan xarajatlar smetalarini va jamlanma xarajatlar smetalarini, shtat jadvallarini, shuningdek ularga kiritilgan oʻzgartirishlarni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etadi;
xarajatlar smetalari va shtat jadvallaridagi oʻzgartirishlar toʻgʻrisida oʻz tasarrufidagi tashkilotlarni xabardor qiladi;
oʻz tasarrufidagi tashkilotlarda budjet hisobi yuritilishini tashkil etish va nazorat qilishni taʼminlaydi;
oʻz tasarrufidagi tashkilotlardan moliyaviy hisobotlarni qabul qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tegishli davr uchun jamlanma moliyaviy hisobotlar taqdim etadi.
Birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar oʻzining joriy xarajatlarini, shu jumladan davlat rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun ajratilgan mablagʻlarni bir rivojlantirish dasturidan iqtisod qilingan mablagʻlar doirasida boshqa rivojlantirish dasturiga qayta taqsimlashga haqli.
Birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonunga muvofiq oʻzlariga Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratilgan mablagʻlarning oʻz vaqtida oʻzlashtirilishi va ulardan samarali foydalanishi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida oʻtkaziladigan majlislarda ishtirok etadi hamda ushbu masalalar boʻyicha hisobot beradi.
Birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning tashabbusiga koʻra, ularga Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdorlarini oshirishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati hujjatlari loyihalari ishlab chiqilganda, zarur hollarda mazkur loyiha tashabbuskorlari tomonidan bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
Budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar qonunchilikka muvofiq budjet sohasida boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
32-modda. Budjet tashkilotlarining va budjet mablagʻlari oluvchilarning budjet sohasidagi vakolatlari
Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar:
budjet buyurtmasini budjet mablagʻlarini taqsimlovchiga, budjet mablagʻlarini taqsimlovchi boʻlmaganda esa, tegishli hududiy iqtisodiyot va moliya organiga ushbu Kodeksning 89-moddasida belgilangan tartibga muvofiq kiritadi;
xarajatlar smetalarini tasdiqlaydi hamda ularni budjet mablagʻlarini taqsimlovchiga, budjet mablagʻlarini taqsimlovchi boʻlmaganda esa, tegishli hududiy iqtisodiyot va moliya organiga budjetdan ajratiladigan mablagʻlar doirasida roʻyxatdan oʻtkazish uchun kiritadi;
xarajatlar smetalarida nazarda tutilgan budjetdan ajratiladigan mablagʻlarni moʻljallangan maqsadga muvofiq tasarruf etadi;
budjetdan ajratiladigan mablagʻlar doirasida tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchilar bilan shartnomalar tuzadi;
ushbu Kodeksning 150-moddasida belgilangan tartibda xarajatlar smetalariga oʻzgartirishlar kiritadi;
tegishli davr uchun moliyaviy hisobotlarni budjet mablagʻlarini taqsimlovchiga, budjet mablagʻlarini taqsimlovchi boʻlmaganda esa, tegishli hududiy iqtisodiyot va moliya organiga taqdim etadi.
Budjet tashkilotlari ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan vakolatlar bilan bir qatorda, shuningdek:
shtat jadvallarini tasdiqlaydi va ularni budjet mablagʻlarini taqsimlovchiga, budjet mablagʻlarini taqsimlovchi boʻlmaganda esa, tegishli hududiy iqtisodiyot va moliya organiga budjetdan ajratiladigan mablagʻlar doirasida roʻyxatdan oʻtkazish uchun kiritadi;
ushbu Kodeksning 150-moddasida belgilangan tartibda shtat jadvallariga oʻzgartirishlar kiritadi;
muddati oʻtgan debitorlik va kreditorlik qarzlarga yoʻl qoʻymaslik maqsadida tegishli hujjatlarni sudlarga, gʻaznachilik boʻlinmalariga oʻz vaqtida taqdim etadi, shuningdek shartnomaviy majburiyatlarning bajarilishini taʼminlaydi;
budjet hisobini yuritadi va moliyaviy hisobotlarni tuzadi;
budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalarini shakllantiradi va ulardan foydalanadi.
Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar qonunchilikka muvofiq budjet sohasida boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
33-modda. Davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlarning budjet sohasidagi vakolatlari
Davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar:
davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining loyihalarini tayyorlaydi va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga kiritadi;
davlat maqsadli jamgʻarmalarining mablagʻlari boʻyicha xarajatlar smetalarini, shuningdek ularga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazadi;
davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari daromadlari prognozini davlat soliq xizmati organlari va bojxona organlariga yilning har choragida yetkazadi;
ushbu Kodeksning 149-moddasida nazarda tutilgan tartibda davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlariga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflar tayyorlaydi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
davlat maqsadli jamgʻarmalariga yigʻimlar, davlat bojlari, soliq boʻlmagan toʻlovlar va boshqa tushumlar toʻliq hamda oʻz vaqtida tushishi ustidan monitoringni amalga oshiradi;
davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining tegishli davrdagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadi;
davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarini ijro etish jarayonida tushumlarni koʻpaytirish boʻyicha qoʻshimcha zaxiralarni aniqlaydi;
davlat maqsadli jamgʻarmalarining xarajatlari maqbullashtirilishini amalga oshiradi;
davlat maqsadli jamgʻarmalarining Yagona gʻazna hisobvaragʻi va boshqa bank hisobvaraqlaridagi mablagʻlarini boshqaradi;
davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari ijrosining budjet hisobini yuritadi;
davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining daromadlari va xarajatlari balansliligiga taʼsir koʻrsatuvchi normativ-huquqiy hujjatlarni moliyaviy va iqtisodiy ekspertizadan oʻtkazadi.
Davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar qonunchilikka muvofiq budjet sohasida boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
II boʻlim. Budjet tizimi budjetlari
5-bob. Davlat budjeti
34-modda. Davlat budjeti tuzilmasi
Davlat budjeti quyidagi darajadagi budjetlardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari.
35-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining tuzilmasi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti tuzilmasiga Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlari va shaharlarining budjetlari kiradi.
Viloyatlar mahalliy budjetlari tuzilmasiga viloyat budjeti, tegishli viloyatlar tumanlari va shaharlarining budjetlari kiradi.
Toshkent shahar mahalliy budjeti tuzilmasiga shahar budjeti va shahar tarkibiga kiruvchi tumanlarning budjetlari kiradi.
6-bob. Davlat maqsadli jamgʻarmalari va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari
36-modda. Davlat maqsadli jamgʻarmalari
Mablagʻlari soliqlar, yigʻimlar, davlat bojlari, soliq boʻlmagan toʻlovlar va jarimalar, homiylik mablagʻlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan belgilangan boshqa daromadlardan, shuningdek budjet transfertlari va subsidiyalaridan shakllantiriladigan davlat maqsadli jamgʻarmalari davlat funksiyalarini amalga oshirish uchun tashkil etiladi.
Davlat maqsadli jamgʻarmalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tashkil etiladi.
Davlat maqsadli jamgʻarmalari yuridik shaxs shaklida yoki yuridik shaxs tashkil etmasdan shu jumladan vazirliklar va idoralar huzurida tuzilishi mumkin.
44-modda. Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari
Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari quyidagilardir:
Budjet tashkilotining rivojlantirish jamgʻarmasi;
Tibbiyot tashkilotlarining moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasi;
vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari;
budjet tashkilotlarining undiriladigan toʻlovlar hisobiga shakllantiriladigan budjetdan tashqari mablagʻlari.
III boʻlim. Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti. Oʻzbekiston Respublikasining tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi
7-bob. Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti
45-modda. Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjetini tuzish maqsadlari
Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan moliya yili yakunlari boʻyicha tahliliy maqsadlar uchun hamda budjet tizimi budjetlarining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining barcha tushumlari va xarajatlarini (ular oʻrtasidagi transfertlarni hisobga olmagan holda) hamda davlat tashqi qarzi hisobidan davlat dasturlariga xarajatlarni hisobga olib borish uchun tuziladi.
46-modda. Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti tarkibi
Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti tarkibiga quyidagilar kiradi:
Davlat budjeti;
davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari;
budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari;
davlat tashqi qarzi hisobidan davlat dasturlariga xarajatlar.
Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti mablagʻlari hisobidan shakllantiriladigan, biroq uning tarkibiga kirmaydigan jamgʻarmalarni tashkil etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
8-bob. Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi
47-modda. Umumiy qoidalar
Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi moliyaviy muassasadir va u ustuvor investitsiya loyihalarini hamda iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarini modernizatsiya qilish va texnik jihatdan qayta jihozlashga, mamlakatni muttasil, barqaror va mutanosib ravishda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga erishilishiga, shuningdek samarali tarkibiy va investitsiya siyosati amalga oshirilishiga doir loyihalarni moliyalashtirish uchun ushbu Kodeksda belgilangan mablagʻlarni jamlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasini boshqarish Kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining yuqori boshqaruv organi boʻlib, uning tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining ijro etuvchi direksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining ijro etuvchi organi va mablagʻlarini taqsimlovchidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining ijro etuvchi direksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga:
har yili 1-maygacha Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining kelgusi yil uchun daromadlari va xarajatlari loyihasini;
yilning har choragida hisobot choragidan keyingi oyning 25-kunigacha Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi daromadlari va xarajatlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni taqdim etadi.
48-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining daromadlari
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining daromadlari:
asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozi va Davlat budjeti parametrlarini tasdiqlashda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari bilan strategik resurslarga belgilanadigan chegara narxidan jahon narxining oshishi natijasida tushadigan tushumlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining aktivlarini boshqarishdan, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlarining boʻsh turgan qoldiqlarini joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
qonunchilikka muvofiq boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining mablagʻlari oʻzining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida ochilgan hisobvaraqlarida chet el valyutasida shakllantiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining hisobvaraqlariga tushadigan milliy valyutadagi mablagʻlarning Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining mablagʻlar tushgan sanadagi almashuv kursi boʻyicha chet el valyutasiga konvertatsiyasini amalga oshirib, ularni keyinchalik mazkur jamgʻarmaning valyuta hisobvaragʻiga kiritadi.
49-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining mablagʻlaridan foydalanish yoʻnalishlari
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining mablagʻlaridan:
rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish;
yangi sanoat ishlab chiqarishlarini bundan buyon joylashtirish uchun ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish va rekonstruksiya qilish loyihalarini moliyalashtirish uchun imtiyozli kreditlar berish;
yangidan tashkil etilayotgan moliyaviy institutlarning hamda iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlaridagi chet el investitsiyalari ishtirokidagi strategik ahamiyatga molik korxonalarning ustav kapitaliga investitsiya kiritish;
davlat tomonidan tashqi mablagʻlarni jalb qilish boʻyicha xalqaro moliya institutlari va chet ellik kreditorlar oldidagi majburiyatlarni muddatidan oldin toʻlash;
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash dasturlari doirasida tijorat banklari uchun chet el valyutasida ochiladigan kredit liniyalari orqali investitsiya loyihalarini jadal moliyalashtirish va amalga oshirish;
grant asosida yoki foizsiz kreditlar berish yoʻli bilan ayrim loyihalarning dastlabki yoki uzil-kesil texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni moliyalashtirish;
tasdiqlangan davlat dasturlariga muvofiq yangi zamonaviy xorijiy texnologiyalar, texnika va asbob-uskunalar, strategik ahamiyatga molik boshqa tovarlar xarid qilish uchun imtiyozli kreditlar berish;
ijtimoiy jihatdan ahamiyatga molik milliy davlat dasturlarini hamda ishlab chiqarish va noishlab chiqarish infratuzilmasini shakllantirishga doir loyihalarni grant asosida moliyalashtirish;
qarz oluvchi korxonalarning investitsiya dasturlarini (biznes-rejalarini), shu jumladan ishlab chiqarishni texnik jihatdan qayta jihozlash, ishlab chiqarish quvvatlarining ishlatilishini koʻpaytirish, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish va uni eksport qilish hajmlarini oshirish, qoʻshilgan qiymat oʻsishini taʼminlashga imkon beradigan investitsiya dasturlarini (biznes-rejalarini) tijorat banklari bilan birgalikda moliyalashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining ijro etuvchi devonini saqlab turish hamda uni boshqarish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun foydalaniladi.
IV boʻlim. Budjet tizimi budjetlarining daromadlari
9-bob. Davlat budjeti daromadlari
50-modda. Davlat budjeti daromadlarini shakllantirish
Davlat budjeti daromadlari:
soliqlar, yigʻimlar va davlat boji, shuningdek soliq boʻlmagan toʻlovlar;
davlat aktivlarini joylashtirish, foydalanishga berish va sotishdan olingan daromadlar;
meros, hadya huquqi boʻyicha davlat mulkiga oʻtgan pul mablagʻlari;
yuridik va jismoniy shaxslardan, shuningdek chet davlatlardan tushadigan qaytarilmaydigan pul tushumlari;
rezident-yuridik shaxslarga berilgan budjet ssudalari, kredit liniyalari va chet davlatlarga ajratilgan kreditlar mablagʻlari boʻyicha foizli tushumlar;
qonunchilikka muvofiq boshqa daromadlar hisobidan shakllantiriladi.
51-modda. Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti daromadlarini shakllantirish
Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti daromadlari:
1) belgilangan normativlarga muvofiq:
foyda soligʻi;
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi (qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan qaytarib berilgan daromad soligʻi summasi chegirilgan holda);
aksiz soligʻi;
yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq (bundan qurilish materiallari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq mustasno);
2) bojxona bojlari;
3) qoʻshilgan qiymat soligʻi (qonunchilikda belgilangan tartibda qoʻshilgan qiymat soligʻining oʻrnini qoplash bilan bogʻliq boʻlgan toʻlovlar chegirilgan holda);
4) boshqa daromadlar hisobidan shakllantiriladi. Boshqa daromadlar jumlasiga qonunchilikka muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga yoʻnaltiriladigan davlat bojlari, yigʻimlar, tovon pullari, kompensatsiya toʻlovlari, jarima sanksiyalari va belgilangan normativlar boʻyicha davlat aktivlarini joylashtirishdan va foydalanishga berishdan olingan daromadlar, meros, hadya huquqi boʻyicha davlat mulkiga oʻtkazilgan pul mablagʻlari, yuridik va jismoniy shaxslardan, shuningdek chet davlatlardan tushgan qaytarilmaydigan pul tushumlari, rezident boʻlgan yuridik shaxslarga berilgan budjet ssudalari va chet davlatlarga berilgan kreditlar boʻyicha foiz toʻlovlari, aksiyalarning davlat ulushi (payi) boʻyicha dividendlar (daromadlar), bundan mahalliy davlat hokimiyati organlarining ulushi boʻyicha dividendlar (daromadlar) mustasno, mahsulot taqsimotiga oid bitimlar boʻyicha foyda keltiradigan mahsulotdagi davlat ulushi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining foydasi va boshqa daromadlar kiradi.
52-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining daromadlarini shakllantirish
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining daromadlari:
1) belgilangan normativlarga muvofiq:
foyda soligʻi;
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi (qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan qaytarib berilgan daromad soligʻi summasi chegirilgan holda);
aksiz soligʻi;
yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq (bundan qurilish materiallari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq mustasno).
2) suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
3) mol-mulk soligʻi;
4) yer soligʻi;
5) qurilish materiallari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq;
6) aylanmadan olinadigan soliq;
7) yuridik va jismoniy shaxslardan, shuningdek chet davlatlardan tushgan qaytarilmaydigan pul tushumlari;
8) avtotransport vositalarini sotib olganlik va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi hududiga vaqtinchalik olib kirganlik uchun yigʻim;
9) boshqa daromadlar hisobidan shakllantiriladi. Boshqa daromadlarga qonunchilikka muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga yoʻnaltiriladigan, belgilangan normativlar boʻyicha davlat aktivlarini joylashtirishdan, foydalanishga berishdan va sotishdan olingan daromadlar, davlat bojlari, yigʻimlar, tovon pullari va jarima sanksiyalari, egasiz mol-mulkni, meros huquqi boʻyicha davlat ixtiyoriga oʻtgan mol-mulkni, huquq boʻyicha davlat daromadiga oʻtkazilishi lozim boʻlgan xazinalarni realizatsiya qilishdan tushgan tushumlar mahalliy davlat hokimiyati organlarining ulushi boʻyicha dividendlar (daromadlar) va qonunchilikka muvofiq boshqa daromadlar kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga tushadigan ayrim soliqlar va boshqa daromadlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga, Toshkent shahrining shahar budjetiga qonunchilikda belgilangan miqdorlarda va tartibda taqsimlanishi mumkin.
Soliqlar va boshqa daromadlar belgilangan normativlarga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari, Toshkent shahrining shahar budjeti hamda tumanlar va shaharlar budjetlari oʻrtasida qayta taqsimlanishi mumkin.
11-bob. Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari daromadlari
60-modda. Budjet tashkilotining rivojlantirish jamgʻarmasi daromadlarini shakllantirish
Budjet tashkilotining rivojlantirish jamgʻarmasi daromadlari:
hisobot choragining soʻnggi ish kuni oxirida xarajatlar smetasi boʻyicha tejalgan mablagʻlar, kapital qoʻyilmalarni moliyalashtirish uchun nazarda tutilgan mablagʻlar bundan mustasno;
faoliyat ixtisosligi boʻyicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlar;
budjet tashkiloti balansida turgan mol-mulkni ijaraga berishdan olingan mablagʻlarning bir qismi;
belgilangan tartibda budjet tashkilotlari tasarrufida qoldiriladigan mablagʻlar;
homiylikdan olingan mablagʻlar hisobidan shakllantiriladi.
Budjet tashkilotining rivojlantirish jamgʻarmasiga budjet tashkilotlarining tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlari tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan tushgan tushumlar va ularni ishlab chiqarish boʻyicha xarajatlar oʻrtasidagi ijobiy farq sifatida aniqlanadi.
61-modda. Tibbiyot tashkilotlarining moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasi daromadlarini shakllantirish
Tibbiyot tashkilotlarining moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasi daromadlari:
birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari, shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmati, bolalar tibbiyot muassasalari, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi hamda ijtimoiy kasalliklarga (sil, buyrak yetishmovchiligi, onkologik, ruhiy, narkologik, endokrin, moxov (lepra), yuqumli, jinsiy yoʻl bilan yuqtiriladigan, OITS) ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarida — umumiy xarajatlarning 10 foizi miqdorida, respublika va viloyat darajasidagi boshqa sogʻliqni saqlash muassasalarida — umumiy xarajatlarning 5 foizi miqdorida budjetdan ajratiladigan mablagʻlar;
faoliyat ixtisosligi boʻyicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlar;
hisobot choragining soʻnggi ish kuni oxirida xarajatlar smetasi boʻyicha tejalgan mablagʻlar, kapital qoʻyilmalarni moliyalashtirish uchun nazarda tutilgan mablagʻlar bundan mustasno;
tibbiyot tashkiloti balansida turgan mol-mulkni ijaraga berishdan olingan mablagʻlarning bir qismi;
belgilangan tartibda budjet tashkilotlari tasarrufida qoldiriladigan mablagʻlar;
homiylikdan olingan mablagʻlar hisobidan shakllantiriladi.
Tibbiyot tashkilotlarining moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasiga tibbiyot tashkilotlarining tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlari tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan tushgan tushumlar va ularni ishlab chiqarish boʻyicha xarajatlar oʻrtasidagi ijobiy farq sifatida aniqlanadi.
62-modda. Vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari daromadlarini shakllantirish
Vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari daromadlari belgilangan tartibda davlat bojlari, yigʻimlar va soliq boʻlmagan toʻlovlar, maʼmuriy jarimalar hamda moliyaviy sanksiyalardan ajratmalar hisobidan shakllantiriladi.
63-modda. Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlarini undiriladigan toʻlovlar hisobidan shakllantirish
Budjet tashkilotlari tomonidan budjetdan tashqari mablagʻlar:
oʻquvchilar va tarbiyalanuvchilar davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida, umumtaʼlim maktablarining kuni uzaytirilgan guruhlarida, maktab-internatlarda, olimpiya zaxiralari kollejlarida va boshqa davlat taʼlim tashkilotlarida saqlab turilganligi uchun;
oʻquvchilar bolalar musiqa va sanʼat maktablari hamda davlat qoʻshimcha taʼlim tashkilotlarida taʼlim olganligi uchun;
oliy va oʻrta maxsus, professional davlat taʼlim tashkilotlarida taʼlim olganlik uchun;
statsionar davolash-profilaktika muassasalarida davolanayotganlar tarkibi ovqatlanishi uchun;
qonunchilikka muvofiq boshqa turdagi undiriladigan toʻlovlar hisobidan shakllantiriladi.
Undiriladigan toʻlovlarning miqdorlari, ularni kiritish va ulardan foydalanish tartibi, shuningdek undiriladigan toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar qonunchilik bilan belgilanadi.
12-bob. Begʻaraz yordam
64-modda. Begʻaraz yordam turlari
Begʻaraz yordam insonparvarlik yordami va texnik koʻmaklashish mablagʻlari tarzida beriladi.
Insonparvarlik yordami aholining ijtimoiy nochor guruhlariga tibbiy va ijtimoiy yordam koʻrsatish, ijtimoiy soha muassasalarini qoʻllab-quvvatlash, tabiiy ofatlar, avariyalar va halokatlar, epidemiyalar, epizootiyalar va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularning oqibatlarini tugatish uchun dori vositalari va tibbiy buyumlar, oziq-ovqat, xalq isteʼmoli tovarlari, boshqa tovarlar, shu jumladan asbob-uskunalar, transport va texnika, shuningdek ixtiyoriy xayriyalar, ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish, shu jumladan insonparvarlik yordami yuklarini tashish, kuzatib borish va saqlash tarzida beriladi. Tamaki mahsulotlari, alkogol mahsulotlari, harbiy maqsad uchun moʻljallangan tovarlar, shuningdek olib kirilishi taqiqlangan tovarlar insonparvarlik yordami sirasiga kiritilishi mumkin emas.
Texnik koʻmaklashish mablagʻlari asbob-uskunalar va texnologiyalarni sotib olish, tajriba-konstruktorlik ishlarini, ilmiy yoki boshqa tadqiqotlarni oʻtkazish, xodimlarni davolash, oʻqitish, ularning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash, maslahat xizmatlari koʻrsatish hamda qonunchilikka muvofiq boshqa maqsadlar uchun natura koʻrinishdagi va pul shaklidagi grantlar tarzida beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek faoliyati foyda olishga qaratilmagan yuridik va jismoniy shaxslar insonparvarlik yordami va texnik koʻmaklashish mablagʻlarini oluvchilar boʻlishi mumkin.
Insonparvarlik yordami va texnik koʻmaklashish mablagʻlarini oluvchilar tegishli donorlar bilan kelishuvlar yoki qonunchilik asosida aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasiga begʻaraz yordam doirasida kelgan tovarlardan tijorat maqsadlarida foydalanish taqiqlanadi.
Mablagʻlar, tovarlar, ishlar va xizmatlarning begʻaraz yordamga mansubligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda aniqlanadi.
65-modda. Insonparvarlik yordamini jalb etish
Insonparvarlik yordamini jalb etishga doir takliflar insonparvarlik yordami boʻyicha hududiy va tarmoq komissiyalari tomonidan har yili 1-iyulga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuboriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi insonparvarlik yordami boʻyicha hududiy va tarmoq komissiyalarining takliflari asosida kelgusi yilda insonparvarlik yordamini jalb etish uchun jamlanma buyurtmani 31-iyuldan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritadi.
Insonparvarlik yordamini jalb etish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan insonparvarlik yordamini jalb etishga doir jamlanma buyurtma asosida amalga oshiriladi.
66-modda. Texnik koʻmaklashish mablagʻlarini jalb etish
Kelgusi yil uchun texnik koʻmaklashish boʻyicha ustuvor loyihalarning roʻyxati vazirliklar va idoralarning, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining (loyiha tashabbuskorlarining) takliflari asosida joriy yilning 31-mayiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tuziladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritiladi.
Kelgusi yil uchun texnik koʻmaklashish mablagʻlarini jalb qilishni donorlar bilan ishlab chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Texnik koʻmaklashish boʻyicha ustuvor loyihalar roʻyxati asosida amalga oshiriladi.
Texnik koʻmaklashish boʻyicha ustuvor loyihalarning ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun donorlar bilan ishlab chiqilgan roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kelgusi yilning 10-fevraligacha tasdiqlanadi.
67-modda. Begʻaraz yordam oluvchilarning majburiyatlari
Begʻaraz yordam oluvchilar:
begʻaraz yordam loyihalari boʻyicha donorlar bilan kelishuvlarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirliklar va idoralar bilan kelishib olishi hamda ularda nazarda tutilgan, oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarishi;
olingan begʻaraz yordamdan maqsadli va samarali foydalanilishini taʼminlashi;
olingan begʻaraz yordamning hisob va hisobotlarda aks ettirilishini taʼminlashi;
begʻaraz yordam doirasida kelgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvini oʻz vaqtida amalga oshirishi;
begʻaraz yordam kelganligi va foydalanilganligi yuzasidan hisobot taqdim etishi shart.
Texnik koʻmaklashish mablagʻlarini oluvchilar ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan majburiyatlar bilan bir qatorda, shuningdek:
texnik koʻmaklashish loyihasini amalga oshirish boʻyicha tadbirlar rejasini va uni oʻzlashtirish jadvalini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritishi;
texnik koʻmaklashish mablagʻlari kelib tushishi uchun vakolatli banklarda maxsus hisobvaraqlar ochishi;
texnik koʻmaklashish loyihasi amalga oshirilganligi toʻgʻrisidagi yakuniy hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga taqdim etishi shart.
68-modda. Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan koʻrsatiladigan begʻaraz yordam
Oʻzbekiston Respublikasining begʻaraz yordam koʻrsatishi toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan begʻaraz yordam koʻrsatgan vakolatli organ hisobot yilidan keyingi yilning 1-martigacha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga moliyaviy hisobotlar taqdim etadi.
V boʻlim. Budjet tizimi budjetlarining xarajatlari
13-bob. Davlat budjeti xarajatlari
69-modda. Davlat budjeti xarajatlarining tarkibi
Davlat budjetining xarajat qismi quyidagilardan iborat:
ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash xarajatlari;
nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash xarajatlari;
iqtisodiyot xarajatlari;
markazlashtirilgan investitsiyalarni moliyalashtirish xarajatlari;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini, adliya va prokuratura organlarini saqlab turish xarajatlari;
sudlarni saqlab turish xarajatlari;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini saqlab turish xarajatlari;
boshqa xarajatlar.
Davlat budjetining xarajat qismi tarkibida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalari hisobga olinadi.
70-modda. Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining xarajatlari
Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan quyidagi xarajatlar amalga oshiriladi:
1) ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash xarajatlari, shu jumladan:
maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta taʼlim, oʻrta maxsus, professional taʼlim, oliy taʼlim, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim, qoʻshimcha taʼlim, kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tashkilotlari, bolalar uylari, davlat taʼlim tashkilotlarini axborot-uslubiy jihatdan taʼminlash muassasalari, vazirliklar va idoralar tasarrufidagi davlat taʼlim tashkilotlari, boshqa yordamchi muassasalarni saqlab turish, shuningdek qonunchilikda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtirilishi nazarda tutilgan taʼlim tizimi tadbirlarining xarajatlari;
respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi, OITSga qarshi kurashish respublika markazi, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati, karantin va oʻta xavfli infeksiyalar profilaktikasi, ilmiy-tadqiqot institutlari va davlat oliy taʼlim tashkilotlarining klinikalari, qon quyish xizmati va sud-tibbiyot ekspertizasi respublika muassasalari, respublika vazirliklari va idoralari tasarrufidagi boshqa davolash-profilaktika muassasalari hamda yordamchi tashkilotlarni saqlab turish, shuningdek qonunchilikda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtirilishi nazarda tutilgan xizmatlar haqini toʻlash xarajatlari;
qonunchilikka muvofiq ayrim toifadagi fuqarolarga tibbiy xizmatlar koʻrsatilganligi uchun respublika ixtisoslashtirilgan markazlari xarajatlarining oʻrnini qoplash (subsidiyalar);
qabul qilingan davlat dasturlariga muvofiq fuqarolarning sogʻligʻini saqlash tadbirlarini amalga oshirish xarajatlari;
respublika vazirliklari va idoralari tasarrufidagi madaniyat, jismoniy tarbiya va sport muassasalarini saqlab turish, tele- va radiodasturlar yaratish hamda ularni tarqatishga doir xizmatlar taʼminoti va ularga haq toʻlash, hukumatning alohida qarorlariga koʻra ommaviy axborot vositalarini saqlab turish, kino- va videomahsulotlar yaratish, madaniy meros obyektlarida restavratsiya ishlarini bajarish, tasdiqlangan kalendar rejalarga muvofiq madaniyat va sportni rivojlantirish boʻyicha qonunchilikda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtirilishi nazarda tutilgan maqsadli tadbirlar xarajatlari;
fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsiya ishlarining davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida grantlar boʻyicha amalga oshiriladigan ilmiy-texnik loyihalar, noyob ilmiy obyektlarni va fanga xizmat koʻrsatuvchi muassasalarni saqlab turish, ilmiy loyihalar ekspertizasini oʻtkazish hamda qonunchilikka muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti hisobidan amalga oshiriladigan fanga doir alohida tadbirlar xarajatlari;
davlat arxivlarini saqlab turish xarajatlari;
respublika vazirliklari va idoralari tasarrufidagi urush hamda mehnat faxriylari uchun pansionatlar va sanatoriylarni, aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasalarini saqlab turish, shuningdek qonunchilikda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtirilishi nazarda tutilgan, aholini ijtimoiy muhofaza qilishga doir maqsadli tadbirlar xarajatlari;
davlat mukofotlari, davlat pul mukofotlari bilan taqdirlanganligi munosabati bilan bir yoʻla beriladigan davlat pul mukofotlari va mukofotlarini toʻlash xarajatlari;
bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga va bola tugʻilganda beriladigan nafaqalarni, qonunchilikda ayrim toifadagi shaxslarga belgilangan kompensatsiyalarni toʻlash uchun vakolatli organga mablagʻlar ajratish xarajatlari;
Chernobil AES halokati oqibatlarini tugatishda ishtirok etgan shaxslarni va radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ayrim toifadagi shaxslarga qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va kompensatsiyalarni toʻlash xarajatlari jamoat ishlarini moliyalashtirish;
kam taʼminlangan oilalarga toʻlanadigan ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam.
2) davlat grantlari, subsidiyalar va ijtimoiy buyurtma shaklida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash xarajatlari;
3) iqtisodiyot xarajatlari, shu jumladan:
agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi sohasidagi respublika nazorat organlarining xarajatlari, suv va oʻrmon xoʻjaligi xarajatlari, qishloq xoʻjaligi ekinlari zararkunandalariga qarshi kurashish muassasalarining xizmatlariga va ularni saqlab turishga haq toʻlash xarajatlari;
hosildorligi past yerlarda davlat ehtiyojlari uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash xarajatlari;
qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan toʻlanadigan yagona yer soligʻi boʻyicha tushumlarga muvofiq budjetdan ajratiladigan mablagʻlar va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasining har yili tasdiqlanadigan asosiy parametrlari doirasida budjetdan ajratiladigan maqsadli mablagʻlar;
qonunchilikda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtirilishi nazarda tutilgan standartlashtirish va sertifikatlashtirish, topografiya-geodeziya, kartografiya va kadastr, shuningdek geologiya qidiruv ishlari, davlat shaharsozlik kadastrini yuritish xarajatlari, chegaradosh davlatlarga haq evaziga yerdan foydalanish toʻlovi, gidrometeorologiya xizmati muassasalarini saqlab turish xarajatlari;
atrof muhit va landshaftning muhofaza qilinishini, biologik xilma-xillikning himoya qilinishini taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlar;
ichimlik suvi bilan taʼminlash tizimini rivojlantirish bilan bogʻliq xarajatlar.
4) respublika vazirliklari va idoralari buyurtmachi boʻlgan markazlashtirilgan investitsiyalarni moliyalashtirish xarajatlari;
5) davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini, adliya va prokuratura organlarini saqlab turish xarajatlari, shu jumladan:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarini;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasini;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasini;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudini;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasini;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Devonini;
qonunchilikda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlaridan saqlab turilishi nazarda tutilgan davlat boshqaruvi organlarini;
Oʻzbekiston Respublikasining chet ellardagi muassasalarini saqlab turish xarajatlari;
adliya va prokuratura organlarini.
6) sudlarni saqlab turish xarajatlari;
7) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasini shakllantirish xarajatlari;
8) boshqa xarajatlar:
siyosiy partiyalarga ularning ustavida belgilangan faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratiladigan mablagʻlar;
Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchi boʻlgan xalqaro tashkilotlarga aʼzolik badallarini toʻlash va ularni moliyalashtirishda ishtirok etish xarajatlari;
davlat qarzi boʻyicha foiz toʻlovlari va davlat kafolatini bajarish bilan bogʻliq xarajatlar;
davlat buyurtmasi boʻyicha statistika ishlariga haq toʻlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining saylovlar va referendumlarga tayyorgarlik koʻrish hamda ularni oʻtkazish boʻyicha xarajatlari, shu jumladan okrug va uchastka saylov komissiyalarini, siyosiy partiyalarni moliyalashtirish;
davlat zaxiralari va strategik zaxiralarni vujudga keltirish, saqlab va yangilab turish bilan bogʻliq xarajatlar;
mudofaaga, jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlashga, bojxona organlariga ajratiladigan mablagʻlar, shu jumladan harbiy xizmatni, ichki ishlar organlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida, bojxona organlarida xizmatni oʻtagan shaxslar hamda ularning oilalariga pensiyalar va nafaqalar uchun xarajatlar, shuningdek qonunchilikka muvofiq faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtiriladigan muassasalar, tashkilotlar va idoralarga ajratiladigan mablagʻlar;
qonunchilikka muvofiq boshqa xarajatlar.
71-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining xarajatlari
Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjetidan quyidagi xarajatlar amalga oshiriladi:
1) ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash xarajatlari, shu jumladan:
umumiy oʻrta taʼlim, qoʻshimcha taʼlim, pedagog kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash, boshqa yordamchi va uslubiy taʼlim muassasalari va tashkilotlarini saqlab turish xarajatlari;
bolalar uylari, davlat bolalar shaharchalarini saqlab turish, qonunchilikda Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjetidan moliyalashtirilishi nazarda tutilgan taʼlim tizimidagi yordamchi xizmatlar va maqsadli tadbirlar xarajatlari;
Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi filialini, koʻp tarmoqli va ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarini, ixtisoslashtirilgan kasalxonalar va dispanserlarni, tugʻruqxonalar va akusherlik majmualarini, tibbiy tashxis qoʻyish markazlarini hamda hududiy sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmalarini, qon quyish xizmati va sud-tibbiyot ekspertizasi muassasalarini, Salomatlik va strategik rivojlanish instituti filialini, hududiy sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari tasarrufidagi boshqa davolash-profilaktika muassasalarini hamda yordamchi tashkilotlarni saqlab turish, shuningdek qonunchilikda Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjetidan moliyalashtirilishi nazarda tutilgan xizmatlarga haq toʻlash xarajatlari;
tuman tibbiyot birlashmalarini, tuman markaziy poliklinikalarini va yotoq joysiz dispanserlarni, tumanlar (shaharlar) tibbiyot birlashmalari tasarrufidagi davolash-profilaktika muassasalarini, oilaviy poliklinikalarni hamda qishloq vrachlik punktlarini, tuman (shahar) sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boʻlimlarini saqlab turish xarajatlari;
qabul qilingan davlat dasturlariga muvofiq fuqarolarning sogʻligʻini saqlash tadbirlarini amalga oshirish xarajatlari;
hududiy madaniyat, jismoniy tarbiya va sportni boshqarish organlari tasarrufidagi madaniyat, jismoniy tarbiya va sport muassasalarini saqlab turish, shuningdek madaniyat va sportni rivojlantirishga doir maqsadli tadbirlarni amalga oshirish xarajatlari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tasarrufidagi arxivlarni saqlab turish xarajatlari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari tasarrufidagi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun internat uylari, pansionatlari va sanatoriylarini, nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlarini, boshqa muassasalarni saqlab turish xarajatlari, shuningdek aholini ijtimoiy muhofaza qilishga doir maqsadli tadbirlar xarajatlari;
shahar yoʻlovchilar transporti tashuvchilarining yoʻlovchilarni va bagajni cheklangan tariflar boʻyicha tashish, shuningdek alohida toifadagi fuqarolarni imtiyozli tashish xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq zararlarning oʻrnini qoplash xarajatlari;
tabiiy ofatlardan jabrlangan oilalarga moddiy yordam.
2) iqtisodiyot xarajatlari, shu jumladan:
qishloq xoʻjaligi tashkilotlarini saqlab turish, shu jumladan hayvonlar kasalliklariga qarshi kurashuvchi muassasalar xizmatlariga haq toʻlash, yerlarni rekultivatsiya qilish ishlarini bajarish, shuningdek suv xoʻjaligi tashkilotlarini saqlab turish;
uy-joy-kommunal xoʻjaligi obyektlarida taʼmirlash ishlarini olib borish;
suv yoʻllarining ayrim texnik uchastkalarini saqlab turish;
aholi punktlarini obodonlashtirish;
issiqlik energiyasini ishlab chiqaruvchilarning aholiga koʻrsatilgan issiqlik taʼminoti xizmatlari uchun pasaytirilgan tariflarni qoʻllash natijasida yuzaga keladigan zararlarining oʻrnini qoplash xarajatlari;
qonunchilikda nazarda tutilgan oʻrmon xoʻjaligini, oʻsimliklar karantinini saqlab turish xarajatlari;
3) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari buyurtmachi boʻlgan markazlashtirilgan investitsiyalarni moliyalashtirish xarajatlari;
4) mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini, shu jumladan:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesini;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi vazirliklari va idoralari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, ularning boshqarmalari va boʻlimlarini hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishi nazarda tutilgan davlat boshqaruvi organlarining boshqa hududiy boʻlinmalarini saqlab turish xarajatlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasining hududiy organlarini saqlab turish xarajatlari;
5) Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining zaxira jamgʻarmalarini shakllantirish xarajatlari;
6) jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan, shuningdek davlat organlarining yoki ushbu organlar mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) natijasida yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash xarajatlari;
61) harbiy-maʼmuriy sektorga yuklatilgan tadbirlarni va vazifalarni amalga oshirish va hal qilish xarajatlari.
62) davlat grantlari, subsidiyalar va ijtimoiy buyurtma shaklida nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash xarajatlari;
7) Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar va tadbirlarning xarajatlari.
8) advokatlar tomonidan koʻrsatiladigan yuridik yordam uchun haq toʻlash xarajatlari;
9) koʻp kvartirali uy-joy fondiga tutash hududlarni taʼmirlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tizimiga kiruvchi issiqlik taʼminoti tashkilotlarining issiqlik tarmoqlarini va qozonxona uskunalarini mukammal taʼmirlash xarajatlari;
10) davlat qarzi boʻyicha foiz xarajatlari va davlat kafolatini bajarish bilan bogʻliq boshqa xarajatlar.
72-modda. Tumanlar va shaharlar budjetlarining xarajatlari
Tumanlar va shaharlar budjetlaridan quyidagi xarajatlar amalga oshiriladi:
1) ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash xarajatlari, shu jumladan:
tumanlar (shaharlar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlarini, shuningdek ular tasarrufidagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarini, umumiy oʻrta taʼlim, qoʻshimcha taʼlim muassasalari va tashkilotlarini saqlab turish hamda qonunchilikda tumanlar va shaharlar budjetlaridan moliyalashtirilishi nazarda tutilgan taʼlim tizimidagi tadbirlar xarajatlari;
tuman tibbiyot birlashmalari, tuman markaziy poliklinikalari va koykasiz dispanserlar, tumanlar (shaharlar) tibbiyot birlashmalari tasarrufidagi davolash-profilaktika muassasalari, oilaviy poliklinikalar, qishloq vrachlik punktlarini, tuman (shahar) sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boʻlimlarini saqlab turish xarajatlari;
qabul qilingan davlat dasturlariga muvofiq fuqarolarning sogʻligʻini saqlash tadbirlarini amalga oshirish xarajatlari;
tumanlar (shaharlar) madaniyat boʻlimlari tasarrufidagi madaniyat muassasalarini, jismoniy tarbiya va sport muassasalarini saqlab turish, shuningdek madaniyatni, jismoniy tarbiya va sportni, bolalar musiqa va sanʼat maktablarini rivojlantirishga doir maqsadli tadbirlar xarajatlari;
uyda ijtimoiy yordam koʻrsatish, Chernobil AES halokati oqibatlarini tugatishda ishtirok etgan shaxslarni va radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash xarajatlari;
tabiiy ofatlardan jabrlangan oilalarga moddiy yordam toʻlash xarajatlari;
2) iqtisodiyot xarajatlari, shu jumladan:
tumanlar va shaharlar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimlarini, laboratoriyalarni saqlab turish;
suv yetkazib berish xizmatlari faoliyatini moliyalashtirish;
shaharlar va boshqa aholi punktlaridagi koʻchalarni, shuningdek xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllarini taʼmirlash;
uy-joy-kommunal xoʻjaligi obyektlarida taʼmirlash ishlarini olib borish;
aholi punktlarini obodonlashtirish xarajatlari;
3) tuman va shahar hokimliklarini hamda ularning boʻlimlarini, shuningdek tumanlar va shaharlar budjetlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishi nazarda tutilgan davlat boshqaruvi organlarining boshqa hududiy boʻlinmalarini saqlab turish xarajatlari;
4) fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini saqlab turish xarajatlari;
5) tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalarini shakllantirish xarajatlari;
51) jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirish xarajatlari;
6) boshqa xarajatlar, shu jumladan qonunchilikda tumanlar va shaharlar budjetlaridan moliyalashtirilishi nazarda tutilgan ayrim tashkilotlar va tadbirlarning xarajatlari.
73-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetining zaxira jamgʻarmalari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalari moliya yili mobaynida iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy va boshqa sohalardagi qoʻshimcha, koʻzda tutilmagan xarajatlar oʻz vaqtida hamda uzluksiz moliyalashtirilishini taʼminlash uchun tashkil etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalari mablagʻlari tegishincha Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga va Toshkent shahrining shahar budjetiga, tumanlar va shaharlarning budjetlariga tushadigan daromadlar hisobidan shakllantiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining zaxira jamgʻarmalarining miqdori Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi qabul qilinayotganda belgilanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalari miqdori Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining parametrlari tasdiqlanayotganda belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalari mablagʻlarining taqsimlovchilari tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlaridir.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalari mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi iqtisodiyot va moliya organlari bilan dastlab kelishilgan takliflar tashabbuskorlar tomonidan tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlariga belgilangan tartibda kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalari mablagʻlari tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlarining qarorlari asosida, ushbu qarorlarda koʻrsatilgan aniq maqsadlarga va miqdorlarda sarflanadi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalaridan qoʻshimcha mablagʻlar ajratilishi taklif etilayotgan maqsadlar uchun Davlat budjetida ham mablagʻlar nazarda tutilgan boʻlsa, u holda tegishli zaxira jamgʻarmalarining mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi takliflar faqat ilgari tegishli budjetda nazarda tutilgan mablagʻlar sarflab boʻlinganidan keyingina kiritiladi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalaridan mablagʻlar ajratilgan tadbirlar muayyan muddatga ega boʻlsa, u holda foydalanilmay qolgan mablagʻlar tadbirlarni oʻtkazish muddati tugaganidan keyin oʻn ish kuni ichida tegishli zaxira jamgʻarmasiga tiklanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmasidan ajratilib, moliya yili davomida foydalanilmay qolgan budjetdan ajratilgan mablagʻlar moliya yili tugagach tegishli budjetga tiklanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmasidan mablagʻlar oluvchilar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga hamda tegishli hududiy iqtisodiyot va moliya organlariga tegishli zaxira jamgʻarmasidan ajratilgan mablagʻlardan foydalanilishi toʻgʻrisida har chorakda hisobot taqdim etadi.
15-bob. Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari xarajatlari
81-modda. Budjet tashkilotining rivojlantirish jamgʻarmasi hamda Tibbiyot tashkilotlarining moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasi xarajatlari
Budjet tashkilotining rivojlantirish jamgʻarmasi hamda Tibbiyot tashkilotlarining moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlaridan:
vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqalarini va mavjud kreditorlik qarzlarini toʻlash;
budjet tashkilotining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash tadbirlari;
budjet tashkiloti xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tadbirlari uchun foydalaniladi.
Budjet tashkilotida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boʻyicha toʻlanmagan nafaqalar va muddati oʻtgan kreditorlik qarz mavjud boʻlgan taqdirda, Budjet tashkilotining rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari birinchi navbatda ushbu qarzlarni toʻlash uchun sarflanadi.
Ushbu modda birinchi qismining uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan yoʻnalishlar boʻyicha taqsimlanadigan mablagʻlar ulushi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilanadi.
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan budjet tashkilotlariga koʻrsatilgan homiylik mablagʻlarining jami summasi, agar homiy tomonidan boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, budjet tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun sarflanadi.
82-modda. Vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari xarajatlari
Vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlaridan:
moddiy-texnik bazani mustahkamlash;
xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish;
boshqa xarajatlarni qoplash uchun foydalaniladi.
Vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan xodimlarning qoʻshimcha sonini saqlab turish taqiqlanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan hollar bundan mustasno.
Vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Maxsus qism
VI boʻlim. Davlat budjetini va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarini tuzish, koʻrib chiqish, qabul qilish hamda tasdiqlash
16-bob. Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining loyihasini tuzish tartibi
83-modda. Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini ishlab chiqish
Navbatdagi yil uchun Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi hamda kelgusi ikki yilga budjet moʻljallari oʻrta muddatli davr uchun ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari va makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozi asosida ishlab chiqiladi.
Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini ishlab chiqish:
budjet soʻrovini tuzish tartibini yuborishni;
budjet soʻrovlarini hamda asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozlarini tayyorlash va taqdim etishni;
budjet soʻrovlarini koʻrib chiqish va jamlashni;
budjetnomani ishlab chiqishni nazarda tutadi.
84-modda. Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari loyihalarini tuzish uchun masʼul organlar
Davlat budjeti loyihasini tuzish uchun masʼul organlar quyidagilardir:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi;
vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, budjetlar loyihalarini tuzish, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan soʻralgan axborot va maʼlumotlarni taqdim etishga taalluqli qismi boʻyicha.
Davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining loyihalarini tuzish uchun masʼul organlardir.
85-modda. Budjet soʻrovi
Budjet soʻrovi:
budjet tashkilotining, budjet mablagʻlari oluvchining va budjet mablagʻlarini taqsimlovchining budjet tizimi budjetlari mablagʻlaridan foydalanish bilan bogʻliq faoliyatining miqdor va sifat koʻrsatkichlarini oʻz ichiga oluvchi, oʻtgan yilda erishilgan natijalar va joriy yilda kutilayotgan natijalar toʻgʻrisidagi tahliliy hisobotni;
xarajat majburiyatlarining ularni kiritish (ijro etish) uchun asos boʻladigan hamda moliyalashtirish manbalari va amal qilish muddatlarini belgilaydigan normativ-huquqiy hujjatlar, shartnomalar va (yoki) ularning alohida qoidalari koʻrsatilgan reyestrini;
budjet mablagʻlarini taqsimlovchining rivojlantirish dasturini;
budjet mablagʻlarini taqsimlovchining rivojlantirish dasturi bilan uzviy bogʻliq holda tuzilgan kelgusi davr uchun budjet buyurtmasini oʻz ichiga oladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar budjet soʻrovi bilan bir vaqtda tegishli budjetlar va davlat maqsadli jamgʻarmalari daromadlarining kelgusi davr uchun prognozlarini taqdim etadi.
Budjet soʻrovini tuzish tartibi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
86-modda. Oʻtgan yilda erishilgan natijalar va joriy yilda kutilayotgan natijalar toʻgʻrisidagi tahliliy hisobot
Oʻtgan yilda erishilgan natijalar va joriy yilda kutilayotgan natijalar toʻgʻrisidagi tahliliy hisobot budjet tashkiloti, budjet mablagʻlari oluvchi va budjet mablagʻlarini taqsimlovchi tomonidan tuziladi hamda budjet tashkiloti, budjet mablagʻlari oluvchi va budjet mablagʻlarini taqsimlovchining faoliyatini baholash, bundan buyon uni budjet tizimi budjetlarining mablagʻlari hisobidan moliyalashtirishning maqsadga muvofiqligi haqida takliflar tayyorlash uchun foydalaniladi.
Oʻtgan yilda erishilgan natijalar va joriy yilda kutilayotgan natijalar toʻgʻrisidagi tahliliy hisobot budjet tashkiloti, budjet mablagʻlari oluvchi va budjet mablagʻlarini taqsimlovchining har bir faoliyat turi boʻyicha oʻtgan yilda erishilgan va joriy yilda kutilayotgan natijalarining asosiy miqdor va sifat koʻrsatkichlari haqidagi axborotni oʻz ichiga oladi.
Oʻtgan yilda erishilgan natijalar va joriy yilda kutilayotgan natijalar toʻgʻrisidagi tahliliy hisobot qisqa va aniq shaklda bayon etilishi hamda u mazkur faoliyat sohasida kasbiy bilimlarga ega boʻlmagan shaxslarning uni tushunishini qiyinlashtiradigan maxsus atamalarni oʻz ichiga olmasligi kerak.
87-modda. Xarajat majburiyatlarining reyestri
Xarajat majburiyatlarining reyestri budjet tashkiloti, budjet mablagʻlari oluvchi va budjet mablagʻlarini taqsimlovchi tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat turlari va tadbirlarning budjet tizimi budjetlarining mablagʻlari hisobidan uni moliyalashtirish uchun asos boʻlgan tegishli qonunchilik hujjati koʻrsatilgan roʻyxatidir.
Xarajat majburiyatlarining reyestri budjet tashkiloti, budjet mablagʻlari oluvchi va budjet mablagʻlarini taqsimlovchi tomonidan oʻzlari amalga oshirayotgan xarajatlarni asoslanganligi nuqtai nazaridan tahlil qilish uchun budjet tasnifiga muvofiq tuziladi.
88-modda. Budjet mablagʻlarini taqsimlovchining rivojlantirish dasturi
Budjet mablagʻlarini taqsimlovchining rivojlantirish dasturi budjet mablagʻlarini taqsimlovchi tomonidan uch yildan kam boʻlmagan davr uchun tuziladi va quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
budjet mablagʻlarini taqsimlovchi faoliyatining barcha sohalari boʻyicha rivojlanishning asosiy yoʻnalishlari, maqsadlari vazifalarini, sifat va miqdor koʻrsatkichlarini;
maqsadlarga erishish va vazifalarni bajarishga qaratilgan oʻzaro bogʻliq huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy va texnik tadbirlar majmuini;
maqsadlarga erishish va vazifalarni bajarishni taʼminlaydigan, muddatlari va turlari boʻyicha kelishilgan kutilayotgan natijalar koʻrsatkichlari tizimini.
Budjet mablagʻlarini taqsimlovchining rivojlantirish dasturi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan belgilangan maqsad va vazifalarga asoslanadi.
Budjet mablagʻlarini taqsimlovchining rivojlantirish dasturi budjet mablagʻlarini taqsimlovchi tomonidan yuqori turuvchi organ bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
89-modda. Budjet buyurtmasi
Budjet buyurtmasi budjet tashkiloti, budjet mablagʻlari oluvchi va budjet mablagʻlarini taqsimlovchi tomonidan tuziladi.
Budjet tashkiloti yoxud budjet mablagʻlari oluvchi tomonidan tuzilgan budjet buyurtmasi tegishli budjet mablagʻlarini taqsimlovchiga budjet mablagʻlarini taqsimlovchi tomonidan belgilangan muddatda, biroq tegishli iqtisodiyot va moliya organi va davlat maqsadli jamgʻarmasini taqsimlovchi organga budjet soʻrovini taqdim etish muddatidan kechiktirmasdan taqdim etiladi.
Budjet buyurtmasida oʻtgan va joriy yillar uchun hamda kelgusi uch yil uchun budjet tizimi budjetlarining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan xarajatlar budjet tasnifiga muvofiq aks ettiriladi.
Budjet mablagʻlarini taqsimlovchi oʻz tasarrufidagi budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning budjet buyurtmalari asosida jamlanma budjet buyurtmasini tuzadi.
Budjet mablagʻlarini taqsimlovchining jamlanma budjet buyurtmasi budjet mablagʻlarini taqsimlovchining rivojlantirish dasturi bilan uzviy bogʻliq holda tuziladi.
Budjet buyurtmasida xarajatlar hajmlarini oʻtgan yillarga nisbatan koʻpaytirishga faqat asoslovchi qonun hujjati boʻlgan taqdirda va mazkur koʻpaytirish budjet mablagʻlarini taqsimlovchining rivojlantirish dasturida nazarda tutilgan hollarda yoʻl qoʻyiladi.
90-modda. Oʻrta muddatli davr uchun fiskal strategiyani ishlab chiqish tartibi
Oʻrta muddatli davr uchun fiskal strategiya (bundan buyon matnda Fiskal strategiya deb yuritiladi):
makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning oʻrta muddatli davr uchun prognozlarini;
soliq va budjet siyosatining oʻrta muddatli davr uchun asosiy yoʻnalishlarini;
Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti daromadlari va xarajatlarining soliq-budjet siyosatidan kelib chiqqan holda hisoblangan oʻrta muddatli davr uchun prognozlarini;
kelgusi moliya yili uchun budjet tizimi budjetlari daromadlari prognozini va ular asosida kelgusi ikki yil uchun ishlab chiqilgan maqsadli moʻljallarni;
kelgusi moliya yili uchun budjet tizimi budjetlari xarajatlari prognozini va ular asosida kelgusi ikki yil uchun ishlab chiqilgan maqsadli moʻljallarni;
umumiy fiskal balans prognozlarini;
Davlat budjetining birlamchi profitsiti yoki birlamchi taqchilligi prognozlarini;
fiskal tavakkalchiliklar tahlilini oʻz ichiga oladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan har yili 15-aprelga qadar oʻrta muddatli davr uchun kamida ikkita ssenariydagi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozining dastlabki bahosi ishlab chiqiladi.
Fiskal strategiyani ishlab chiqish uchun:
birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar tomonidan — har yili 1-mayga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qabul qilingan qarorlari, shuningdek davlat dasturlari asosida oʻrta muddatli davrda amalga oshiriladigan, shuningdek tugash muddati kelgan tadbirlar roʻyxati hisobga olingan holda zarur boʻlgan mablagʻlar, obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qoʻyilmalar toʻgʻrisidagi dastlabki takliflar;
davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar tomonidan — har yili 1-mayga qadar navbatdagi oʻrta muddatli davr uchun davlat maqsadli jamgʻarmalarining daromadlar prognozlari va xarajatlarning dastlabki miqdorlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qabul qilingan qarorlari, shuningdek davlat dasturlari asosida kelgusi oʻrta muddatli davrda amalga oshiriladigan, shuningdek tugash muddati kelgan tadbirlarning bajarilishini zarur boʻlgan mablagʻlar bilan taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan budjetlararo transfertlarning dastlabki miqdorlari boʻyicha takliflar;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan — har yili 1-mayga qadar daromadlar prognozlari, xarajatlarning (joriy xarajatlar hamda obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qoʻyilmalar) dastlabki miqdorlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan budjetlararo transfertlarning dastlabki miqdorlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi hamda boshqa vazirliklar, shuningdek idoralar tomonidan — har yili 15-mayga qadar amaldagi soliq-budjet siyosatidan kelib chiqqan holda oʻrta muddatli davr uchun Davlat budjetiga soliq va bojxona tushumlarining prognozlari boʻyicha hisob-kitoblar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etiladi.
Fiskal strategiyani ishlab chiqishda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi kelgusidagi oʻrta muddatli davr uchun birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qoʻyilmalarga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdorlarini belgilaydi.
Fiskal strategiya Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi.
901-modda. Fiskal strategiyani tasdiqlash
Kelgusi yil uchun yangilangan Fiskal strategiya:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga joriy yilning 1-iyuniga qadar kiritiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida joriy yilning 15-iyuniga qadar muhokama qilinadi va tasdiqlanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga maʼlumot uchun kiritiladi va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan oʻzining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
902-modda. Davlat budjetini shakllantirishda budjetdan ajratiladigan budjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlarini yetkazish tartibi
Fiskal strategiya Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanganidan keyin besh ish kuni ichida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi kelgusi moliya yili uchun:
birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga, Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlariga va budjet mablagʻlarini oluvchilarga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ikkinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga — Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan budjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlarini, shuningdek obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qoʻyilmalar boʻyicha xarajatlarning cheklangan miqdorlarini;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga — Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga ajratiladigan budjetlararo transfertlarning cheklangan miqdorlarini, shuningdek obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qoʻyilmalar boʻyicha xarajatlarning cheklangan miqdorlarini;
davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlarga — Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan davlat maqsadli jamgʻarmalariga ajratiladigan transfertlarning cheklangan miqdorlarini yetkazadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan kelgusi moliya yili uchun Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan budjetlararo transfertlarning cheklangan miqdorlari asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari besh ish kuni ichida tegishli budjetlarning budjet soʻrovlarini tuzish hamda ularni taqdim etish muddatlarini belgilash toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining budjet soʻrovlarini tuzish hamda ularni taqdim etish muddatlarini belgilash haqida qaror qabul qilinganidan keyin Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari:
tumanlar va shaharlar hokimliklariga Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan ajratiladigan budjetlararo transfertlarning cheklangan miqdorlarini;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan moliyalashtiriladigan hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga — kelgusi moliya yili uchun ajratiladigan budjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlarini yetkazadi.
Tumanlar va shaharlar hokimlari Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan ajratiladigan budjetlararo transfertlarning cheklangan miqdorlarini olganidan keyin uch ish kuni ichida tegishli budjetlarning budjet soʻrovlarini tuzish hamda ularni taqdim etish muddatlarini belgilash toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi.
Tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya boʻlimlari tegishli budjetlarning budjet soʻrovlarini tuzish va ularni taqdim etish muddatlarini belgilash haqidagi qarorlarni olganidan keyin kelgusi moliya yili uchun ajratiladigan budjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlarini tumanlar va shaharlar budjetlaridan moliyalashtiriladigan hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga yetkazadi.
91-modda. Budjet soʻrovlarini koʻrib chiqish tartibi
Budjet soʻrovlarini koʻrib chiqish:
tumanlar va shaharlar budjetlaridan moliyalashtiriladigan hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar boʻyicha — tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya boʻlimlari tomonidan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan moliyalashtiriladigan hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar, shuningdek tumanlar va shaharlar budjetlari loyihalari boʻyicha — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari tomonidan;
birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar tasarrufidagi budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlarini oluvchilar boʻyicha, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtiriladigan ikkinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar boʻyicha — tegishli birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar tomonidan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjeti, shuningdek birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarining obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qoʻyilmalari boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan;
birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari loyihalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hamda davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining loyihalari boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ikkinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar boʻyicha budjet soʻrovlarini koʻrib chiqadi.
92-modda. Budjet soʻrovlarini taqdim etish muddatlari
Kelgusi yil uchun budjet soʻrovlari joriy yilning 1-avgustiga qadar:
Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan, tumanlar va shaharlar budjetlaridan moliyalashtiriladigan hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar tomonidan tegishli iqtisodiyot va moliya organlariga;
birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar, Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtiriladigan obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) hamda jihozlash uchun kapital qoʻyilmalar boʻyicha davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan oʻrta muddatli davr uchun makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning aniqlashtirilgan prognozlari — joriy yilning 15-avgustiga qadar ishlab chiqiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi va boshqa vazirliklar hamda idoralar Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari daromadlarining prognozi boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga hamda davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlarga — joriy yilning 20-avgustigacha taqdim etadi.
Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi kelgusidagi oʻrta muddatli davr uchun makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning aniqlashtirilgan prognozlaridan kelib chiqqan holda Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari daromadlarining yangilangan prognozi boʻyicha tayyorlangan takliflar asosida quyidagilarga:
birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga kelgusi moliya yili uchun ajratiladigan budjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlariga;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining, shuningdek birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning kelgusi moliya yili uchun obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qoʻyilmalar boʻyicha xarajatlarining cheklangan miqdorlariga;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga kelgusi moliya yili uchun Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan budjetlararo transfertlarning cheklangan miqdorlariga;
Davlat maqsadli jamgʻarmalariga kelgusi moliya yili uchun Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan budjetlararo transfertlarning cheklangan miqdorlariga oʻzgartirishlar kiritadi.
Budjet soʻrovlarini koʻrib chiqish jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi budjet soʻrovlari olinganidan keyin bir oy muddatda quyidagilarga bildirishnomalar yuboradi:
birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga va davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlarga — kelgusi moliya yili uchun ajratiladigan budjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlariga kiritilgan oʻzgartirishlar, amalga oshirish uchun asoslar mavjud boʻlmagan, ijtimoiy-iqtisodiy samaradorligi past boʻlgan, budjet daromadlarining tegishli oʻsishi bilan taʼminlanmagan xarajatlarni kamaytirish toʻgʻrisida, shuningdek budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlarini oluvchilar faoliyatining samaradorligi koʻrsatkichlari pasaygan hollarda xarajatlarni maqbullashtirish haqida;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklariga va davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlarga — tegishli budjetlarning va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining daromadlari hamda xarajatlarining prognozlari asossiz ravishda pasaytirilgan yoki oshirilgan hollarda mazkur prognozlarga tuzatish kiritish haqida, shuningdek budjetlararo transfertlarning cheklangan miqdorlari toʻgʻrisida
Bunda birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari va davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining yozma bildirishlarini olganidan keyin uch ish kuni ichida mazkur yozma bildirishlarda koʻrsatilgan fikr-mulohazalarni hisobga olgan holda yangilangan budjet soʻrovlarini taqdim etishi shart.
93-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining hamda davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining loyihalarini tayyorlash muddatlari
Kelgusi moliya yili uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining hamda davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining loyihalari:
tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya boʻlimlari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilangan muddatlarda, biroq joriy yilning 25-iyulidan kechiktirmay;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari, davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga joriy yilning 1-avgustidan kechiktirmay taqdim etiladi.
Davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining loyihalarini tayyorlash tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
94-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining loyihalarini ishlab chiqish
Tumanlar va shaharlar budjetlarining loyihalari tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya boʻlimlari tomonidan:
daromadlar boʻyicha — Davlat budjetiga kiritiladigan daromadlar prognoziga doir takliflar hamda soliq inspeksiyalari, hokimliklarning boʻlimlari va davlat boshqaruvi organlarining boshqa tuman hamda shahar boʻlinmalari tomonidan maʼmuriy-hududiy birlik iqtisodiyotini rivojlantirishning makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognoziga muvofiq taqdim etiladigan boshqa axborot asosida;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan ajratiladigan budjetlararo transfertlarning cheklangan miqdorlari asosida;
xarajatlar boʻyicha — tumanlar va shaharlar budjetlaridan moliyalashtiriladigan hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning budjet soʻrovlari asosida ishlab chiqiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining loyihalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari tomonidan:
daromadlar boʻyicha — Davlat budjetiga kiritiladigan daromadlar prognoziga doir takliflar hamda soliq boshqarmalari va hokimliklarning boshqarmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat boshqaruvi organlarining boʻlinmalari tomonidan maʼmuriy-hududiy birlik iqtisodiyotini rivojlantirishning makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognoziga muvofiq taqdim etiladigan boshqa axborot asosida;
Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan budjetlararo transfertlarning cheklangan miqdorlari asosida;
xarajatlar boʻyicha — Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan, Toshkent shahrining shahar budjetidan moliyalashtiriladigan hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning budjet soʻrovlari hamda tegishli tumanlar va shaharlar budjetlarining loyihalari, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan moliyalashtiriladigan ayrim tadbirlar uchun xarajatlarning prognoz qilinayotgan hajmi asosida ishlab chiqiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining loyihalarini taqchillik bilan ishlab chiqishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tegishli budjetlarni birinchi navbatda ish haqi hamda unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalarini sotib olish, shuningdek kommunal xizmatlar xarajatlarini nazarda tutgan holda shakllantiradi.
Tumanlar va shaharlar hokimliklari tumanlar va shaharlar budjetlari tasdiqlangan xarajatlarining (bundan tumanlar va shaharlar budjetlari zaxira jamgʻarmalarining mablagʻlari mustasno) 5 foiziga teng miqdordagi mablagʻlarni jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiradi.
95-modda. Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining loyihasini ishlab chiqish
Davlat budjetining loyihasini ishlab chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan:
makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozi;
daromadlarning tashkil topish manbalari boʻyicha Davlat budjeti daromadlari prognozi;
birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning budjet soʻrovlari va Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti hisobidan ayrim tadbirlar uchun xarajatlar hajmining prognozi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy budjetlari loyihalari asosida ishlab chiqiladi.
Davlat budjetining loyihasida xarajatlar daromadlarning prognoz qilinayotgan hajmidan kelib chiqib Davlat budjeti taqchilligining cheklangan miqdori hisobga olingan, uni qoplash manbalari belgilangan holda nazarda tutiladi.
Davlat budjetining loyihasida Davlat budjeti daromadlari prognozidan kelib chiqib sudlar faoliyatini moliyalashtirish xarajatlarini kamaytirish mumkin emas.
Davlat budjetining loyihasi:
ushbu Kodeksning 50 va 69-moddalariga muvofiq Davlat budjetining daromadlar manbalari boʻyicha daromadlari va yoʻnalishlar boʻyicha xarajatlari prognozidan;
Davlat budjeti taqchilligining eng yuqori miqdori va uni qoplash manbalaridan tarkib topadi.
Davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar tomonidan ishlab chiqilgan davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining loyihalari tushumlar manbalari boʻyicha daromadlar va yoʻnalishlar boʻyicha xarajatlar prognozidan tarkib topadi.
Davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining loyihalarini taqchillik bilan ishlab chiqishga, agar taqchillik davlat maqsadli jamgʻarmalarining yil boshidagi qoldiq mablagʻlari bilan qoplanmasa, yoʻl qoʻyilmaydi.
96-modda. Budjetnoma
Budjetnoma — erishilgan natijalar hisobga olingan holda mamlakatni kelgusi davrda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini nazarda tutuvchi hujjat boʻlib, ushbu yoʻnalishlar asosida Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Budjetnoma quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning oʻrta muddatli davr uchun prognozini;
Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining joriy yildagi ijrosining prognoz bahosini;
yangilangan Fiskal strategiyani;
prognoz yil uchun Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi daromadlari hamda xarajatlarining loyihasini va kelgusi ikki yil uchun budjet moʻljallarini;
sohalar boʻyicha rivojlanishning asosiy yoʻnalishlari, maqsadlari, vazifalari, sifat va miqdor koʻrsatkichlarini;
davlat qarzining holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi nomidan va Oʻzbekiston Respublikasining kafolati ostida jalb qilinadigan qarz mablagʻlarining yillik cheklangan miqdorini.
17-bob. Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonunni qabul qilish tartibi
97-modda. Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini va budjetnomani kiritish tartibi
Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi va budjetnoma:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga — joriy yilning 15-sentabriga qadar kiritiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga — joriy yilning 20-sentabriga qadar kiritiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasiga xulosa taqdim etishi uchun — joriy yilning 20-sentabriga qadar kiritiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi va oʻrta muddatli davr uchun fiskal strategiya boʻyicha xulosani joriy yilning 5-oktabridan kechiktirmay taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, qoida tariqasida, joriy yilning 15-oktabridan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosasi bilan kiritiladi.
Budjetnoma Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga ham, qoida tariqasida, joriy yilning 15-oktabridan kechiktirmay kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi, oʻrta muddatli davr uchun fiskal strategiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga yuborilishidan oldin majburiy ravishda jamoatchilik muhokamasiga qoʻyiladi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan “Fuqarolar uchun budjet” axborot nashri jamoatchilik muhokamasi uchun parallel ravishda eʼlon qilinadi.
98-modda. Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonunni qabul qilish
Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan, qoida tariqasida, joriy yilning 15-noyabriga qadar koʻrib chiqilishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga koʻrib chiqish uchun qabul qilingan kundan eʼtiboran besh kun ichida yuboriladi.
Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan, qoida tariqasida, joriy yilning 15-dekabridan kechiktirmay maʼqullanadi.
99-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetini, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarini tasdiqlash
Navbatdagi yil uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining loyihalari:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasiga tegishli xulosani taqdim etishi uchun joriy yilning 20-sentabriga qadar yuboriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining loyihalari boʻyicha xulosani joriy yilning 1-oktabridan kechiktirmay taqdim etadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan joriy yilning 10-oktabridan kechiktirmay jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtiriladi;
ularning jamoatchilik muhokamasi yakunlari boʻyicha kelib tushgan asoslangan takliflar va fikr-mulohazalar asosida qayta koʻrib chiqiladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosasi bilan birgalikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan joriy yilning 25-oktabridan kechiktirmay tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga kiritiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining loyihalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosasi tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining masʼul vakillari ishtirokida muhokama qilinadi.
Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonun rasmiy eʼlon qilingandan soʻng Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan bir hafta ichida tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari toʻgʻrisidagi qarorlar Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonunga muvofiqlashtirilgan holda qabul qilinadi.
Navbatdagi yil uchun tumanlar va shaharlar budjetlarining loyihalari tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan:
joriy yilning 10-oktabridan kechiktirmay jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtiriladi;
ularning jamoatchilik muhokamasi yakunlari boʻyicha kelib tushgan asoslangan takliflar va fikr-mulohazalar asosida qayta koʻrib chiqiladi hamda joriy yilning 1-noyabridan kechiktirmay tegishincha xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlariga kiritiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari toʻgʻrisida qarorlar qabul qilinganidan soʻng uch ish kuni ichida xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari ushbu qarorlarga muvofiqlashtirilgan holda tegishincha tumanlarning va shaharlarning budjetlari toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari, tumanlar va shaharlar budjetlari toʻgʻrisidagi tegishli qarorlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan ular qabul qilinganidan soʻng uch ish kuni ichida oʻzlarining rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladi.
100-modda. Davlat budjetini va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarini yetkazish
Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonun rasmiy eʼlon qilinganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan beriladigan budjetlararo transfertlar hajmlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari eʼtiboriga — uch ish kuni ichida;
birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar, Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar uchun nazarda tutilgan budjetdan ajratiladigan mablagʻlar hajmlarini ularning eʼtiboriga — uch ish kuni ichida;
davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar uchun belgilangan daromadlar va xarajatlarning hajmlarini ularning eʼtiboriga — oʻn ish kuni ichida yetkazadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari tasdiqlanganidan keyin Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari:
tumanlar va shaharlar budjetlarining daromadlari va xarajatlari hajmlarini, shuningdek ularga tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan, Toshkent shahrining shahar budjetidan beriladigan budjetlararo transfertlar hajmlarini tumanlar va shaharlar hokimliklari eʼtiboriga — uch ish kuni ichida;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan moliyalashtiriladigan hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar eʼtiboriga ular uchun nazarda tutilgan budjetdan ajratiladigan mablagʻlar hajmlarini — bir haftalik muddatda yetkazadi.
Tumanlar va shaharlar budjetlari tasdiqlanganidan keyin tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya boʻlimlari tumanlar va shaharlar budjetlaridan moliyalashtiriladigan hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar eʼtiboriga ular uchun nazarda tutilgan budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning hajmlarini bir haftalik muddatda yetkazadi.
101-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Favqulodda Davlat budjeti
Oʻzbekiston Respublikasining Favqulodda Davlat budjeti Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti qaroriga koʻra favqulodda holat sharoitlarida qabul qilinadigan budjetdir.
Ijro etuvchi hokimiyat organlari favqulodda holat sharoitlarida budjet sohasidagi vakolatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga koʻra amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda Davlat budjetining amal qilishi davrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qarorlarining, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining Qoraqalpogʻiston Respublikasining budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari daromadlari va xarajatlari hajmi haqidagi qarorlarining amal qilishi toʻxtatib turiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda Davlat budjetining amal qilishi tugatilishi bilan Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari parametrlariga aniqlik kiritiladi.
18-bob. Xarajatlar smetalarini va shtat jadvallarini tuzish hamda tasdiqlash, ularni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi
102-modda. Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning xarajatlar smetalarini tuzish
Xarajatlar smetalari budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar tomonidan, yil oylari boʻyicha taqsimlangan holda:
xarajatlarning birinchi — uchinchi guruhlari boʻyicha xarajatlarning moddalariga koʻra ajratib;
xarajatlarning toʻrtinchi guruhi boʻyicha xarajatlarning moddalariga koʻra ajratmasdan tuziladi.
Xarajatlar smetasiga xarajatlarning moddalari boʻyicha toʻrtinchi guruh xarajatlari yoyilmasi, shuningdek davlat ehtiyojlari uchun ustuvor ravishda kichik tadbirkorlik subyektlaridan xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) guruhlarining roʻyxati boʻyicha xarajatlar yoyilmasi ilova qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi har bir diplomatik vakolatxonasi va konsullik muassasasi boʻyicha xarajatlar smetalari Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan yillik jamlanma xarajatlar smetalari asosida xorijiy va milliy valyutada tuziladi.
Budjet tashkilotlarining va budjet mablagʻlari oluvchilarning xarajatlar smetalari ikki nusxada, budjet mablagʻlarini taqsimlovchi tasarrufidagi budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar boʻyicha uch nusxada tuziladi.
Iqtisodiyot va moliya organlari va budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar budjet tashkilotlari hamda budjet mablagʻlari oluvchilarning xarajatlar smetalariga doir hisob-kitoblarni talab qilishga haqlidir.
Budjet mablagʻlarini taqsimlovchi oʻz tasarrufidagi tashkilotlardan kelib tushgan xarajatlar smetalarini moliya yili uchun budjet mablagʻlarini taqsimlovchiga budjetdan ajratiladigan mablagʻlar hajmi doirasida koʻrib chiqadi va budjet mablagʻlarini taqsimlovchining Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etiladigan jamlanma xarajatlar smetasini tuzadi.
Xarajatlar smetasining, jamlanma xarajatlar smetasining va ularga doir ilovalarning shakllari, shuningdek ularni tuzish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
103-modda. Budjet tashkilotlarining va budjet mablagʻlari oluvchilarning xarajatlar smetalarini tasdiqlash
Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning xarajatlar smetasi tashkilot bosh buxgalteri (uning oʻrinbosari) va moliya-iqtisod boʻlinmasi boshligʻi (shtat jadvaliga muvofiq moliyaviy-iqtisodiy masalalar boʻyicha mutaxassis) tomonidan imzolanadi hamda tashkilot rahbari yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan tasdiqlanadi.
Budjet mablagʻlarini taqsimlovchining jamlanma xarajatlar smetasi budjet mablagʻlarini taqsimlovchining bosh buxgalteri (uning oʻrinbosari) va moliya-iqtisod boʻlinmasi boshligʻi (shtat jadvaliga muvofiq moliyaviy-iqtisodiy masalalar boʻyicha mutaxassis) tomonidan imzolanadi hamda budjet mablagʻlarini taqsimlovchining rahbari yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining kelgusi moliya yil uchun yillik jamlanma xarajatlar smetasi Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda joriy yilning 20-dekabriga qadar tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining kelgusi moliya yil uchun xarajatlar smetalari Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri tomonidan joriy yilning 25-dekabriga qadar tasdiqlanadi.
Kapital qurilish obyektlari boʻyicha xarajatlarning smetalari buyurtmachi tomonidan tasdiqlangan qurilishlarning manzilli roʻyxatlari va obyektlarning titul roʻyxatlari asosida tuziladi.
Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning xarajatlar smetalarini, budjet mablagʻlarini taqsimlovchining kelgusi moliya yil uchun jamlanma xarajatlar smetalarini tasdiqlash joriy moliya yilining 20-dekabridan kechiktirmay amalga oshiriladi.
105-modda. Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari boʻyicha daromadlar va xarajatlar smetalarini tuzish, tasdiqlash hamda roʻyxatdan oʻtkazish
Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari boʻyicha daromadlar va xarajatlar smetalarini tuzish hamda tasdiqlash budjet tashkilotlarining xarajatlar smetalari uchun belgilangan tartibga oʻxshash tartibda amalga oshiriladi.
Vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari boʻyicha jamlanma daromadlar va xarajatlar smetalari ushbu Kodeksning 107-moddasida xarajatlar smetalari uchun belgilangan muddatlarda va tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari boʻyicha daromadlar va xarajatlar smetasining daromad qismi moliya yili boshidagi mablagʻlar qoldigʻi hamda daromadlarning manbalar kesimidagi prognozidan tashkil topadi.
Qonunchilikka muvofiq budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari hisobidan xodimlar soni saqlab turilgan taqdirda, budjetdan tashqari jamgʻarmalar boʻyicha daromadlar va xarajatlar smetasiga koʻrsatilgan xodimlar soni boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan shtat jadvali ilova qilinadi.
106-modda. Budjet tashkilotining shtat jadvalini tuzish va tasdiqlash
Budjet tashkilotining shtat jadvali 1-dekabr holatiga koʻra har bir budjet tashkiloti boʻyicha mazkur tashkilot uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakl boʻyicha tuziladi.
Yangidan tuzilayotgan budjet tashkilotining shtat jadvali, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, budjet tashkiloti faoliyat koʻrsata boshlashidan ikki oy oldin tuziladi va kuchga kiradi.
Lavozimlarning nomlari va xodimlar soni, mehnatga haq toʻlash boʻyicha razryadlar, bazaviy stavkalar:
Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorida, namunaviy shtatlarda hamda qonunchilik bilan tasdiqlangan mehnatga haq toʻlash boʻyicha tarif razryadlarida, bazaviy stavkalarda nazarda tutilgan lavozimlarga;
tasdiqlangan namunaviy shtatlarda nazarda tutilgan xodimlar soniga;
xodimlarning tasdiqlangan umumiy cheklangan soniga, shu jumladan budjet tashkilotlarining budjet mablagʻlari va budjetdan tashqari jamgʻarmalari hisobidan saqlab turilgan boshqaruv xodimlari soniga;
davlat boshqaruvi organlarining belgilangan tartibda tasdiqlangan boshqaruv, xizmatlar koʻrsatuvchi va texnik xodimlari sonining oʻzaro nisbati normativlariga muvofiq boʻlishi kerak.
Ish haqining hisob-kitobi tarifikatsiya roʻyxatlariga muvofiq amalga oshiriladigan lavozimlar shtat jadvaliga lavozimlarning har bir guruhi boʻyicha stavkalar soni, oylik mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasi koʻrsatilgan, tarifikatsiya roʻyxati shtat jadvaliga ilova qilingan holda kiritiladi.
Ayrim budjet tashkilotlari uchun tasdiqlangan namunaviy shtat normativlari va mehnatga haq toʻlash boʻyicha razryadlar, bazaviy stavkalar mavjud boʻlmaganda, ularning shtat jadvallariga kiritiladigan lavozimlarning nomi va xodimlar soni hamda ularning mehnatga haq toʻlash boʻyicha razryadlari, bazaviy stavkalari ushbu tashkilotlar tomonidan tashkilotning oʻziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishuvga koʻra belgilanadi.
Amaldagi mehnatga haq toʻlash shartlarida nazarda tutilgan, ustamalar, qoʻshimcha haq toʻlash va xodimlarni moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladigan, bir yil uchun hisob-kitob qilingan mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasi budjet tashkilotining shtat jadvalida alohida satr bilan koʻrsatiladi.
Budjet mablagʻlari oluvchilar — kapital qurilish boʻyicha buyurtmachilar xizmatlarining shtat jadvali ushbu moddaga muvofiq tuziladi.
Budjet tashkilotining shtat jadvali tashkilotning bosh buxgalteri (uning oʻrinbosari) va moliya-iqtisod boʻlinmasi boshligʻi (shtat jadvaliga muvofiq moliyaviy-iqtisodiy masalalar boʻyicha mutaxassis) tomonidan imzolanadi hamda tashkilot rahbari yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan tasdiqlanadi.
Budjet tashkilotlarining kelgusi moliya yili uchun shtat jadvallarini tasdiqlash joriy moliya yilining 20-dekabridan kechiktirmay amalga oshiriladi.
107-modda. Xarajatlar smetalarini va shtat jadvallarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi
Tashkilotlarning ushbu Kodeksda belgilangan tartibda kelgusi moliya yil uchun tasdiqlangan xarajatlar smetalari va shtat jadvallari ular iqtisodiyot va moliya organlarida roʻyxatdan oʻtkazilganidan keyin amalga kiritiladi.
Joriy yilning 25-dekabrigacha:
budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning tasdiqlangan jamlanma xarajatlar smetalari va jamlanma shtat jadvallari, shuningdek xarajatlar smetalari va shtat jadvallari — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarning tasdiqlangan xarajatlar smetalari va shtat jadvallari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalarida;
tumanlar va shaharlar budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarning tasdiqlangan xarajatlar smetalari va shtat jadvallari — tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya boʻlimlarida roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.
Tashkilotlarning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining tumanlar va shaharlar budjetining zaxira jamgʻarmalari, shuningdek tegishli budjetning qoʻshimcha manbalari mablagʻlari hisobidan xarajatlari tegishli iqtisodiyot va moliya organi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan xarajatlar smetasi asosida amalga oshiriladi.
Xarajatlar smetalarini va shtat jadvallarini roʻyxatdan oʻtkazishdan oldin iqtisodiyot va moliya organlari:
budjet tashkilotlari xodimlarining xarajatlar smetalari boʻyicha tasdiqlangan ish haqi summalarining shtat jadvallari boʻyicha tasdiqlangan ish haqiga muvofiqligini;
shtat jadvalida nazarda tutilgan lavozimlar nomlarining va xodimlar sonining, mehnatga haq toʻlash razryadlarining, bazaviy miqdorlarining belgilangan normativlarga muvofiqligini;
Budjet tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish maxsus jamgʻarmasining toʻgʻri shakllantirilganligini;
umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional davlat taʼlim tashkilotlarining direktor jamgʻarmasi toʻgʻri shakllantirilganligini;
xarajatlar smetasida tasdiqlangan stipendiyalar uchun xarajatlar summasining xarajatlar smetasiga doir hisob-kitoblarga muvofiqligini;
toʻrtinchi guruhning moddalar boʻyicha yoyilmasidagi xarajatlar summasining xarajatlar smetasida tasdiqlangan summaga muvofiqligini tekshiradi.
108-modda. Davlat maqsadli jamgʻarmalarining mablagʻlari boʻyicha xarajatlar smetalarini tuzish, tasdiqlash va roʻyxatdan oʻtkazish
Davlat maqsadli jamgʻarmalarining mablagʻlari boʻyicha xarajatlar smetasi davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlarini oluvchilar tomonidan ularning bir yil uchun tasdiqlangan parametrlari doirasida oyma-oy boʻlingan holda tuziladi va tasdiqlanadi.
Davlat maqsadli jamgʻarmalarining mablagʻlari boʻyicha xarajatlar smetasining va unga doir ilovalarning shakllari, shuningdek smetani tuzish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat maqsadli jamgʻarmalarining mablagʻlari boʻyicha xarajatlar smetalarini kelgusi yil uchun tasdiqlash joriy yilning 20-dekabridan kechiktirmay amalga oshiriladi.
Davlat maqsadli jamgʻarmalarining mablagʻlari boʻyicha kelgusi yil uchun tasdiqlangan xarajatlar smetalarini roʻyxatdan oʻtkazish davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar tomonidan joriy yilning 25-dekabridan kechiktirmay amalga oshiriladi.
VII boʻlim. Budjet tizimi budjetlarining ijrosi
19-bob. Budjet tizimi budjetlarini ijro etish tartibi
109-modda. Umumiy qoidalar
Budjet tizimi budjetlarining ijrosi budjet toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan budjet tizimi budjetlari daromadlarining tushishini taʼminlash va xarajatlarini amalga oshirishni, shuningdek ularning ijrosi bilan bogʻliq operatsiyalarni hisobga olishni nazarda tutadi.
Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taʼminlanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan taʼminlanadi.
Budjet tashkilotlari budjetdan tashqari jamgʻarmalarining ijrosi budjet tashkilotlari tomonidan taʼminlanadi.
Budjet tizimi budjetlarining ijrosi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan gʻazna ijrosi yoʻli bilan amalga oshiriladi. Gʻazna ijrosi faoliyatni chet elda amalga oshirayotgan budjet tashkilotlariga va budjet mablagʻlari oluvchilarga tatbiq etilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimida budjet tizimi budjetlari, budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar uchun shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari ochiladi.
Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar oʻz xarajatlar smetalarida nazarda tutilgan budjetdan ajratiladigan mablagʻlarni moliya yili tugaguniga qadar sarflashga haqli.
Mamlakatda mudofaa qobiliyatini, xavfsizlikni taʼminlash, ichki tartibni saqlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
110-modda. Budjet tizimi budjetlarini ijro etish muddatlari
Budjet tizimi budjetlarining ijrosi moliya yili mobaynida va qoʻshimcha vaqt davrida amalga oshiriladi.
Keyingi yilning yanvar oyi moliya yiliga qoʻshimcha vaqt davri boʻlib, bu davr mobaynida oʻtgan yil uchun budjet tizimi budjetlarining ijrosi amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi budjet tizimi budjetlarining qoʻshimcha vaqt davridagi ijrosi boʻyicha operatsiyalarni oʻtkazish tartibini va oxirgi muddatlarini belgilaydi.
111-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining bank hisobvaraqlari
Yagona gʻazna hisobvaragʻi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan boshqariladigan maxsus bank hisobvaragʻi boʻlib, unga budjet tizimi budjetlarining daromadlari va boshqa tushumlari kiritiladi hamda undan mazkur budjetlarning xarajatlari toʻlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida hamda boshqa banklarda oʻzga bank hisobvaraqlari ochish huquqiga ega.
Yagona gʻazna hisobvaragʻi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida ochiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining bank hisobvaraqlaridan mablagʻlarning soʻzsiz tartibda hisobdan chiqarilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining bank hisobvaraqlariga xizmat koʻrsatilganligi uchun haq olinmaydi.
112-modda. Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari daromadlari va xarajatlarining yoyilmasi
Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari daromadlari va xarajatlarining yoyilmasi (bundan buyon matnda daromadlar va xarajatlar yoyilmasi deb yuritiladi):
budjet tasnifiga muvofiq tuzilgan daromadlar va xarajatlar prognozi ularning tasdiqlangan parametrlariga muvofiqligini;
daromadlar va xarajatlar parametrlari ijrosining monitoringini taʼminlash maqsadida tuziladi.
Daromadlar va xarajatlar yoyilmasining daromad qismi tegishli budjet daromadlarining budjet tasnifiga muvofiq oyma-oy boʻlingan yillik hajmlaridan tashkil topadi.
Daromadlar va xarajatlar yoyilmasining xarajat qismi tegishli budjet xarajatlarining moliya yili uchun tasdiqlangan jamlanma xarajatlar smetalari xarajatlar smetalari asosida tuziladigan, budjet tasnifiga muvofiq oyma-oy boʻlingan yillik hajmlaridan tashkil topadi.
Daromadlar va xarajatlar yoyilmasining yakuniy maʼlumotlari, budjetlararo transfertlar bundan mustasno, tasdiqlangan yillik budjetda qabul qilingan summalarga mos kelishi lozim.
Daromadlar va xarajatlar yoyilmasi:
Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjeti boʻyicha — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari tomonidan;
tumanlar va shaharlar budjetlari boʻyicha — tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya boʻlimlari tomonidan;
davlat maqsadli jamgʻarmalari boʻyicha — davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar tomonidan tuziladi.
Daromadlar va xarajatlar yoyilmasining xarajat qismiga xarajatlar smetalarini tuzish talab qilinmaydigan quyidagi:
budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning xarajatlar smetalarini roʻyxatdan oʻtkazish hamda ijro etish jarayonida boʻshaydigan;
tovar-moddiy qimmatliklarning normativdan ortiq zaxiralari boʻyicha hisobga olingan;
advokatlar tomonidan koʻrsatilgan yuridik yordam uchun davlat hisobidan toʻlanishi nazarda tutiladigan;
qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini soliq toʻlovchilarga qaytarish uchun nazarda tutiladigan;
davlat organlari yoki ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) natijasida jismoniy yoki yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash uchun nazarda tutiladigan;
budjet tashkilotlarida ishlovchi ayollarga homiladorlik va tugʻish nafaqasini toʻlash uchun nazarda tutiladigan, budjet tashkilotlarining xarajatlar smetalariga qonunchilikda belgilangan tartibda oʻzgartirishlar kiritilgan hollar bundan mustasno;
bir yoʻla beriladigan davlat pul mukofotlari va mukofotlarini toʻlash uchun nazarda tutiladigan;
Chernobil AES halokati oqibatlarini tugatish ishtirokchilariga kompensatsiyalar toʻlash uchun nazarda tutiladigan;
transportda imtiyozli yurishni qoplash uchun nazarda tutiladigan;
davlat qarzi boʻyicha xizmat koʻrsatish, Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchi boʻlgan xalqaro tashkilotlarga aʼzolik badallarini toʻlash va ularni moliyalashtirishda ishtirok etish uchun moʻljallangan;
davlat ehtiyojlari uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirayotgan qishloq xoʻjaligi korxonalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun nazarda tutiladigan;
saylov va referendumlar oʻtkazish uchun nazarda tutiladigan;
budjetlararo transfertlar ajratish uchun nazarda tutiladigan;
tijorat banklari va boshqa moliya institutlarining ustav kapitalini shakllantirish va koʻpaytirish uchun nazarda tutiladigan;
rezident-yuridik shaxslarga budjet ssudalari ajratish va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining kredit liniyalarini ochish uchun nazarda tutiladigan;
soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlarida nazarda tutilgan tadbirlar hamda moliya yili mobaynida amalga oshirilishi nazarda tutilgan va Davlat budjeti xarajatlarini koʻpaytirishni talab qiladigan boshqa tadbirlar uchun moʻljallangan;
davlat maqsadli jamgʻarmalariga oʻtkazib beriladigan;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalarini shakllantirish uchun budjetdan ajratiladigan mablagʻlar kiritiladi.
113-modda. Shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarining turlari
Shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari quyidagi turlar boʻyicha ochiladi:
budjet tizimi budjetlarining darajalari boʻyicha shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari;
Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalarining daromadlari boʻyicha shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari;
budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari.
Shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarini yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
114-modda. Budjet tizimi budjetlarining darajalari boʻyicha shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari
Budjet tizimi budjetlarining darajalari boʻyicha shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari:
Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjeti boʻyicha — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari tomonidan;
tumanlar va shaharlar budjetlari boʻyicha — tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya boʻlimlari tomonidan;
davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari boʻyicha — davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar tomonidan ochiladi.
115-modda. Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalarining daromadlari boʻyicha shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari
Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalarining daromadlari boʻyicha shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ochiladi.
116-modda. Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari
Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari:
Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar uchun — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari tomonidan;
tumanlar va shaharlar budjetlaridan moliyalashtiriladigan tashkilotlar uchun — tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya boʻlimlari tomonidan;
davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar uchun — davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar tomonidan ochiladi.
117-modda. Budjet tizimi budjetlari daromad qismining ijrosi
Budjet tizimi budjetlari daromad qismining ijrosi:
tushumlarni Yagona gʻazna hisobvaragʻiga va boshqa bank hisobvaraqlariga kiritishni;
tushumlarni budjet tizimining budjetlari oʻrtasida taqsimlashni;
ortiqcha yoki notoʻgʻri toʻlangan tushum summalarini qaytarishni yoxud ularni qarzni toʻlash evaziga hisobga olishni;
hisob va hisobotni;
ijro ustidan nazoratni nazarda tutadi.
Davlat budjetiga va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlariga daromadlarni yigʻishga vakolatli boʻlgan organlar va tashkilotlar, davlat soliq xizmati organlari va bojxona organlari bundan mustasno, daromadlarning toʻgʻri hisoblab chiqilishi, toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanishi ustidan nazoratni amalga oshirishi, shuningdek, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, davlat soliq xizmati organiga hisobot taqdim etishi shart.
118-modda. Budjet tizimi budjetlari oʻrtasida tushumlarni taqsimlash
Tartibga soluvchi daromadlardan tushgan tushumlar budjet tizimi budjetlari oʻrtasida taqsimlanadi.
Budjet tizimi budjetlari oʻrtasidagi tartibga soluvchi daromadlardan ajratmalarning normativlari Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonunida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki u vakolat bergan organ tomonidan belgilanadi.
Tartibga soluvchi daromadlardan Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga, Toshkent shahrining shahar budjetiga hamda tumanlar va shaharlar budjetlariga ajratmalarning normativlari tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.
Tartibga soluvchi daromadlarni budjet tizimining budjetlari oʻrtasida taqsimlash Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Agar qonunchilikda Davlat budjetiga oʻtkaziladigan daromadlarning taqsimlanishi nazarda tutilmagan boʻlsa (bundan ushbu Kodeksning 52-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno), bu turdagi daromadlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga oʻtkaziladi.
Budjet tizimi budjetlariga ortiqcha yoki notoʻgʻri toʻlangan tushum summalarini qaytarish ularni qaytarish vaqtida amalda boʻlgan ajratmalarning normativlariga muvofiq tegishli budjet tizimi budjetlaridan, bekor qilingan daromad turlari boʻyicha esa Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan amalga oshiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tegishli iqtisodiyot va moliya organlarining taklifiga koʻra mahalliy soliqlar toʻliq hajmda kiritiladigan budjet darajasini belgilaydi.
Agar qonunchilikda mahalliy budjetlarga oʻtkaziladigan daromadlarning taqsimlanishi nazarda tutilmagan boʻlsa, unda bu turdagi daromad Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga va Toshkent shahrining shahar budjetiga oʻtkaziladi.
119-modda. Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining qoʻshimcha manbalari
Davlat budjetining qoʻshimcha manbalari Davlat budjetining har bir darajasidagi budjetlarida alohida-alohida shakllantiriladi va quyidagilardan tashkil topadi:
Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining har yil boshida aniqlanadigan erkin qoldiq mablagʻlaridan;
Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari, Toshkent shahrining shahar budjeti, tumanlar va shaharlar budjetlari daromadlarining birinchi — uchinchi hisobot choraklari yakunlari boʻyicha aniqlanadigan prognozdan oshirib bajarilishidan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga, Toshkent shahrining shahar budjetiga, tumanlar va shaharlar budjetlariga davlat aktivlarini xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlardan;
Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan kamaytirilishi natijasida maqbullashtirilgan mablagʻlardan;
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan qoʻshimcha aniqlangan daromadlardan respublika budjetiga undirilgan mablagʻlardan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga, Toshkent shahrining shahar budjetiga, tumanlar va shaharlar budjetlariga elektron savdo maydonchasida yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni sotishdan tushgan mablagʻlar;
ushbu Kodeksning 120-moddasi toʻrtinchi qismiga muvofiq budjetdan ajratiladigan mablagʻlar kamaytirilishi natijasida boʻshab qolgan mablagʻlardan.
Ushbu modda birinchi qismining beshinchi xatboshisida nazarda tutilgan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi, tegishli budjet daromadlarini undirishga vakolatli organlar oʻrtasida rasmiylashtiriladigan solishtirma dalolatnomalarga asosan Davlat budjeti darajalari kesimida alohida aniqlanadi.
Har oy yakunlari boʻyicha keyingi oyning 5-sanasiga qadar tegishli moliya yilida Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetida shakllangan qoʻshimcha manbalar miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan birgalikda tasdiqlangan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib boriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining erkin qoldiq mablagʻlari ularning shaxsiy gʻazna hisobvaraqlaridagi budjet mablagʻlari qoldigʻining ushbu budjetlar uchun joriy moliya yiliga tasdiqlangan aylanma kassa mablagʻlari miqdoridan oshgan summasi sifatida aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjetlari, Toshkent shahri shahar budjeti, tumanlar va shaharlar budjetlari daromadlari prognozining oshirib bajarilishi birinchi — uchinchi hisobot choraklari uchun haqiqatda tushgan tushumlarning tegishli hisobot choraklari uchun soliqlar, yigʻimlar, davlat bojlari va soliq boʻlmagan toʻlovlar boʻyicha daromadlarning aniqlangan prognozidan ortiq summasi sifatida qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadi.
Quyi turuvchi budjetlar daromadlari prognozining oshirib bajarilishi summalarini yuqori turuvchi budjetda markazlashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga, Toshkent shahrining shahar budjetiga, tumanlar va shaharlar budjetlariga elektron savdo maydonchasida yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni sotishdan tushadigan mablagʻlarning miqdorlari qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadi.
Davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining qoʻshimcha manbalari quyidagilardir:
yil boshidagi holatga koʻra davlat maqsadli jamgʻarmalarining shaxsiy gʻazna hisobvaraqlaridagi mablagʻlarning yil boshiga tasdiqlangan mablagʻlar miqdoridan ortiq boʻlgan qoldiqlari;
davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarini ijro etish jarayonida joriy yil daromadlari prognozining birinchi — uchinchi hisobot choraklari yakunlari boʻyicha, ushbu moddaning beshinchi qismida belgilangan tartibda aniqlanadigan oshirib bajarilishi;
davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarini ijro etish jarayonida ularning xarajatlari iqtisod qilinishi natijasida boʻshab qolgan mablagʻlar.
120-modda. Budjet tizimi budjetlari xarajatlar qismining ijrosi
Budjet tizimi budjetlari xarajatlar qismining ijrosi:
yuridik va moliyaviy majburiyatlarni qabul qilish, roʻyxatdan oʻtkazish va hisobga olishni;
kassa xarajatlarini amalga oshirishni, shu jumladan budjetlararo transfertlarni oʻtkazishni;
hisob va hisobotni;
ijro ustidan nazoratni nazarda tutadi.
Budjet tizimi budjetlarining xarajatlari daromadlar va xarajatlar yoyilmasida nazarda tutilgan budjetdan ajratiladigan mablagʻlar doirasida hamda budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar faoliyat koʻrsatishini taʼminlaydigan muddatlarda, daromadlarning tushishi hisobga olingan holda amalga oshiriladi.
Budjet tashkilotlariga va budjet mablagʻlari oluvchilarga turli darajadagi budjetlardan budjetdan ajratiladigan mablagʻlarni ajratishga yoʻl qoʻyilmaydi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan hollar bundan mustasno.
Budjet tizimi budjetlarining ijrosi jarayonida budjetdan ajratiladigan mablagʻlar:
1) quyidagilar munosabati bilan foydalanilmay qolgan budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning:
kapital qoʻyilmalarni moliyalashtirish uchun nazarda tutilgan mablagʻlar moliya yili yakuni boʻyicha toʻliq oʻzlashtirilmaganligi;
budjet tashkiloti va budjet mablagʻlari oluvchilar faoliyati toʻxtatib turilganligi — toʻxtatib turilgan davr uchun;
2) budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning tasdiqlangan xarajatlar smetalarida nazarda tutilgan, davlat moliyaviy nazorati boʻyicha tadbirlar davomida aniqlangan ortiqcha va qonunga xilof ravishda budjetdan ajratilgan mablagʻlarning summalariga;
3) qonunchilik hujjatlari qabul qilinishi munosabati bilan budjetdan ajratiladigan mablagʻlar miqdorlarining qisqartirilishi summalariga;
4) moliya yili boshiga tovar-moddiy qimmatliklarning normativdan ortiq zaxiralarining summalariga;
5) dotatsiyalar va subsidiyalarni toʻlash uchun moʻljallanib, ammo zarurati qolmagan summalariga kamaytiriladi.
Budjetdan ajratiladigan mablagʻlarni ushbu moddaning toʻrtinchi qismiga muvofiq kamaytirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
Budjet tizimi budjetlarining ijrosi jarayonida budjetdan ajratilgan mablagʻlarning ortiqcha rejalashtirilganligi aniqlangan mablagʻlar, shtat birliklari toʻldirilmaganligi, shuningdek tarmoq, shtatlar va kontingentlar boʻyicha reja bajarilmaganligi natijasida boʻshab qoladigan mablagʻlar ish haqi va nafaqalar miqdorini, ayrim xizmat turlari boʻyicha tariflarni oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.
121-modda. Davlat xaridlari
Davlat xaridlari tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchilarning raqobati va ochiqlikni taʼminlash asosida amalga oshiriladi.
Davlat xaridlari amalga oshirilishi va ularning yakunlari toʻgʻrisidagi eʼlonlar belgilangan tartibda operatorning maxsus axborot portalida joylashtirilishi kerak.
Davlat xaridlari amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi eʼlonlarni maxsus axborot portalida joylashtirish joriy moliya yilining 10-dekabridan kechiktirmasdan amalga oshiriladi.
Raqobat va ochiqlik cheklangan holdagi davlat xaridlari qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda amalga oshirilishi mumkin.
122-modda. Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar tomonidan yuridik majburiyatlarni qabul qilish, ularni roʻyxatdan oʻtkazish hamda hisobga olish
Yuridik majburiyatlar iqtisodiy tasnif kodlari boʻyicha budjetdan ajratiladigan mablagʻlar doirasida budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar tomonidan qabul qilinadi hamda gʻaznachilik boʻlinmalari tomonidan roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari hisobidan ijro etilishi lozim boʻlgan yuridik majburiyatlar gʻaznachilik boʻlinmalari tomonidan hisobga olinadi.
Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning budjetdan ajratiladigan mablagʻlar boʻyicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchilar bilan tuzgan shartnomalari, shuningdek ularga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar ular gʻaznachilik boʻlinmalarida roʻyxatdan oʻtkazilganidan keyin kuchga kiradi.
Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar yuridik majburiyatlar yuzaga kelishini tasdiqlovchi hujjatlarni gʻaznachilik boʻlinmalarida roʻyxatdan oʻtkazish uchun joriy moliya yilining 25-dekabridan kechiktirmay taqdim etadi.
Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish toʻgʻrisida tuziladigan shartnomalarida 15 foiz miqdorida oldindan toʻlovni amalga oshirish nazarda tutiladi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan hollar bundan mustasno.
Budjet tashkilotlarining va budjet mablagʻlari oluvchilarning tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) import qilish boʻyicha shartnomalari, ularga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar ushbu shartnomalar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda vakolatli organlarda tegishli ekspertizadan oʻtganidan va hisobga qoʻyilganidan soʻng gʻaznachilik boʻlinmalari tomonidan roʻyxatdan oʻtkaziladi. Bunda shartnomalarda koʻrsatilgan summalar gʻaznachilik boʻlinmalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida hisobga olinadi.
Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning birinchi hamda ikkinchi guruh xarajatlari boʻyicha yuridik majburiyatlari gʻaznachilik boʻlinmalari tomonidan buyurtmalar shaklida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchilar bilan shartnomalari joriy moliya yili doirasida amal qilish muddati bilan tuzilishi lozim, kapital qoʻyilmalar boʻyicha shartnomalar hamda qonunchilikda nazarda tutilgan amal qilish muddati bir necha yilni tashkil etishi mumkin boʻlgan hollar bundan mustasno. Shartnomaning amal qilish muddati tugagach, agar shartnomaning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida qoʻshimcha bitim tuzilmagan boʻlsa, yetkazib beruvchi (pudratchi) tomonidan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish boʻyicha yuridik majburiyatlarni bajarish tugatiladi.
Budjetdan ajratiladigan mablagʻlar asosida belgilangan yuridik majburiyatlarni qabul qilish uchun limit birinchi navbatda tegishli moddalar boʻyicha moliya yili boshida mavjud boʻlgan, budjetdan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan toʻlanishi lozim boʻlgan va gʻaznachilik boʻlinmalarida roʻyxatdan oʻtkazilgan shartnomalar boʻyicha yuzaga kelgan kreditorlik qarzi summasiga band qilib qoʻyiladi.
Mablagʻlarni:
budjet tashkilotining iqtisod qilingan budjetdan ajratiladigan mablagʻlari hisobidan oʻz budjet tashkilotlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga, shuningdek tibbiyot muassasasi tomonidan — xarajatlar smetasida nazarda tutilgan maqsadli budjetdan ajratiladigan mablagʻlari hisobidan oʻzining tibbiyot tashkilotlarini moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasiga;
har bir obyekt boʻyicha kelishilgan manzilli va titul roʻyxatlarda hamda shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida ushbu maqsadlar uchun nazarda tutilgan summalar doirasida kapital qoʻyilmalar boʻyicha buyurtmachi xizmatini saqlab turishga;
soliqlarni, yigʻimlarni, davlat bojlarini va soliq boʻlmagan toʻlovlarni, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining xizmatlari uchun haq toʻlashga;
yuridik majburiyatlar mavjudligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar asosida amalga oshiriladigan xarajatlarni toʻlashga oʻtkazish shartnoma tuzilmagan holda amalga oshirilishi mumkin.
123-modda. Moliyaviy majburiyatlarni qabul qilish va roʻyxatdan oʻtkazish
Moliyaviy majburiyatlar qabul qilingan yuridik majburiyatlar va xarajatlarni toʻlash uchun berilgan ruxsatnomalar doirasida hisobvaraq-fakturalar hamda moliyaviy majburiyatlar mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida gʻaznachilik boʻlinmalari tomonidan qabul qilinadi hamda roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Birinchi va ikkinchi guruh xarajatlari, shuningdek ushbu Kodeksning 122-moddasi oʻninchi qismida koʻrsatilgan xarajatlar boʻyicha moliyaviy majburiyatlar yuridik majburiyatlarni qabul qilishga doir buyurtmalar asosida, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha esa, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomalari asosida gʻaznachilik boʻlinmalari tomonidan roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Amal qilish muddati tugagan shartnomalar boʻyicha yetkazib berilgan tovarlar (koʻrsatilgan xizmatlar, bajarilgan ishlar) haqini toʻlash boʻyicha moliyaviy majburiyatlarni roʻyxatdan oʻtkazish joriy moliya yili doirasida hamda ushbu Kodeks 122-moddasining sakkizinchi qismida koʻrsatilgan hollarda hisobvaraq-faktura va oʻzaro majburiyatlarni solishtirish dalolatnomasi asosida amalga oshiriladi.
124-modda. Kassa xarajatlarini amalga oshirish
Gʻaznachilik boʻlinmalari budjet tashkilotlarining va budjet mablagʻlari oluvchilarning buyurtmalari boʻyicha toʻlovlarni ularda budjetdan ajratiladigan mablagʻlar, yuridik va moliyaviy majburiyatlar mavjud boʻlgan taqdirda, shuningdek budjet tashkilotlari budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlarining qoldiqlari doirasida amalga oshiradi.
Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar xarajatlarni toʻlash uchun toʻlov hujjatlarini gʻaznachilik boʻlinmalariga toʻlov amalga oshiriladigan sanadan kechi bilan bir ish kuni oldin taqdim etadi.
Gʻaznachilik boʻlinmalari tomonidan xizmat koʻrsatiladigan budjet tashkilotlari (budjet mablagʻlari oluvchilar) oʻrtasidagi, budjet tizimi budjetlarining turli darajalari oʻrtasidagi, shuningdek davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari oʻrtasidagi toʻlovlar gʻazna memorial orderlari asosida amalga oshiriladi.
Budjet tashkilotlarining va budjet mablagʻlari oluvchilarning chet el valyutasidagi toʻlovlari hamda pul oʻtkazmalari qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari foydasiga amalga oshiriladi.
Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchi tomonidan shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga joriy yoki kelgusi yilda qaytariladigan Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalarining mablagʻlari hisobidan oʻtgan moliya yilida hosil boʻlgan debitorlik qarzining summasi, tegishli moliya yiliga qoʻshimcha davrda qaytariladiganidan tashqari, tegishli budjet daromadlariga oʻtkaziladi.
125-modda. Yagona gʻazna hisobvaragʻidagi mablagʻlarni boshqarish
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Yagona gʻazna hisobvaragʻidagi mablagʻlarni boshqarishni Davlat budjeti daromadlari tushumlari va xarajatlarining qisqa muddatli prognozlarini tuzish yoʻli bilan amalga oshiradi.
Qabul qilingan moliyaviy majburiyatlarni bajarish uchun Yagona gʻazna hisobvaragʻida mablagʻlar yetishmagan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat budjeti xarajatlarining cheklangan hajmini belgilaydi hamda uning asosida budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarga xarajatlarni toʻlash uchun ruxsatnomalar beradi.
Xarajatlarni toʻlash uchun ruxsatnomalar berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Yagona gʻazna hisobvaragʻidagi va boshqa bank hisobvaraqlaridagi budjet tizimi budjetlarining vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini boshqaradi.
Yagona gʻazna hisobvaragʻining vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlari mavjud boʻlgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tijorat banklarida depozitlarga joylashtirilishi mumkin boʻlgan mablagʻlarning hajmini belgilaydi.
Yagona gʻazna hisobvaragʻining vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini joylashtirish va ularni tijorat banklarida depozitlarga joylashtirishdan olingan daromadlardan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Yagona gʻazna hisobvaragʻining vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining vaqtinchalik kassa uzilishini qoplash uchun jalb qilinishi mumkin.
Yagona gʻazna hisobvaragʻining vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining vaqtinchalik kassa uzilishini qoplash uchun jalb qilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
126-modda. Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari va Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining qoʻshimcha manbalaridan foydalanish
Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining qoʻshimcha manbalari Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti taqchilligini qoplashga, joriy moliya yili uchun belgilangan aylanma kassa mablagʻlarining miqdorini toʻldirishga, qolgan qismi esa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari asosida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tadbirlarini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining, shuningdek tumanlar va shaharlar budjetlarining qoʻshimcha manbalari birinchi navbatda joriy moliya yili uchun belgilangan aylanma kassa mablagʻlarining miqdorini toʻldirishga yoʻnaltiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining, shuningdek tumanlar va shaharlar budjetlarining qoʻshimcha manbalari tegishli budjet hisobidan moliyalashtirilishi nazarda tutilmagan tashkilotlarni saqlab turishga yoʻnaltirilishi mumkin emas.
Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining qoʻshimcha manbalari va yil boshiga qoldiq mablagʻlari tegishli ravishda ular umumiy xarajatlarining 3 foizidan oshmagan miqdorda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq foydalaniladi hamda foydalanilgan mablagʻlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga har chorakda hisobot taqdim etiladi. Mazkur xarajatlar 3 va undan ortiq foizga oshgan taqdirda Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonunga oʻzgartirishlar kiritiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining qoʻshimcha manbalardan foydalanish toʻgʻrisidagi qarorlar tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklarining takliflariga asosan birinchi navbatda ijtimoiy soha muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida qabul qilinadi.
Tumanlar va shaharlar hokimliklari tumanlar va shaharlar budjetlari qoʻshimcha manbalarining kamida 30 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari favqulodda va shunga oʻxshash kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻrilishi talab etiladigan hollarda ishlatilgan mablagʻlar toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlariga hisobot berish sharti bilan qoʻshimcha manbalarni yoʻnaltirish boʻyicha qarorlar qabul qiladi.
127-modda. Davlat budjetining daromadlari va xarajatlarini boshqarish
Joriy moliya yili uchun moʻljallangan Davlat budjeti taqchilligining tasdiqlangan cheklangan miqdori ortgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga Davlat budjeti xarajatlarini qisqartirish toʻgʻrisida takliflar kiritadi.
Davlat budjeti xarajatlarini qisqartirishda xarajatlarning ustuvorligi va ijtimoiy yoʻnaltirilganligi budjet tashkilotlarining va budjet mablagʻlari oluvchilarning qabul qilingan yuridik hamda moliyaviy majburiyatlari hisobga olingan holda baholanadi.
Joriy moliya yili uchun moʻljallangan Davlat budjeti taqchilligining tasdiqlangan cheklangan miqdori ortgan taqdirda, sudlar faoliyatini moliyalashtirish xarajatlarini qisqartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek tumanlar va shaharlar Kengashlari oʻz budjetlarining balansliligi buzilishiga va Davlat budjeti taqchilligining tasdiqlangan cheklangan miqdori oshishiga olib keladigan tegishli budjet daromadlarini qisqartirishga yoki xarajatlarini koʻpaytirishga qaratilgan biror-bir qaror qabul qilishga haqli emas.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari qabul qilinganidan keyin moliya yili mobaynida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek tumanlar va shaharlar Kengashlarining tegishli budjet daromadlari qisqarishiga olib keladigan qarorlari tegishli budjet xarajatlari qisqartirilgan taqdirdagina qabul qilinishi mumkin.
Agar Davlat budjeti qabul qilinganidan keyin moliya yili mobaynida tegishli budjetlarning daromadlari va xarajatlari parametrlarini koʻpaytirish yoki kamaytirish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilinsa, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya organlari tomonidan tegishli darajadagi budjetlar hajmlariga oʻzgartirishlar kiritiladi. Xarajatlarni koʻpaytirish yoki qisqartirish barcha darajadagi budjetlar oʻrtasida oʻzaro hisob-kitoblar yoʻli bilan amalga oshiriladi.
128-modda. Ijro hujjatlari boʻyicha undiruvni Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlariga qaratish
Undiruvni Davlat budjeti mablagʻlariga qaratishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlarini ijro etish iqtisodiyot va moliya organlari tomonidan tegishli budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Ijro hujjatlari boʻyicha tegishli budjetdan mablagʻlar olish uchun ijro hujjatida kimning foydasiga budjet mablagʻlari oʻtkazilishi nazarda tutilgan boʻlsa, oʻsha shaxslar yoxud ularning vakillari (bundan buyon matnda undiruvchilar deb yuritiladi) tegishli iqtisodiyot va moliya organlariga ijro hujjatining asl nusxasini ilova qilgan holda ariza taqdim etadi. Arizada budjet mablagʻlari oʻtkazilishi talab qilinayotgan undiruvchining bank hisobvaragʻi koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
Ijro varaqasi yoki sud buyrugʻi sudyaning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan elektron hujjat tarzida axborot tizimi orqali taqdim etilishi mumkin.
Iqtisodiyot va moliya organi ijro hujjati kelib tushgan kundan eʼtiboran belgilangan tartibda uning ijro etilishini taʼminlaydi.
Undiruvni davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlariga qaratishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlarini ijro etish davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda amalga oshiriladi.
129-modda. Ijro hujjatlari boʻyicha budjet tashkilotlarining moliyaviy majburiyatlarini bajarish
Budjet tashkilotlarining moliyaviy majburiyatlari boʻyicha undiruvni nazarda tutuvchi ijro hujjatlarini ijro etish sud hujjatlarini va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq, ushbu moddada belgilangan oʻziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda davlat ijrochilari tomonidan amalga oshiriladi. Budjet tashkilotlaridan ijro yigʻimi undirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Budjet tashkilotlarining moliyaviy majburiyatlari boʻyicha undiruvni nazarda tutuvchi ijro hujjatlarini ijro etish:
birinchi navbatda budjet tashkilotining budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan (bundan “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi” mustasno);
toʻlanishi lozim boʻlgan qarz budjet tashkilotining xarajatlar smetasi boʻyicha xarajatlar moddasiga muvofiq boʻlganda — budjetdan ajratiladigan mablagʻlar hajmi doirasida amalga oshiriladi.
130-modda. Qabul qilingan Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari mavjud boʻlmaganda budjetni ijro etish tartibi
Agar kelgusi moliya yili uchun Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari yil boshlanguniga qadar qabul qilinmagan boʻlsa, Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari quyidagi shartlarga rioya etilgan holda ijro etiladi:
oʻtgan moliya yilida amalda boʻlgan soliqlar, yigʻimlar va davlat bojlari, shuningdek soliq boʻlmagan toʻlovlarni taqsimlash normativlari saqlab qolinadi;
Agar kelgusi moliya yili uchun Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari yil boshlanguniga qadar qabul qilinmasa, boshlanayotgan moliya yilida Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining oʻtgan moliya yilining oxirgi choragidagi ajratilgan mablagʻlar doirasida xarajat qilinadi.
Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari moliya yili boshlanganidan keyin qabul qilingan taqdirda, moliya yili mobaynida xarajatlarning umumiy summasi qabul qilingan Davlat budjetiga va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlariga muvofiqlashtirilishi kerak.
131-modda. Joriy moliya yilini yakunlash
Joriy moliya yilining budjet tizimi budjetlariga tushumlarni kiritish bilan bogʻliq boʻlgan barcha operatsiyalari joriy moliya yilining oxirgi ish kunida yakunlanadi.
Davlat budjetiga va davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlariga kelgusi yilda kiritilgan daromadlar yangi boshlangan yil daromadlari hisoblanadi.
Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari daromadlari boʻyicha tranzit hisobvaraqlariga joriy yilning oxirgi ish kuni tugaguniga qadar kiritilgan va yangi boshlangan yilning uch ish kuni mobaynida Yagona gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkazilgan daromadlar oʻtgan yilning daromadlari hisoblanadi.
Joriy yilning Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlaridan barcha toʻlovlar moliya yiliga qoʻshimcha vaqt davri tugaganidan soʻng yakunlanadi.
Qoʻshimcha vaqt davrida joriy moliya yili uchun Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarini ijro etish boʻyicha operatsiyalar, shu jumladan:
budjetlararo munosabatlarni tartibga solish;
budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning kreditorlik qarzlarini toʻlash;
budjet tashkilotlari tomonidan iqtisod qilingan mablagʻlar summalarini budjet tashkilotlarining rivojlantirish jamgʻarmalariga (tibbiyot tashkilotlarining moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmalariga) oʻtkazish;
Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari mablagʻlari hisobidan boshqa ruxsat etilgan toʻlovlar amalga oshiriladi.
Budjetlararo munosabatlarni tartibga solish yuqori va quyi turuvchi budjetlar, shuningdek davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari oʻrtasidagi oʻzaro qarzdorlikning jami summasi toʻlanishini nazarda tutadi.
Oʻtgan yilni yakunlash boʻyicha qoʻshimcha vaqt davrida muayyan toʻlovlarni amalga oshirish tartibi va muddatlari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
20-bob. Budjetlararo munosabatlar
132-modda. Budjetlararo munosabatlar tushunchasi
Budjetlararo munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari, Toshkent shahrining shahar budjeti, tumanlar, shaharlar budjetlari, shuningdek davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari oʻrtasidagi ushbu Kodeks bilan tegishli budjetlarga biriktirilgan xarajatlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan tegishli budjetlarni moliyaviy resurslar bilan taʼminlashga doir munosabatlardir.
Budjet jarayonida:
Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining tumanlar va shaharlar budjetlari bilan;
davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining tumanlar va shaharlar budjetlari bilan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining bir-biri bilan, shuningdek boshqa maʼmuriy-hududiy birlikning tumanlari va shaharlari budjetlari bilan;
tumanlar va shaharlar budjetlari oʻrtasida oʻzaro munosabatlariga yoʻl qoʻyilmaydi.
133-modda. Budjetlarning darajalari oʻrtasida daromadlar va xarajatlarni oʻtkazish
Daromadlarni kompensatsiya qilish yoki xarajatlarni qoplash Davlat budjetini ijro etish jarayonida ushbu Kodeksning 138-moddasida nazarda tutilgan, quyi turuvchi budjetlarning daromadlarini va (yoki) xarajatlarini kamaytirishga yoxud koʻpaytirishga olib keladigan hollarda oʻzaro hisob-kitoblar boʻyicha mablagʻlarni ajratish yoki olib qoʻyish orqali majburiy tartibda amalga oshiriladi.
134-modda. Budjetlararo transfertlar
Budjetlararo transfertlar subvensiyalar, oʻtkazib beriladigan daromadlar, dotatsiyalar, budjet ssudasi oʻzaro hisob-kitoblar boʻyicha mablagʻlar, tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar va maqsadli ijtimoiy transfertlar shaklida amalga oshiriladi.
Budjetlararo transfertlarning hajmlari:
joriy moliya yilida turli darajadagi budjetlar daromadlari va xarajatlari oʻzgarishiga sabab boʻluvchi qonunchilik hujjatlari qabul qilinganda;
tegishli barcha soliqlarning, yigʻimlarning, davlat bojlarining va soliq boʻlmagan toʻlovlarning toʻliq tushishidan hamda budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning oʻzlashtirilishidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Budjetlararo transfertlarni moliyalashtirish tegishli budjetlar va davlat maqsadli jamgʻarmalarining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi, ushbu mablagʻlar oʻtkazib berilgan budjetlar va davlat maqsadli jamgʻarmalarining daromadlarini shakllantirish manbasi hisoblanmaydi.
Budjetlararo transfertlar tegishli budjetlar va davlat maqsadli jamgʻarmalarining xarajatlari tarkibiga kiritilmaydi, ularning hisobi alohida yuritiladi hamda ular Davlat budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotda aks ettiriladi.
Budjetlararo transfertlarni hisobga olish tegishli budjetlar va davlat maqsadli jamgʻarmalarining daromadlari va xarajatlarida alohida balansdan tashqari hisobvaraqlarda aks ettirilgan holda amalga oshiriladi.
Yuqori turuvchi iqtisodiyot va moliya organi tashabbusi bilan yuqori turuvchi budjet quyi turuvchi budjet oldidagi budjetlararo transfertning bir shakli boʻyicha majburiyatlari quyi turuvchi budjetning yuqori turuvchi budjet oldidagi budjetlararo transfertning boshqa shakli boʻyicha majburiyatlarini kamaytirish evaziga hisobga olinishi mumkin.
135-modda. Subvensiyalar
Subvensiyalar asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozi va Davlat budjetining asosiy parametrlari tasdiqlanayotganda belgilangan xarajatlarni amalga oshirish uchun ajratiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga beriladigan subvensiyalarning miqdorlari Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi qabul qilinayotganda belgilanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjetidan tumanlar va shaharlar budjetlariga beriladigan subvensiyalarning miqdorlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari toʻgʻrisidagi qarorlar qabul qilinayotganda belgilanadi.
Foydalanilmagan subvensiyalar joriy moliya yili oxirida tegishli yuqori turuvchi budjetga qaytarilishi kerak.
136-modda. Oʻtkazib beriladigan daromadlar
Tegishli maʼmuriy-hududiy birliklar hududida shakllantiriladigan va yuqori turuvchi budjetga oʻtkaziladigan daromadlar ular qaysi maʼmuriy-hududiy birlikda shakllantirilgan boʻlsa, oʻsha maʼmuriy-hududiy birlik budjetiga oʻtkazib berilishi mumkin.
Oʻtkazib beriladigan daromadlarning umumiy hajmi:
Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan quyi turuvchi budjetlarga — Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi qabul qilinayotganda;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan tumanlar va shaharlar budjetlariga — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari toʻgʻrisidagi qarorlar qabul qilinayotganda tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan quyi turuvchi budjetlarga tushumlari oʻtkazib beriladigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning hamda ular tomonidan toʻlanadigan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning turlari roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda tasdiqlanadi.
https://neolex.uz/uz/laws/law-2304140
