70-modda. Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining xarajatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksi · Sana: 26.12.2013 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan quyidagi xarajatlar amalga oshiriladi:
1) ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash xarajatlari, shu jumladan:
maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta taʼlim, oʻrta maxsus, professional taʼlim, oliy taʼlim, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim, qoʻshimcha taʼlim, kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tashkilotlari, bolalar uylari, davlat taʼlim tashkilotlarini axborot-uslubiy jihatdan taʼminlash muassasalari, vazirliklar va idoralar tasarrufidagi davlat taʼlim tashkilotlari, boshqa yordamchi muassasalarni saqlab turish, shuningdek qonunchilikda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtirilishi nazarda tutilgan taʼlim tizimi tadbirlarining xarajatlari;
respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi, OITSga qarshi kurashish respublika markazi, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati, karantin va oʻta xavfli infeksiyalar profilaktikasi, ilmiy-tadqiqot institutlari va davlat oliy taʼlim tashkilotlarining klinikalari, qon quyish xizmati va sud-tibbiyot ekspertizasi respublika muassasalari, respublika vazirliklari va idoralari tasarrufidagi boshqa davolash-profilaktika muassasalari hamda yordamchi tashkilotlarni saqlab turish, shuningdek qonunchilikda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtirilishi nazarda tutilgan xizmatlar haqini toʻlash xarajatlari;
qonunchilikka muvofiq ayrim toifadagi fuqarolarga tibbiy xizmatlar koʻrsatilganligi uchun respublika ixtisoslashtirilgan markazlari xarajatlarining oʻrnini qoplash (subsidiyalar);
qabul qilingan davlat dasturlariga muvofiq fuqarolarning sogʻligʻini saqlash tadbirlarini amalga oshirish xarajatlari;
respublika vazirliklari va idoralari tasarrufidagi madaniyat, jismoniy tarbiya va sport muassasalarini saqlab turish, tele- va radiodasturlar yaratish hamda ularni tarqatishga doir xizmatlar taʼminoti va ularga haq toʻlash, hukumatning alohida qarorlariga koʻra ommaviy axborot vositalarini saqlab turish, kino- va videomahsulotlar yaratish, madaniy meros obyektlarida restavratsiya ishlarini bajarish, tasdiqlangan kalendar rejalarga muvofiq madaniyat va sportni rivojlantirish boʻyicha qonunchilikda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtirilishi nazarda tutilgan maqsadli tadbirlar xarajatlari;
fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsiya ishlarining davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida grantlar boʻyicha amalga oshiriladigan ilmiy-texnik loyihalar, noyob ilmiy obyektlarni va fanga xizmat koʻrsatuvchi muassasalarni saqlab turish, ilmiy loyihalar ekspertizasini oʻtkazish hamda qonunchilikka muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti hisobidan amalga oshiriladigan fanga doir alohida tadbirlar xarajatlari;
