9-modda. Garov reyestriga yozuv kiritish
Garov reyestri toʻgʻrisida (O‘RQ-356-son) · Sana: 23.10.2013 · Amalda
Garov reyestriga yozuv kiritish foydalanuvchi tomonidan elektron shaklda amalga oshiriladi.
Garov reyestriga kiritilayotgan yozuv quyidagilarni oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak:
qarzdor yoki pul talabnomasidan voz kechuvchi shaxs va kreditor toʻgʻrisidagi axborot (jismoniy shaxslar uchun — familiyasi, ismi, otasining ismi va jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami yoki yuridik shaxslar uchun — nomi, tashkiliy-huquqiy shakli va soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami);
qarzdorning mol-mulki, yer uchastkasini ijaraga olish huquqi va kreditorning bu mol-mulkka yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqiga boʻlgan huquqlari tavsifi, pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasi uchun esa — voz kechilgan pul talabnomasining tavsifi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismiga muvofiq kiritilgan yozuv uni kiritish vaqti va sanasi koʻrsatilgan hamda unga yagona roʻyxatdan oʻtkazish raqami berilgan holda avtomatik ravishda garov reyestrida qayd etiladi.
Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, garov reyestriga yozuvni kiritish vaqti va sanasi kreditorning qarzdor oʻz majburiyatlarini bajarmagan hollarda boshqa kreditorlar va uchinchi shaxslardan oldin undiruvni qarzdorning mol-mulkiga shuningdek yer uchastkasini ijaraga olish huquqiga qaratishga, boshqa talablarni qanoatlantirishga boʻlgan navbatini, imtiyozli huquqini aniqlash uchun asos boʻladi.
Garov reyestriga yozuv kiritilganligi uchun haq undiriladi, uni undirish shartlari va miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
