8-modda. Garov reyestriga kiritiladigan yozuv
Garov reyestri toʻgʻrisida (O‘RQ-356-son) · Sana: 23.10.2013 · Amalda
Garov reyestriga:
majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash (garov) vositasi sifatida qarzdorlar berib qoʻygan mol-mulkka yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqiga nisbatan kreditorlarning huquqlari, shuningdek qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslardan, shu jumladan ushlab qolish, lizing, pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash, tovarga boʻlgan mulk huquqini tovarning haqi toʻlangunga qadar sotuvchida (kreditorda) saqlab qolgan holda uni sotish, kelajakda muayyan hodisa yuz bergan taqdirda mol-mulkka boʻlgan mulk huquqini, yer uchastkasini ijaraga olish huquqini boshqa shaxsga oʻtkazish, toʻlovni kechiktirgan yoki boʻlib-boʻlib toʻlagan holda tovarlarni olish-sotishdan yuzaga keladigan huquqlar toʻgʻrisidagi;
undiruvni qarzdorning mol-mulkiga yer uchastkasini ijaraga olish huquqiga qaratish toʻgʻrisida sudning qonuniy kuchga kirgan qarori toʻgʻrisidagi;
qarzdorning mol-mulkni tasarruf etish va undan foydalanishga doir huquqlarini cheklash (servitut, mol-mulkni xatlash, bank hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish) toʻgʻrisidagi;
qarzdorning soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzlarini toʻlash toʻgʻrisidagi talablar toʻgʻrisidagi;
qarzdorning taʼminlangan majburiyati bajarilmagan taqdirda yuzaga keladigan boshqa talablar toʻgʻrisidagi yozuv kiritiladi.
