10-modda. Garov reyestriga yozuv kiritish shartlari
Garov reyestri toʻgʻrisida (O‘RQ-356-son) · Sana: 23.10.2013 · Amalda
Kreditor sifatida qatnashayotgan foydalanuvchi tomonidan yozuv kiritish qarzdorning yoki pul talabnomasidan voz kechuvchi shaxsning roziligi bilan amalga oshiriladi. Qarzdorning yoki pul talabnomasidan voz kechuvchi shaxsning roziligi qarzdorning yoki pul talabnomasidan voz kechuvchi shaxsning identifikatsiya maʼlumotlari, shuningdek kreditorning qaysi mol-mulkka huquqi yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi boʻlsa, oʻsha mol-mulk yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi koʻrsatilgan holda elektron hujjat tarzida yoki qogʻozda rasmiylashtiriladi. Qarzdorning yoki pul talabnomasidan voz kechuvchi shaxsning yozma roziligi garov reyestridan yozuv chiqarib tashlanguniga qadar kreditorda saqlanishi kerak.
Sudning undiruvni qarzdorning mol-mulkiga yer uchastkasini ijaraga olish huquqiga qaratish toʻgʻrisidagi qonuniy kuchga kirgan qarori toʻgʻrisida yozuv kiritish yoxud kiritilgan yozuvdan mol-mulkning bir qismini chiqarib tashlash yoki undagi axborotni oʻzgartirish kreditor tomonidan qarzdorning roziligisiz amalga oshiriladi.
Qarzdorning zimmasida soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzlar boʻlgan taqdirda, davlat soliq va bojxona xizmati organlari qarzdorning roziligisiz yozuv kiritadi.
Tergov va surishtiruv organlari qarzdorning mol-mulkni tasarruf etish va undan foydalanishga doir huquqlarini cheklash (mol-mulkni xatlash, bank hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish) toʻgʻrisida oʻz vakolatlari doirasida qarorlar qabul qilgan taqdirda, qarzdorning roziligisiz yozuv kiritadi.
Agar qarzdor yoki pul talabnomasidan voz kechuvchi shaxs yozuvni noxolis va ishonchsiz deb hisoblasa va kreditor uni chiqarib tashlashni yoki oʻzgartirishni rad etsa, kiritilgan yozuvga doir eʼtirozlar qarzdor yoki pul talabnomasidan voz kechuvchi shaxs sifatida qatnashayotgan foydalanuvchi tomonidan garov reyestriga kiritiladi.
