26-modda. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi yakunlarini chiqarish
“Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-351-son) · Sana: 22.04.2013 · Amalda
Ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning yarmidan koʻprogʻi ovozini olgan nomzod fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchisi lavozimiga saylangan deb hisoblanadi.
Fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi yakunlari boʻyicha qaror qabul qiladi, mazkur qaror fuqarolar yigʻinida (fuqarolar vakillarining yigʻilishida) raislik qiluvchi tomonidan oʻqib eshittiriladi.
Fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) bayonnomasi ikki nusxada tuzilib, bir nusxasi saylov yakunlarini umumlashtirish uchun tegishli tuman va shahar komissiyasiga taqdim etiladi.
Tegishli tuman va shahar komissiyalari fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi yakunlariga doir umumlashtirilgan maʼlumotlarni yuqori turuvchi komissiyaga topshiradi.
