25-modda. Sanoq komissiyasining bayonnomasi
“Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-351-son) · Sana: 22.04.2013 · Amalda
Ovozlarni sanash natijalari boʻyicha sanoq komissiyasi tomonidan bayonnoma tuziladi va bayonnoma sanoq komissiyasining raisi hamda aʼzolari tomonidan imzolanadi.
Sanoq komissiyasining bayonnomasida quyidagilar koʻrsatiladi:
fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) ishtirokchilarining umumiy soni;
ovoz berishda qatnashgan fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) ishtirokchilarining soni;
yashirin ovoz berish oʻtkazilganida byulleten olgan fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) ishtirokchilarining soni;
fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilari lavozimiga har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar soni;
yashirin ovoz berish oʻtkazilganida haqiqiy emas deb topilgan byulletenlar soni.
Sanoq komissiyasining bayonnomasi sanoq komissiyasining raisi tomonidan oʻqib eshittiriladi va fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) tomonidan tasdiqlanadi.
