15-modda. Ishchi guruhning vakolatlari
“Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-351-son) · Sana: 22.04.2013 · Amalda
Ishchi guruh:
fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) oʻtkaziladigan sana, vaqt va joyni belgilaydi hamda uni oʻtkazishdan kamida besh kun oldin bu haqda tegishli hududda yashovchi fuqarolarni xabardor qiladi;
hovlilar, uylar, koʻchalar hamda shaharchalardagi, qishloqlardagi va ovullardagi mahallalar aholisining fuqarolar vakillari saylovi boʻyicha umumiy yigʻilishlarini tashkil etadi va oʻtkazadi;
hovlilar, uylar, koʻchalar hamda shaharchalardagi, qishloqlardagi va ovullardagi mahallalar aholisi umumiy yigʻilishining ishtirokchilarini roʻyxatga oladi hamda fuqarolarning saylangan vakillari haqidagi maʼlumotlarni koʻrsatgan holda aholining umumiy yigʻilishi bayonnomasini tuzadi;
tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolarning fikrini hisobga olgan holda tegishli komissiyaga taqdim etish uchun fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari lavozimiga nomzodlar boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazish masalalari yuzasidan aholi oʻrtasida tushuntirish ishlarini olib boradi;
fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilarining takroriy saylovi, shuningdek boʻshab qolgan oʻrinlarga fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi oʻtkazilishini tashkil etadi;
fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazish masalalariga doir fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqadi.
Ishchi guruh qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
