16-modda. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar koʻrsatish
“Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-351-son) · Sana: 22.04.2013 · Amalda
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar koʻrsatish tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolarning fikri inobatga olingan holda ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi.
Ishchi guruh fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlarga doir hujjatlarni tayyorlaydi va tuman yoki shahar hokimi bilan kelishish uchun tegishli komissiyaga saylovdan kamida oʻn kun oldin taqdim etadi. Hujjatlarga fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlarning oʻz nomzodi koʻrsatilishiga yozma roziligi ilova qilinadi.
Tuman yoki shahar hokimi fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) lavozimiga taqdim etilgan nomzodlarning hujjatlarini koʻrib chiqadi va oʻzining ushbu nomzodlar boʻyicha asoslantirilgan xulosalarini keyinchalik ishchi guruhlarga topshirish uchun tegishli komissiyalarga yuboradi.
Ishchi guruh tuman yoki shahar hokimining xulosasini olganidan keyin fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) lavozimiga kelishilgan nomzodlar haqidagi axborotni saylovdan kamida besh kun oldin fuqarolar yigʻini binosiga va guzarlarga osib qoʻyadi.
