23-modda. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi organga kiritish
“Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-342-son) · Sana: 24.12.2012 · Amalda
Tayyorlangan normativ-huquqiy hujjat loyihasi normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi organga Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining huquqiy ekspertiza yakunlari boʻyicha xulosasi va tushuntirish xati bilan kiritilib, unda hujjatni qabul qilishning zarurligi asoslanadi, ishlab chiquvchilar koʻrsatiladi, normativ-huquqiy hujjat mazmunining qisqacha tavsifi beriladi, loyiha kelishilgan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning roʻyxati keltiriladi, normativ-huquqiy hujjat loyihasi boʻyicha kelishmovchiliklarning mazmuni hamda ular haqidagi asoslantirilgan fikr qisqacha bayon etiladi. Zarurat boʻlganda, normativ-huquqiy hujjat loyihasiga uni asoslash uchun moliyaviy-iqtisodiy hisob-kitoblar, statistika maʼlumotlari va boshqa maʼlumotlar ilova qilinadi.
Ishlab chiquvchi qonun loyihasini kiritayotganda xalqaro hujjatlarning va chet el mamlakatlari qonun hujjatlarining, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining tegishli qoidalarini, tegishli xalqaro tajribani Oʻzbekiston Respublikasi sharoitida qoʻllash maqbulligi toʻgʻrisidagi asosli takliflarni ketma-ketlik tartibida koʻrsatgan holda tahliliy qiyosiy jadvallarni tayyorlashi shart.
Xalqaro hujjatlar va chet el mamlakatlari qonun hujjatlarining prinsiplari, qoidalari hamda taʼriflarining tayyorlangan batafsil tahlilini oʻz ichiga olgan qiyosiy jadvalsiz kiritilgan qonun loyihasi koʻrib chiqilmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari huquqiy ekspertiza yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining xulosasi mavjud boʻlgan taqdirda koʻrib chiqiladi
