22-modda. Normativ-huquqiy hujjat loyihasining huquqiy ekspertizasi
“Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-342-son) · Sana: 24.12.2012 · Amalda
Huquqiy ekspertiza davomida normativ-huquqiy hujjat loyihasining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, unga nisbatan yuqori yuridik kuchga ega boʻlgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqligi, shuningdek havola qiluvchi normalar qoʻllanilishining asosliligi hamda maqsadga muvofiqligi tekshiriladi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining huquqiy ekspertizasi ishlab chiquvchining yoki normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi organning yuridik xizmati, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa tashkilotlar tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq oʻtkazilishi mumkin. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining huquqiy ekspertizasini boshqa turdagi ekspertizalar oʻtkazilganidan keyin amalga oshiradi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari loyihalarining huquqiy ekspertizasi tegishli adliya organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) adliya boʻlimlari normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining huquqiy ekspertizasi davomida mazkur loyihalarning ularda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimida korrupsiya, boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishi uchun sharoit yaratadigan, shuningdek tadbirkorlik subyektlari uchun asossiz xarajatlar qilishga olib keluvchi ortiqcha maʼmuriy cheklovlarni hamda boshqa cheklovlarni joriy etadigan qoidalar va normalar bor-yoʻqligini aniqlash nuqtai nazaridan tahlilini ham amalga oshiradi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazish tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.
